Vatan himoyasi – sharaf
So'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos o'zgarishlar, yangilanish va bunyodkorlik ishlari butun jahon afkor ommasining haqli e'tiroflariga sazovor bo'lmoqda. Albatta, bunday yutuqlar, muvaffaqiyatlar zamirida, hech shubhasiz, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik mujassam.
Tinchlik Alloh taoloning shunday totli ne'matiki, u bo'lmasa, odamlardan huzur-halovat, xonadonlardan baraka, oilalardan qut, jamiyatdan mehr, yurtdan ma'murlik, Yer yuzidan fayz ko'tariladi. Dunyo rangsiz, jilosiz, nursiz va ziyosiz bo'lib qoladi.
Bejiz Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir»(Baqara surasi, 208-oyat), deb marhamat qilmagan.
Mufassirlar oyati karimadagi “silm” so'zini turlicha tafsir qilishgan. Ibn Abbos, Mujohid va Tovus rahimahumulloh “silm” so'ziga “Islom” deb ma'no berishgan. Imom Zahhok, Abul Oliya va Rabi' ibn Anas rahimahumalloh “itoat” ekanini ta'kidlaydi. Zero, “Islom”ning ma'nolaridan biri itoat, bo'ysunishdir.
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tinchlik va xotirjamlik haqida bunday deganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug' ne'matdirki, bundan ko'p odamlar bebahradirlar”(Imom Buxoriy rivoyati).
Afsuski, Alloh taoloning ulug' ne'mati bo'lmish tinchlikdan hamma ham birdek bahramand bo'layotgani yo'q. Dunyoning turli burchaklarida terrorchilar nohaq qonlar to'kayapti. Bunday mudhish voqealarning qabih niyatli buzg'unchi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi butun dunyo tinchliksevar xalqlari qatori O'zbekiston xalqining qalbini ham qattiq larzaga soladi.
Biz har qanday buzg'unchilikka, qon to'kilishiga, xudkushlikka, qo'poruvchilikka, terrorizmga qarshimiz. Uning mudhish jinoyatlarini qattiq qoralaymiz.
Dinimizda nafaqat urush, balki har qanday shakldagi zo'ravonlik, fitna-fasod, buzg'unchilik, qo'poruvchilik, qaroqchilik, begunoh kishilarning qonini to'kish, nohaq odam o'ldirish qat'iyan man etiladi. Qur'oni karimda insonlar tinchini buzgan kimsalar haqida bunday deyiladi: «Ularga: “Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmangiz!” deyilsa, ular: “Albatta, biz chin islohchilarmiz”, deydilar. Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar»(Baqara surasi, 11–12-oyatlar); «(Oldingizdan) ketganida erda fitna-fasod, ekin va naslni halok qilish ishlari bilan yuradi. Alloh esa, fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi»(Baqara surasi, 205-oyat).
Musulmon kishi har doim ogoh va hushyor bo'lishi zarur. Ayniqsa, bugun dunyo ko'zdagi halqalangan bir tomchi yoshdek omonat turgan paytda ko'zimizni kattaroq ochishimiz, yon-atrofimizda bo'layotgan voqea-hodisalardan to'g'ri xulosa chiqarib, g'araz niyatli kishilarning tuzog'iga aslo ilinmasligimiz kerak.
Yaqinda qo'shni davlat – Qozog'istonda sodir bo'lgan voqealarni ko'rdik, kuzatdik. Arzimas maishiy, ijtimoiy sabab tufayli butun mamlakat aholisining tinchi buzildi, ko'plab moddiy va ma'naviy zararlar, talafotlar ko'rildi. Eng yomoni, namoyishlarda ishtirok etgan yoshlarning ko'pchiligi nima uchun olomonga qo'shilganining farqiga ham borishmadi. Hatto dini bir, tili bir, bir xalq, bir millat bir-biriga qarshi qurol ko'tardi. Oqibatini esa barchaga ayon.
Muqaddas dinimizda musulmonning musulmonga qarshi qurol ko'tarishi mutlaqo mumkin emas. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday ogohlantirdilar: “Kim bizlarga qarshi qurol ko'tarsa, u biz(Islom ahli)dan emas”(Imom Ibn Moja rivoyati).
Alloh taolo bandalarni o'zaro tinchlikka da'vat etib bunday buyuradi: «Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!..»(Hujurot surasi, 9-oyat).
Halq orasida fitna qo'zg'atish, tuhmat va ig'vo tarqatish yo'lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Bunday harakatlar Islom dinining mohiyatiga mutlaqo zid ekani Baqara surasining 191-oyatidagi “...Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir...”, degan ko'rsatmada yanada oydinlashadi.
Ogoh va hushyor bo'lib yashash, tinchlikni ta'minlash turli ko'ngilsizliklar va xavfu xatarlarning oldini olishning zaruriy shartidir. Zero, g'ofillik va beparvolik turli noxushliklarga zamin yaratadi.
Alloh taolo bandalariga yoppasiga tinchlikka kirish, baxtli yashash va abadiy saodatga erishishlari uchun zarur bo'lgan barcha yo'l-yo'riqlarni ta'lim bergan. Tinchlik, avvalo, har bir kishining o'zidan boshlanadi. Zero, Islom ko'rsatmalariga amal qilgan inson qalbiga tinchlik-xotirjamlik o'rnashadi. So'ngra bu oilaga ko'chadi. Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, u mustahkam hamda bardavom bo'ladi. Dinimizda oilaning tinchligi uchun ham zarur bo'lgan barcha chora-tadbirlar ko'rilgan. Oiladagi tinchlik qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug', mahalla-ko'yga, keyin jamiyatga, so'ng davlatga o'tadi.
Butun dunyoda Islomda ko'zlangan tinchlik o'rnashsa, qalblar taskin topib, kishilar o'rtasida ahil-inoqlik, mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanadi. Shunda barcha insonlar tinch-totuv hayot kechiradi.
Tinchlik haqida ko'p gapiriladi, ma'ruzalar qilinadi. Lekin shu tinchlikni ta'minlab berayotgan Vatan posbonlari, himoyachilari ko'p ham tilga olinavermaydi. Vaholanki, Vatan himoyasi – muqaddas burch, sharafdir. Hadisi sharifda bunday marhamat qilingan: «Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Ikki ko'zni do'zax otashi kuydirmaydi. Alloh taolodan qo'rqib yig'lagan ko'z, Allohning yo'lida tunlari qo'riqchilik qilgan ko'z”, deganlarini eshitdim» (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, biz har yili 14 yanvar' – Vatan himoyachilari kuni arafasida yoki shu bayram munosabati bilan emas, balki bugungi tahlikali davrda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta'minlayotgan posbonlarimizning, huquq-tartibot idoralari xodimlarining haqlariga xayrli duolar qilishimiz, ularga imkoniyat doirasida har doim ko'maklashishimiz shart.
Qayerda tinchlik hukm sursa, o'sha erda fayz-baraka, rivojlanish bo'ladi. O'sha yurt farzandlari kamol topadi. Eng asosiysi, mo'min-musulmonlar emin-erkinlikda ibodatlarini mukammal ado etadilar. Alloh asrasin, oilamizda biror notinchlik yuz bersa, ko'nglimizga to'y-tomosha ham, ko'ngilxushlik ham sig'maydi. Hatto bir luqma taomni ham xotirjam yutolmaymiz.
Tinchlik va xotirjamlik bizga ato etilgan eng ulug' ne'matlardan. Uning qadriga etish uchun mulohaza yuritishimiz, shu ne'mat kimlarga nasib qilganu kimlar undan bebahra qolgani haqida tafakkur qilishimiz kerak. Hullas, barcha ezgu ishlarning ro'yobga chiqishi uchun tinchlik va osoyishtalik kerak. Shunday ekan, nafaqat tinchlikning qadriga etib, shukronasini ham so'zda, ham amalda ado etishimiz zarur. Zero, donishmand xalqimiz yurti tinchning o'zi tinch, deb bejiz aytmagan.
Alloh taolo yurtimizni tinch, posbonlarimizni O'z panohida asrasin!
Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Alloh saltanat berganidan (g‘ururlanib), Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko‘rmaysizmi?! Qaysiki, Ibrohim: «Mening Rabbim tiriltiradi ham, o‘ldiradi ham», – deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va o‘ldiraman», – dedi. Ibrohim aytdi: «Alloh Quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag‘ribdan chiqargin-chi?» Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay. » (Baqara surasi, 258 – oyat).
Qissaning mazmuni
Allohning buyuk payg‘ambari, Ibrohim Xalilulloh bilan o‘zini iloh deb da’vo qilgan Namrud o‘rtasidagi bahs qissaning mazmuni bo‘lib, unda Allohning buyukligini inkor etgan, o‘zini ulkan zot deb hisoblagan bir podshoh bilan bo‘lgan. Ulamolarning aytishicha, bu podshoh Bobil shohidir. Uning ismi Namrud ibn Kan’on ibn Kush ibn Som ibn Nuh bo‘lgan. Boshqalar esa uni Namrud ibn Folix ibn Obir ibn Solix ibn Arfaxshad ibn Som ibn Nuh deb ataganlar.
Rivoyatlarga ko‘ra, u dunyoda to‘rtta podshohlik qilgan zotdan biri bo‘lgan.
Ulardan ikkisi mo‘min, ikkisi kofir edi:
Mo‘minlar – Zulqarnayn va Sulaymon (alayhimussalom). Kofirlar — Namrud va Buxtunnasr (Nabuxodonosor).
Namrud to‘rt yuz yil podshohlik qilib, jaholat va zulmga berilgan, dunyo hayotini afzal ko‘rgan.
Ibrohim (alayhissalom) bilan bahsi
Ibrohim (alayhissalom) uni Allohga ibodat qilishga chaqirganlarida, Namrud kibr va johillik bilan rad etdi. Shunda Ibrohim (alayhissalom):
«Mening Rabbim – tiriltiradi va o‘ldiradi», – dedilar.
Namrud unga javoban dedi: «Men ham tiriltiraman va o‘ldiraman».
Mufassir ulamolardan – Qatoda, Suddiy va Muhammad ibn Is'hoq shunday degan: «Namrud bu so‘z bilan shunday demoqchi bo‘lgan: “Men ikki odamni olib kelaman – bittasini o‘ldiraman, ikkinchisini afv etaman. Shu bilan men ham tiriltirdim va o‘ldirdim», – degan.
Ammo bu javob aslida dalilga qarshi emas, chunki Ibrohim alayhissalomning so‘zi haqiqiy hayot va o‘limni yaratgan Zot – Alloh haqida edi. Namrudning aytgani esa siyosiy qaror, ya’ni “o‘ldirish yoki afv etish” haqida edi, bu esa yaratish emas.
Shunda Ibrohim (alayhissalom) aniq va rad qilib bo‘lmas dalil keltirdilar:
«Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»
Bu dalil oldida Namrud hayron bo‘lib, javobsiz qoldi.
Hikmat
Ushbu voqea Alloh azza va jallaning qudrati, Ibrohim alayhissalomning hikmati va kofirning ojizligini ko‘rsatadi. Alloh taolo bu bilan insonlarga shunday saboq beradi:
Haqiqiy yaratuvchi va hayot beruvchi zot – faqat Allohdir. Podshohlik va kuch insonni Yaratguvchi qilmaydi. Ilm va dalil bilan haqiqat aniq bo‘ladi.
Ibrohim (alayhissalom) va Namrud bahsining yakuni
Nimrud bilan bo‘lgan bahsda uning ojizligi va noto‘g‘riligi ko‘pchilikka avval boshda ochiq bo‘lmagani uchun, Alloh taolo Ibrohim (alayhissalom)ning keltirgan ikkinchi dalilini zikr qildi – bu dalil orqali u Namrudning da’vosini rad etdi va Allohning borligiga ochiq-oydin dalil keltirdi.
Ibrohim (alayhissalom) shunday dedilar:
«Albatta, Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»
Ya’ni, bu quyosh har kuni sharqdan chiqadi va g‘arbga botadi — bu uni yaratgan, boshqargan va bo‘ysundirgan Zotning buyrug‘idandir. U Zot — hech qanday sherigi bo‘lmagan Alloh, barcha narsani yaratgan yagona Parvardigordir.
Shuning uchun Ibrohim (alayhissalom) dedilar:
“Agar sen o‘zingni tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi deb da’vo qilayotgan bo‘lsang, unda mana shu quyoshni g‘arbdan chiqar. Chunki haqiqiy tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi Alloh har narsani xohlaganidek qiladi, uning ishiga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi. U barcha narsani itoat ettirgandir. Agar sen ham shunday ekansan — qil bu ishni! Agar qila olmasang, demak, sen o‘zing aytganday iloh emassan.”
Shunday qilib, Ibrohim (alayhissalom) uning johilligi, yolg‘oni va da’vosining botilligini ayon qildi. Namrudning javob berishga so‘zi qolmadi, u lol bo‘lib jim bo‘ldi. Shuning uchun Alloh taolo kalomi sharifida shunday dedi:
«Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay.» (Baqara surasi, 258 – oyat).
Bahsdan keyingi voqealar
Mufassir Suddiyning aytishicha, bu bahs Ibrohim (alayhissalom) olovdan qutulib chiqqan kunlari bo‘lgan va u kishi avval bu podshoh bilan uchrashmagan edilar.
Abdurrazzoq o‘z rivoyatida Ma’mar orqali Zayd ibn Aslamdan naql qiladi:
Namrudda g‘alla va ozuqa bo‘lib, odamlar undan yegulik so‘rab kelishardi. Ibrohim (alayhissalom) ham ular bilan birga bordilar. Shu uchrashuvda ular birinchi marta ko‘rishdilar va bahs ham shu kuni bo‘ldi.
Ibrohim (alayhissalom) boshqalar kabi yemish ololmadilar, qo‘llari bo‘sh qaytdilar. Yo‘lda ketar ekanlar, bir tepalikdagi qumdan ikki xalta to‘ldirib, “hech bo‘lmasa ahlimni shu bilan band qilib turaman”, deb uylariga qaytdilar.
Uyga yetib kelishgach, Ibrohim (alayhissalom) dam olish uchun yotdilar. U kishining zavjasi Sora xaltalarni ochib qaradilar va ularni toza yemishga to‘la holda topdilar. Shu yemishdan taom tayyorladilar.
Ibrohim (alayhissalom) uyg‘onib, taomni ko‘rib hayron bo‘ldilar:
“Bu taom qayerdan keldi?” — dedilar.
Sora onamiz dedilar:
“Siz olib kelgan yemishdan tayyorladim”.
Shunda Ibrohim (alayhissalom) tushundilarki, bu rizq Alloh tomonidan berilgan ne’mat edi.
Namrudning halokati
Zayd ibn Aslamning aytishicha: “Alloh taolo Nimrudning yoniga farishta yubordi va uni Allohga iymon keltirishga da’vat qildi.
U birinchi marta rad etdi. Ikkinchi marta ham rad etdi, so‘ngra uchinchi marta ham rad etdi. Shunda farishta unga dedi:
“Qo‘shiningni tayyorla, men ham o‘z qo‘shinimni tayyorlayman.”
Namrud sahar vaqtda o‘z qo‘shinini yig‘di. Shunda Alloh taolo osmon hashoratlaridan iborat pashshalar to‘dasini Namrud lashkarlari ustiga yubordi. Ular quyoshni to‘sib qo‘yishdi – osmon qorong‘u bo‘ldi. Bu hashoratlar Namrudning qo‘shiniga hujum qilib, ularning go‘shtini va qonini yeyishdi, faqat suyaklari qoldi. Namrudning barcha lashkarlari qirilib ketib, uning burniga esa bir pashsha kirib oldi. Keyin miyasiga joylashib olib, unga qattiq azob bera boshladi. Namrud qirq yil davomida shu xashorat bilan azoblandi. Uning boshi og‘riganda xizmatkorlari to‘qmoq bilan urib yengillik berishardi. Namrud qattiq azoblarga chiday olmay o‘z hizmatkoriga boshiga to‘qmoq bilan urishni buyuradi. Xizmatkor to‘qmoq bilan sekin urganida Namrud qattiqroq urishni buyuradi. Xizmatkor Namrudning boshiga bor kuchini yig‘ib urishi oqibatida uning boshi yorilib, ichidagi pashsha uchib chiqib ketadi va Namrud esa shu zahoti vafot etadi.
Xulosa
Allohning qudrati oldida podshohlik va kibr hech narsa emas. Haqiqiy hayot va o‘limni yaratuvchi — faqat Alloh Ibrohim (alayhissalom)ning ilmi va hikmati, Nimrudning ojizligini fosh etdi. Alloh zolimlarni hidoyat qilmaydi.
Manbalar asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.