Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Ne'matlarning ichida eng buyuklaridan biri esa – tinchlikdir.

14.01.2022   2044   7 min.
Ne'matlarning ichida eng buyuklaridan biri esa – tinchlikdir.

Hayot kechirishimiz uchun Alloh taolo ato etgan ne'matlar shunday behisobki, ularni sanab adog'iga etib bo'lmaydi. Bularning shukrini ado etish esa har bir kishining bandalik burchi hisoblanadi. Shukronalik eng avvalo, Alloh azza va jallaga taqvo qilishda, unga toat va ilitjoda bo'lishdadir.

Teran fikr yuritib ko'rsak, bizga ato etilgan ne'matlarining zavol topishiga noshukrlik, gunoh kabi amallarimiz sabab bo'ladi. Zero, bu borada Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukur qisangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim, 7).

Ne'matlar shukri, uni qay tarzda ado etish borasida Payg'ambarimiz callallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday deganlar: “To'rt narsa kimga berilgan bo'lsa, dunyo va oxirat yaxshiligi berilibdi: zikr qiluvchi til, shukr qiluvchi qalb, sabrli badan va soliha xotin”.

Ne'matlarning ichida eng buyuklaridan biri esa – tinchlikdir. Uning qadriga shukronalik bilan etiladi. Uni asrab avaylash har bir musulmon kishining zimmasidagi burch bo'lish bilan birga, payg'ambarlarning sunnatidir.

Hadisi sharifda “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”, deyilgan.
Har bir inson yashashi, Allohga xotirjam ibodat qilishi, ishlashi uchun tinchlik darkor. Rivoyatlarga ko'ra, Harim Naimdan Hajjoj ibn Yusuf so'radi: “Ne'mat nima?”  U  “Tinchlik, chunki men xavfsiragan kishining hayotidan manfaatlanganini ko'rmadim”, deb javob bergan ekan.

Tarixda tinchlikni buzilishiga aksar xollarda jamiyatni diyonatdan uzoqlashgani, Ma'naviyatga e'tiborsizligi sabab bo'lgani kuzatiladi. Shunga ko'ra, tinchlikni saqlash maqsadida, bugun, barchalarimiz jipslashib,yosh avlodni yuksak m'anaviyatli, dinu-diyonatli, milliy g'urur va iftixor ruhida tarbiyalab borishimiz zarur.

Tinchlikni saqlaydigan omillardan yana biri – to'g'ri tafakkur. Zero, to'g'ri fikrlash barchani har xil buzuq e'tiqodlardan, noto'g'ri yo'llarga kirib qolishdan asraydi. Odamlar orasida fahsh, yomon illatlar, begona yot g'oyalar tarqalishini oldini oladi.

Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida xadisi sharifda ham aytib o'tilgan. Rasuli akram (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida  bir kunlik taomi bor holda tong ottirsa unga dunyo to'lig'icha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, Alloh taoloning ulug' ne'mati bo'lmish tinchlikdan hamma ham birdek bahramand bo'layotgani yo'q. Dunyoning turli burchaklarida urushlar, nohaq qon to'kishlar eki tabiiy ofatlar tufayli xotirjamligini yo'qotgan xalqlar ham bor.

Qur'oni karimning Moida surasi 2-oyatida: “...Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz...”, deyilgan. Bu oyati karimadan ezgu niyat yo'lida hamkorlik qilish er yuzida tinchlik barqaror bo'lishining bosh omili ekani ma'lum bo'ladi.

Halq orasida fitna qo'zg'atish, tuhmat va ig'vo tarqatish yo'lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Bunday harakatlar islom dinining mohiyatiga mutlaqo zid ekani Qur'oni karimning Baqara surasi 191-oyatidagi “...Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir...”, degan ko'rsatmada yanada oydinlashadi.

Ogoh va hushyor bo'lib yashash, tinchlikni ta'minlash turli xil ko'ngilsizliklar va xavfu xatarlarning oldini olishning zaruriy shartidir. Zero, g'ofillik va beparvolik turli noxushliklarga zamin yaratadi.
Bugungi zamonning o'zi voqelikka ochiq ko'z bilan, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, hushyor qarashni, jahonda va yon-atrofimizda tobora kuchayib borayotgan keskinlik va xatarlarni to'g'ri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda. Shu bois yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod ongida dunyo va mintaqamizda ro'y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy va siyosiy o'zgarishlar haqida biryoqlama va soxta tasavvur paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaslik masalasi nihoyatda dolzarb sanaladi.

Ahillik har qanday mamlakatning taraqqiyoti va xalq farovonligining asosidir. Alloh insonlarni turli millat qilib yaratish bilan birga, ularni tinch-totuv, ahil yashashlarini xohlaydi. Shu o'rinda Imom Buxoriyning quyidagi hadisini keltirib o'tishimiz joiz: Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilindi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringiz bilan achchiqlashmang, hasad qilmang, teskari qarab ketmang. Ey, Alloh taoloning bandalari! Bir-birlaringiz bilan aka-uka bo'linglar. Hech bir musulmon kishi o'z birodaridan uch kechadan ortiq arazlab yurishi joiz emasdir”, dedilar.

Shu o'rinda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuruddin Holiqnazarov hazratlarining “Yangi O'zbekiston” gazetasida chop etilgan “Ahillik va hamjihatlik – osuda hayot, farovon turmush poydevori” nomli maqolasida bildirilgan fikrlaga xalqimiz e'tiborini yana bir bor qaratishlarini so'ragan bo'lar edim. Chunki, bugungi osuda hayotimiz qadri, uni asrab avaylashning ahamiyati, bu borada o'zaro ahil va inoqlikning zarurligi xususida chuqur ma'noli fikrlar bildirilgan. Unda jumladan, “Demak, yurtdagi tinchlik va barqarorlik xalqimiz farovonligi asosidir. Inson o'ziga berilgan ne'matning qadrini mulohaza qilish va mushohada yuritish orqali, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o'ylab ko'rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko'proq shukr qilishga undaydi. Tinchlik va barqarorlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardir”, deyilishi orqali shukr fazilatining ko'plab jihatlari bayon qilingan.

Maqolada bildirilganidek biz din peshvolari, ulamolar va  imom-xatiblar ham o'z oldimizga qat'iy maqsadlarni qo'ygan holda, tinchlikni ta'minlashga daxldorlik hissini chuqur anglashimiz va munosib hissamizni qo'shishimiz zarur.

 

Samarqand viloyati bosh imom xatibi – Zayniddin Eshonqulov

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   17062   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV