Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Har ko'ngil bir ka'badir

12.01.2022   6235   5 min.
Har ko'ngil bir ka'badir

Qalb inson ko'kragidagi bir parcha go'sht bo'lib, xatari ulkan, ta'siri esa kattadir. Uning salohiyati butun tana va jamiyki a'zolar salohiyatidir. Uning fasodga yuz tutishi esa jasadning bari va jamiyki a'zolarning fasodga yuz tutishidir. No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Ogoh bo'ling! Tanada bir parcha go'sht bor. Agar u salohiyatli bo'lsa, jasadning bari salohiyatli bo'ladi. Agar u fasodga yuz tutsa, jasadning bari fasodga yuz tutadi. Ogoh bo'ling!

Pokiza qalb bu – insonning qalbini iymon hamda Alloh azza va jallaga bo'lgan bandalik tozalab qo'ygan bo'lishini ifoda etadi. Bas, shunda ushbu qalb insonlardan etishi mumkin bo'lgan ozorlarni, u er-bu erlardan tegishi mumkin bo'lgan haqorat tomchilarini ko'tara oladi va toza, oppoq bo'lib qoladi. Har qachonki unga qora nuqta suqulib kirmoqchi bo'lsa, uning Alloh taologa bo'lgan bandaligi uni eritib yo'q qiladi va yana toza, oppoq bo'lib qolaveradi. Mana shu toza qalbdir.

Mavlono Jaloliddin Rumiy yozadilar:

 «Ka'ba Ozarning o'g'li Ibrohim Halilulloh qurgan imorat. ko'ngil esa Aziz va Jalil bo'lgan Alloh taoloning nazargohidir, (boqadigan eridir)...»

Rumiy hazratlari Ka'bani kamsitayotganlari yo'q aslo... Demoqchi bo'layaptiki Ka'ba muqaddas bo'lishiga qaramay, moddiy ashyolardan bino bo'lgan... Zarar ko'rsa, nurasa, yiqilsa uni ta'mirlash yoki yanada mukammal shaklda tiklash mumkin...

Ammo uning ham mavjudligiga sabab bo'lgan Insonning Alloh nazargohi va iymon jilvagohi Ko'ngli bir sinsa, ta'mirlash imkonsiz...

Ko'ngil haqida so'zlar ekanmiz, yuraklarimizni bir sog'inch to'ldiradi. Bu eng hassos va eng toza qalb sohibi janobi Payg'ambarimizning sog'inchlaridir...

Sarvari koinot sollallohu alayhi va sallam hamisha bolalar, xasta, keksa, kimsasiz, faqir, beva, bechora kishilarning ko'nglini olib, barchaga birdek shavqat bilan munosabatda bo'lganlar...

Bir bayramda hamma shodu-xurram turgan chog'ida, ota-onasi yo'qligidan ezilib, bir chetda turgan etim bolaga:

- «Men sening otangman, o'ksinma» – deb hadyalar berganlar...

Ko'ngilini olish, etimligini bildirmaslik uchun ko'chada o'sha bola aytganidek tuya bo'lganlar...

To'rt oyoqlab, bolani elkalariga mindirib, sallalari peshini jilov qilib, «suvoriy»lariga tutqazgan cheksiz shafqatu rahmatning timsoli Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdir...

Oqko'ngillilik va qalb pokizaligi...  Bular odamlarda topilishi qiyin bo'lgan og'ir ibodat.

Go'zallikni ko'rish uchun go'zal qalbli bo'lish kerak.  Gina va nafratni o'zida jamlagan qalb yaxshilikni qanday ko'radi, bag'rikenglik yo'lini qanday tutadi?!

Hasaddan yonayotgan qalb qanday qilib o'zi yaxshi ko'rgan narsani boshqaga ilina oladi?!

Birovlar aybini, qabohatni qidirgan qalb go'zal xislatlarni qayerdan ko'ra olsin?!

Atrof olam go'zalligini ko'rish uchun pokiza qalb ko'zi bilan qarash lozim. Bo'lmasa  qalbda bino qilganing qora devordan o'zga narsa ko'rinmaydi ko'zga...

Bilasizmi, biz qalbimiz orqali ulashgan mehr, bir insonni xursand qiladi,  shu insondagi xursandchilik tugagunicha, bizni hayot boshqa tarafdan xursand qiladi. Aksincha bizdan berilgan yomonlik, nafrat ham bir insonni qalbini og'rishiga sabab bo'lib,  toki u insonni qalb og'rig'i bitmagunicha, og'riq bergan insonda salbiy o'zgarishlar kuzatilar ekan...

Bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan xursand bo'lib, “Ey Oisha, mendan xohlagan narsangni so'ra” dedilar. Oisha roziyallohu anho juda ham ziyrak ayol edilar, bu fursatni qo'ldan boy bermaslik uchun eng yaxshi narsani so'rashni qasd qildilar va “Bu borada otam bilan maslahatlashsam” dedilar. Chunonchi Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga borib voqe'ani bayon qildilar. Abu Bakr roziyallohu anhu : “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me'rojga chiqqanlarida Alloh taolo u zotga sirlarni aytgan. O'shalardan birini aytib berishlarini so'ra” dedilar. Oisha onamiz roziyallohu anho o'sha narsani so'radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Robbim menga me'roj kechasida “Mening nazdimda mo'minning darajasi shu darajada yuqoriki, qaysi bir mo'min boshqa bir mo'minning qalbiga xursandchilik solsa, albatta jannatiy bo'ladi” dedi”, dedilar. Oisha roziyallohu anho xursand bo'lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bu gapni etkazgan edilar Abu Bakr qattiq yig'ladilar. Oisha roziyallohu anho “Nega yig'laysiz, axir bu xursandchilik xabar emasmi” deganlarida, “Bu, mo'minning qalbi Alloh taoloning nazdida shu darajada qadrliki, kim unga ozor etkazsa, do'zaxiydir” degani bo'ladi – dedilar.

Vaqtinchalik omonatga berilgan qalblarimiz pokiza, amallarimiz solix xamda Alloxning roziligini topadigan savobli ishlarda bardavom bo'lib, atrofdagi insonlarning ko'nglini xursand qilish barchamizga nasib qilsin.

Yangiyo'l tumani

Imom sulton jome masjidi Imom xatibi O.Narzullayev

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qariyani ovora qilibsan-ku

14.07.2025   3559   3 min.
Qariyani ovora qilibsan-ku

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.

Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!

Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.

Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.

Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi