Inson uchun kindik qoni to'kilgan er qadrli bo'ladi, qayerda bo'lmasin unga talpinaveradi. Vatanni sevish, uni ardoqlash inson tabiatidagi nozik, teran tuyg'u. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilayotib, tug'ilib o'sgan Vatani – Makka shahriga yuzlanib: “Qanday yaxshi yurtsan! Men uchun naqadar sevimlisan! Agar qavmim meni sendan chiqarmaginda, sendan boshqa yurtda yashamas edim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Hayotimizga ma'no va mazmun olib kiruvchi tinchlik-hotirjamlik kabi ilohiy ne'matlarning qadriga etish, ularga shukr qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir. Buni, ayniqsa, yurt himoyachisi degan sharafli va mas'uliyatli kasbni tanlagan harbiylarimiz yanada teranroq anglaydi.
1992 yil 14 yanvar' kuni mustaqil davlatimiz tarixida muhim voqea yuz berdi. Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. Bugun ushbu tarixiy voqeaga 30 yil to'ldi. 1993 yildan e'tiboran 14 yanvar' yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni”, deb e'lon qilindi. Joriy yil ana shu shonli sananing 29 yilligini nishonlayapmiz.
Insonning o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoiyligi ona Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo'lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo'shishi bilan o'lchanadi.
Ushbu qutlug' sana bilan yuragida Vatan va xalq sevgisi mahkam joy olgan shijoatli o'g'lonlar, yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlayotgan aka-ukalarimiz qatori yurt tinchligi va osoyishtaligi yo'lida turli sohalarda xizmat qilayotgan barcha vatandoshlarimizni muborakbod etamiz.
Bahriddin HUShBOQOV
tayyorladi.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.