Kecha, 14 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Finlandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil hazrat Belyayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Fin yurtining din peshvolari ayni kunlarda mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 16 noyabr – "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar.
Muloqotda O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, o‘tgan oyda Finlyandiya Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga ko‘targani, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, turizm sohalarida hamkorlik rivojlanib borayotgani, xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyacining Finlandiyaga safari juda ham samarali kechganiga urg‘u berildi.
Finlandiya delegatsiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik borasidagi ishlarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tib, tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati