Buyuk Britaniyaning etakchi «The Evening Standards» gazetasi sahifasida «2022 yilda sayyohlik uchun ro'yxat» sarlavhali maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA. Unda O'zbekiston «sarguzasht sayyohligi» yo'nalishida borishga tavsiya etilgan eng muhim mamlakatlar ro'yxatidan joy olgan.
O'zbekiston elchixonasidan taqdim etilgan ma'lumotga qaraganda, maqolada 2021 yilning dekabr' oyida Samarqand shahrida ishga turishilgan yangi xalqaro aeroport ushbu qadimiy kentni xorijiy sayyohlar uchun yanada jozibali maskanga aylantirgani alohida qayd etilgan. «Sayyohlarga qulayliklar yaratish, mamlakatda tezyurar poyezdlar tarmog'ining kengayishi hisobidan poytaxt bilan Buxoro va Hiva kabi tarixiy shaharlar o'rtasida tezkor aloqani ta'minlash imkonini yaratdi», - deb yozadi nashr.
Maqolada muhtasham sharoitlarni xush ko'ruvchi sayyohlarga Toshkentdagi «Hyatt Regency» kabi hashamatli mehmonxonalarda dam olishi, arxitektura va madaniyat muxlislari esa yaqinda yaponiyalik mashhur me'mor Tadao Ando boshchiligida barpo etilgan Davlat san'at muzeyiga tashrif buyurishi mumkinligi haqidagi ma'lumotlar ham o'z ifodasini topgan. «Poytaxt yaqinidagi Chotqol tog' tizmalarida «Amirsoy» chang'i kurorti mavjud bo'lib, u qishki sport turlari ishqibozlari uchun mashhur joyga aylanib qolgan», - deyiladi maqolada.
Shuningdek, «The Evening Standards» gazetasi joriy yilda Italiya, Ispaniya, Irlandiya, Pol'sha, AQSh, Ruanda va Shri-Lanka bo'ylab sayohat qilishga doir o'z takliflarini ham o'quvchilar e'tiboriga havola qilgan.
«The Evening Standards» gazetasiga 1827 yilda asos solingan. Ushbu nashr faqat tunda mushtariylarga tarqatiladi. Ayni paytda gazetaning kundalik adadi qariyb 700 ming nusxani tashkil etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom ta’limotida kasallik faqat jismoniy holat emas, balki tarbiya, poklanish va ilohiy rahmatning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam kasallikka duchor bo‘lgan kishilarga tasalli berar, uni yomonlashdan qaytarar va bu holatning ma’naviy hikmatlarini bayon qilib berar edilar. Quyidagi rivoyat ham aynan shu haqiqatni ochib beradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Saib roziyallohu anhoni kasallik paytida ziyorat qildilar. Uni qaltirab turgan holda ko‘rib:
– "Ey Ummu Saib, sizga nima bo‘ldi, nega titrayapsiz?" – dedilar.
– U: Isitma! Alloh uni barakali qilmasin! (kasallikka la’nat bo‘lsin), – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– "Ey Ummu Saib, isitmani so‘kmang. Chunki u Bani Odamning gunohlarini, xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek, ketkazadi", dedilar.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasallikning ilohiy hikmatlarini bayon qilib, shunday dedilar...-
– "Albatta, Alloh taolo bandasini kasallik bilan uch holatdan biri uchun sinovdan o‘tkazadi:
Agar bandaning gunohlari bo‘lsa, Alloh ularni kechirishni iroda qilsa;
Agar bandasini O‘zidan uzoqlashganini ko‘rib, uni O‘ziga yaqinlashtirishni xohlasa;
Yoki bandaning jannatda u uchun tayyorlangan joyi bo‘lib, qilmagan amallari o‘sha tayyorlangan joyga yetmay turganda, Alloh uni o‘sha maqomga yetkazishni iroda qilsa".
Demak, kasallikda sabr qilgandan keyin bandaning oldida faqat yaxshilik bor: u tavbaga keladi, ibodatda sobit bo‘ladi va Allohga nisbatan go‘zal gumon bilan yashaydi.
Alloh taolo nihoyatda rahmlidir, bandalaridan azobni daf etuvchidir va U bizga onalarimizdan ham ko‘ra rahmliroqdir. Shuning uchun dardni Yaratganga arz qiling, Unga hamd bilan yuzlaning va qalblaringizni istig‘for bilan poklang.
Ushbu rivoyatdan anglashiladiki, Islomda kasallik jazolash vositasi emas, balki bandani tarbiyalovchi, uni gunohlardan poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi rahmat eshigidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kasallikni yomonlashdan qaytarib, undagi ilohiy hikmatlarni ochib berdilar. Chunki mo‘min kishi uchun kasallik sabr, tavba va ibodat bilan qarshi olinsa, yuksalish va daraja oshishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, bu hadis bandaga har qanday holatda ham Alloh haqida go‘zal gumonda bo‘lish, dardini Unga arz qilish va qalbini istig‘for bilan poklash lozimligini o‘rgatadi. Zero, Alloh taolo bandalariga nihoyatda rahmli bo‘lib, U kasallik orqali ham O‘z qulining oxiratini obod qilishni iroda qiladi.
Demak, mo‘min inson uchun muhim bo‘lgan narsa kasallikning o‘zi emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sabr, shukr va ixlos bilan qarshi olingan har bir sinov oxir-oqibat bandani Alloh roziligiga yetaklaydi.
Adham Sharqoviyning kitobi asosida
TII magistratura talabasi
Saidburxon FAZLIDDINOV tayyorlandi.