Muhtaram jamoat! Alloh taolo inson zotini barcha jonzotlardan afzal qilib yaratgan. Hatto farishtalarini ham hazrati Odam alayhissalomga ta'zim qilishga buyurgan. Alloh taolo odamzodga butun borliqni bo'ysundirib qo'yish bilan birga, barcha mavjudotlarni inson manfaatiga xizmat qildirib qo'ygan. Quyosh aynan insonni isitib, er yuzida hayotni ta'minlash uchun nur sochsa, tunda insonlar uchun oy ziyo sochadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ
عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا
ya'ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik” (Isro surasi 70-oyat).
Ushbu ma'noga Qur'oni karimda quyidagicha ishora qilinadi:
أَلَمْ تَرَوْا أَنَّ اللَّهَ سَخَّرَ لَكُمْ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الأَرْضِ وَأَسْبَغَ عَلَيْكُمْ نِعَمَهُ ظَاهِرَةً وَبَاطِنَةً
ya'ni: “(Ey, insonlar!) Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo'yin sundirib qo'yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (moddiy va ma'naviy) ne'matlarini komil berganini ko'rmadingizmi?!” (Luqmon surasi 20-oyat).
Sa'diy She'roziy rahimahulloh o'zlarining “Guliston” asarida ushbu ma'noni quyidagicha izohlaganlar:
1) اَبْرُ و بَادُ و مَهُ و خُورْشِیْدُ و فَلَکْ دَرْکَارَنْدْ تَا تُو نَانِی بَه کَفْ آرِی وَبَه غَفْلَتْ نَخُورِی
2) هَمَه اَزْ بَحْرِ تُو سَرْگَشْتَه وَفَرْمَانْ بَرْدَارْ شَرْطِ اِنْصَافْ نَبَاشَدْ کِه تُو فَرْمَانْ نَبَرِی
Alloh taolo O'z irodasi va qudrati ila insonni aqlli qilib yaratdi. Shuning uchun ham dinimiz aql rivoji va taraqqiyotiga katta ahamiyat beradi. Zero, Qur'oni karimning juda ko'p o'rinlarida insonlar aql yuritishga, fikrlashga, nazar solish va ibrat olishga undaladi. Aql yuritmaydigan kishilar esa, qattiq tanqid ostiga olinadi:
إِنَّ شَرَّ الدَّوَآبِّ عِنْدَ اللَّهِ الصُّمُّ الْبُكْمُ الَّذِينَ لاَ يَعْقِلُونَ
ya'ni: “Allohning nazdida jonzotlarning eng yomoni bu aqlni ishlatmaydigan “kar” va “soqov”lardir”, – deyilgan (Anfol surasi 22-oyat).
Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba'zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu havo yo'q. Hayvonotda esa nafsu shahvat boru, lekin aql yo'q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni to'g'ri yo'lga, savobli ishlarga boshlasa, farishtalardan ham oliy maqomda bo'ladi. Agar inson aqlini ishlatmasa, Robbisining ko'rsatmasi asosida hayot kechirmasa, hayvondan ham tuban bo'lib ketadi. Buni hozirgi zamonimizda ayrim yurtlarning g'ayri insoniy munosabatlarni ham ma'qullashidan guvohi bo'lib turibmiz.
Muhtaram jamoat! Islom diniga ko'ra barcha insonlar barobar, bir-birlariga birodardirlar. Ulardan biri boshqasidan hech narsada – na boylikda, na mansabda, na chiroyi, na xushbichim gavdasi bilan, na jamiyatda tutgan o'rni bilan ustun bo'la oladi. Alloh nazdida insonlarning eng ulug'i faqat Uning o'zidan qo'rqadigan taqvodorlaridir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا
إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
ya'ni: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi 13-oyat).
Shuning uchun ham dinimizda odamlarni irqiy mansubligi va tanasining rangi bo'yicha bir-biridan afzal ko'rishni taqiqlaydi. Mashhur sahobalardan biri Abu Zarr Al-G'iforiy raziyallohu anhu bir qora tanli qullaridan achchiqlanib, onasi ham qora ekani bilan ayblaganlarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bundan qattiq g'azablanganlar va shunday deganlar:
﴿يا أبَا ذَرٍّ أعَيَّرْتَهُ بأُمِّهِ؟! إنَّكَ امْرُؤٌ فِيكَ جَاهِلِيَّةٌ ، إخْوَانُكُمْ خَوَلُكُمْ، جَعَلَهُمُ اللَّهُ تَحْتَ أيْدِيكُمْ، فمَن كانَ أخُوهُ تَحْتَ يَدِهِ، فَلْيُطْعِمْهُ ممَّا يَأْكُلُ، ولْيُلْبِسْهُ ممَّا يَلْبَسُ، ولَا تُكَلِّفُوهُمْ ما يَغْلِبُهُمْ، فإنْ كَلَّفْتُمُوهُمْ فأعِينُوهُمْ﴾
ya'ni: “Ey Abu Zarr! Sen uni onasi bilan aybladingmi?! Senda johiliyat odati bor ekan! Qullaringiz birodarlaringizdir. Alloh ularni qo'l ostilaringizda qilib qo'ydi. Kimning birodari qo'l ostida ekan, o'zi egan taomdan uni ham edirsin, kiygan kiyimidin kiydirsin. Ularga og'ir keladigan ishlarni buyurmanglar. Agar og'ir ishga buyursangizlar, ularga yordam beringlar”, dedilar”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Dunyo tarixida Islomdan boshqa hech bir din va ta'limot xizmatkorini xojasiga birodar deb atamagan. Ushbu hadisi sharifdan kishi qo'l ostidagi xodim, ishchilariga nisbatan qanday munosabatda bo'lishi kerakligi haqida aniq ko'rsatmalar berilgan.
Muhtaram azizlar! Ma'lumki, tarixda qullar va cho'rilar bo'lgan. Islom qullikka qarshi kurashib, uning oldini olib kelgan umuminsoniy din hisoblanadi. Dinimiz quldorlikni yo'qotish maqsadida juda katta va ulug' ishlarni joriy qilgan. Jumladan, hadislarda sadaqaning eng afzali qul ozod qilish ekani ta'kidlangan.
Quldorlik hozirda qolmagan. Lekin afsuski, hozirgi kunda odam savdosi bilan shug'ullanib, hur-ozod insonlarni qul qilib sotish yoki ayrim onalikka noloyiq ayollar o'zlarining murg'ak farzandlarini sotish holatlari uchrab turibdi. Vaholanki, dinimiz insonni sotishdan, uni xo'rlashdan, qul qilishdan qat'iy qaytaradi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
﴿قَالَ اَللَّهُ عز وجل: ثَلَاثَةٌ أَنَا خَصْمُهُمْ يَوْمَ اَلْقِيَامَةِ: رَجُلٌ أَعْطَى بِي ثُمَّ غَدَرَ, وَرَجُلٌ بَاعَ حُرًّا فَأَكَلَ ثَمَنَهُ وَرَجُلٌ اِسْتَأْجَرَ أَجِيرًا فَاسْتَوْفَى مِنْهُ وَلَمْ يُعْطِهِ أَجْرَهُ ﴾ (رَوَاهُ الإمَامُ مُسْلِمٌ)
ya'ni: “Alloh taolo aytdi: “Men Qiyomat kunida uch toifa kishiga dushmanman: (Birinchisi:) mening nomim bilan qasam ichib, so'ng xiyonat qilgan kishi; (Ikkinchisi) hur odamni sotib, pulini egan kishi; (Uchinchisi:) bir insonni ishlatib, haqini bermagan kishidir” (Imom Muslim rivoyatlari).
Ochiqko'ngil yurtdoshlarimizga, katta hayot ostonasida turgan yoshlarga qarata aytamizki: “Qadringizni biling, ilm va hunar o'rganing!”. Haqiqatni bilgan, qalbi uyg'oq kishi nafsini jilovlay oladi. Rizq Allohdan ekaniga imon keltirib, yomonlarning va'dasiga aldanmaydi.
Muhtaram azizlar! Dinimizda insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro'sini saqlash muhim o'rin tutadi. Payg'ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:
﴿ أَيُّهَا النَّاسُ، إِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ عَلَيْكُمْ حَرَامٌ ﴾
ya'ni: “Ey, odamlar! Qoningiz, molingiz va obro'-e'tiboringiz bir-biringizga haromdir!”.
Payg'ambarimiz alayhissalomning yuqoridagi muborak nasihatlaridan xabari yo'q ba'zi yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali to'g'ri kelgan kimsani g'iybat va bo'hton qilib, qanchadan-qancha musulmonlarning obro'sini to'kib, go'yo ijtimoiy tarmoqlar orqali g'iybat va bo'hton qilishga ruxsat bordek, harom ish qilmoqdalar. Vaholanki, g'iybat ijtimoiy tarmoqda bo'ladimi yoki undan boshqa joyda bo'ladimi, farqi yo'q – haromdir.
Hulosa qilib aytganda, Alloh taolo insoniyatni qanchalar azizu mukarram qilib yaratgan bo'lsa, odamizot shu qadr qimmatini saqlashi, Robbisi uni nima uchun yaratganini mulohaza qilib, Unga ibodat qilishi hamda er yuzini obod qilishi lozim. Buning uchun esa, Alloh taoloni tanishi, U Zot buyurganidek hayot kechirishi, o'zi uchun kerakli bo'lgan foydali ilmlarni egallashi kerak. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do'zax azobidan asragin” (Baqara surasi, 201-oyat) degan oyati karimani: “Dunyodagi yaxshilikdan murod ilm va ibodat, oxiratdagi yaxshilik esa jannatdir”, deb tafsir qilganlar.
Muhtaram azizlar! Vatan sarhadlari daxlsizligini ta'minlash, yurt sha'ni va or-nomusini ko'z qorachig'idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e'tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta'kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta'minlashda milliy armiyamizning alohida o'rni bor.
Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o'zini baxshida etish eng ulug' savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to'g'rida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadisi sharif rivoyat qilingan:
﴿عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ﴾) رواه الإمام الترمذي).
ya'ni:“Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas: biri – Allohning azobidan qo'rqib yig'lagan ko'z, ikkinchisi – Alloh yo'lida qo'riqchilik qilib bedor bo'lgan ko'z” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Bugun yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, uning ravnaqi va farovonligi yo'lida xizmat qilish – har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Kindik qoni to'kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko'z qorachig'iday asrab-avaylash inson uchun go'yo o'z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilish kabidir.
Muhtaram azizlar! So'zimiz so'ngida yana bir bor bugungi kunda dolzarb bo'lgan sog'liq-salomatlik mavzusiga biroz to'xtalmoqchimiz.
Sog'liqni saqlash sohasi mutaxassislari kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaktsina olish ekani to'g'risida xulosaga keldilar.
Dinimiz ko'rsatmalarida inson o'z sog'lig'i hamda jamiyat salomatligini asrashi lozimligi ta'kidlanadi. Shariatimizda insonlarga zarar etadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo'llashga buyuradi. Shunday ekan vaktsina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta'kidlanadi.
Birinchidan, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
﴿مَا أنْزَلَ اللهُ دَاءً إلَّا أَنْزَلَ لَهُ شِفَاءً ﴾ (أَخْرَجَهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)
ya'ni: “Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ikkinchidan, ba'zi kishilar kasal emasligini ro'kach qilib, vaktsina olishga beparvo bo'ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar:
الوِقَايَةُ خَيْرٌ مِنَ العِلاَجِ
ya'ni: “Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir” (“Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu” kitobi).
Demak, bemor bo'lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo'ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.
Qolaversa, hozirgi kunda Haj va Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaktsina bilan emlangan bo'lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo'lgan kishidan vaktsina bilan emlanganlik so'ralmoqda.
Hulosa shuki, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga etkazib berilayotgan vaktsinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar'an joiz, chunki bu davolanishning bir ko'rinishidir.
Alloh taolo yurtimizni turli yomon ko'zlardan asrasin! Hammamizni oqibatimizni xayrli qilsin, xalqimiz farovonligini bundan ham ziyoda aylasin! Omin!
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini hidoyatga solur…” (Tag‘obun surasi, 11-oyat).
Qalb har bir amalning asli va barcha harakatlarning negizidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ogoh bo‘linglar, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u to‘g‘ri bo‘lsa jasadning barchasi to‘g‘ri bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa jasadning barchasi fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar, u qalbdir”.
Qalbning to‘g‘ri bo‘lishi dunyo va oxiratdagi saodat, uning buzuq bo‘lishi esa halokatdir. Alloh taolo aytadi: “Albatta, bunda qalbi borlarga va zehn bilan quloq osganlarga eslatma bordir” (Qof surasi, 37-oyat).
Har bir yaratilgan jonzotda qalb bo‘ladi. Ammo bu qalblar ikki xil: biri iymon ila munavvar, taqvo ila obod bo‘lgan tirik qalb; ikkinchisi xarob bo‘lib so‘ngan, kasal va o‘lik qalbdir. Alloh taolo aytadi: “Ularning qalblarida kasal bor. Alloh kasallarini ziyoda qildi. Va ularga yolg‘on gapirganlari uchun alamli azob bor” (Baqara surasi, 10-oyat). Alloh taolo boshqa oyatda esa bunday marhamat qiladi: «Va ular: “Qalbimiz g‘iloflangan”, deyishadi. Yo‘q, unday emas, kufrlari sababli Alloh ularni la’natlagan. Bas, ozginagina iymon keltiradilar» (Baqara surasi, 88-oyat).
Alloh taolo o‘lik qalblilar haqida yana bunday deydi: «Ular: “Qalblarimiz sen da’vat qilayotgan narsadan g‘iloflardadir, quloqlarimizda og‘irlik bor, sen bilan bizning oramizda esa, parda bor. Bas, sen amalingni qilaver, biz ham, albatta, o‘z amalimizni qilguvchilarmiz”, dedilar» (Fussilat surasi, 5-oyat).
Allohning dushmanlarida ham qalb bo‘ladi, lekin u hech narsani anglamaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilar edilar: “Ey, qalblarni boshqaruvchi! Mening qalbimni diningda sobit qil!”.
Mo‘minning qalbi doimo ro‘za tutadi. Uning ro‘za tutishi halokatga olib boruvchi shirk, botil e’tiqod, yomon vasvasa va niyatlardan forig‘ qilish bilan bo‘ladi. Mo‘minning qalbi Allohning muhabbati ila oboddir.
Mo‘minning qalbida unga zulmat aralasha olmaydigan yorqin nur bor. Bu abadiy risolat, samoviy ta’limotlar va rabboniy shariat nuridir. Ushbu nurga Alloh taolo bandaga tabiiy fitrat qilib bergan nur qo‘shiladi va ikki ulkan nur jamlanadi. Alloh taolo aytadi: “(Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni O‘z nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (Nur surasi, 35-oyat).
Mo‘minning qalbi chiroq kabi porlaydi, Quyosh kabi nur sochadi va subh kabi yaltiraydi. U oyati karimalarni tinglaganda, ularning ma’nolarini tafakkur qilganda qalbidagi ishonchi yanada ziyoda bo‘ladi.
Mo‘minning qalbi kibrdan ro‘za tutadi, chunki u qalb ro‘zasini buzib yuboradi. Kibr uning qalbiga o‘rnashmaydi, zero, u harom amaldir. Kibrning asl o‘rni qalbda bo‘ladi, agar kibr qalbga o‘rnashsa o‘z sohibini halok qiladi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Kibriyo Mening ridoyimdir, ulug‘lik Mening izorimdir. Kim ikkisida Men bilan talashsa uni azoblayman”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Allohga takabburlik qilsa uni xorlaydi. Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa uni yuksaltiradi”.
Mo‘minning qalbi ujbdan ham ro‘za tutadi. Ujb – insonning o‘zini mukammal, boshqalardan afzal va unda boshqalarda yo‘q narsa bor deb tasavvur qilishidir. Bu esa ayni halokatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa halok qiluvchidir: kishi o‘z nafsidan ajablanishi, qattiq xasislik va ergashiladiga havo (havoyi nafs)”, deganlar.
Ujbning davosi inson o‘z ayblari, xatolarining ko‘pligini hamda minglab qilgan, so‘ngra ularni esdan chiqargan gunoh va yomonliklarini yodidan ko‘tarmasligidir. Binobarin, ularning hisobi Robbimiz huzurida, U adashmaydi va unutmaydi.
Mo‘minning qalbi hasaddan ro‘za tutadi. Chunki hasad yaxshi amallarni olov kabi kuydiradi, qalbning nurini o‘chiradi va bandani Alloh tomon yurishini to‘xtatib qo‘yadi. Alloh taolo aytadi: “Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi?” (Niso surasi, 54-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan nafratlanmanglar, o‘zaro urushmanglar va o‘zaro najsh (insonla o‘zaro kelishib bir narsaning narxini oshirishi) savdosini qilmanglar. Ba’zingiz ba’zingizning savdosi ustiga savdo qilmasin”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta sahobalaridan bir kishining jannat ahlidan ekanining xabarini berdilar. U kishi nima evaziga jannatga kirgani haqida so‘ralganida: “Qalbimda biror mo‘minga hasad, nafrat yoki muttahamlik bor holida hech uyquga yotmadim”, deya javob berdi. Oriflarning ro‘zasi bo‘lmish qalb ro‘zasini tutuvchilar bormi? Shoir aytadi:
Oriflar ro‘zasi ichra olamlar Robbi rizosin istash bordir,
Har zamon ular qalbi soim, sahar vaqti hollari istig‘fordir.
Allohim, qalblarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin, ularni iymonda sobit ayla!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan