O'zbekiston Prezidentining «Yangi O'zbekistonning 2022–2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasi to'g'risida»gi farmoni loyihasida jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik muhitini mustahkamlashga doir qator vazifalar belgilanmoqda, deb xabar qilayapti «Dunyo» AA.
Hujjatda milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qayd etilgan. Unga ko'ra, millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasi izchil amalga oshiriladi. Qayd etilishicha, turli millat yoshlari uchun qo'shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag'rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati yuksaltiriladi.
Bundan tashqari, xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo'shimcha qo'llab-quvvatlash choralari ishlab chiqiladi.
Farmon loyihasida, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida do'stlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati