Yangiliklar
JML Bosh kotibi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarini qabul qildi
15.07.2025
898
1 min.
Saudiya Arabistoni Podshohligining yetakchi axborot agentligi SPA, shuningdek “Al-Jazirah”, “Al-Madina”, “Youm7” kabi qator nashrlari yozishicha, Jahon musulmonlari ligasi Bosh kotibi, Musulmon ulamolari uyushmasi raisi shayx Muhammad bin Abdulkarim Al-Isa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari doktor Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashgan. Makkai Mukarramada, mazkur xalqaro tuzilma idorasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Islom sivilizatsiyasining targ‘iboti, xususan noto‘g‘ri tushuncha va salbiy hodisalarga qarshi turishdagi ahamiyati ta’kidlangan.
F.Abduxoliqov mamlakatimiz nomidan JMLning islom olamidagi sa’y-harakati, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini e’tirof etdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida o‘tkazilgan Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan birinchi xalqaro tadbirda Bosh kotib musulmon xalqlari vakili sifatida qilgan ma’ruzasini yuqori baholadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING