Buxoroga kelgan sayyohlar soni 2021 yilda 2,2 million nafarga etdi. Bunda xorijiy sayyohlar soni 48,9 ming nafardan oshgani kuzatildi. Bu ko'rsatkich 2020 yilga nisbatan ichki turizmda qariyb 8 baravarga, xorijiy sayyohlar soniga nisbatan 3,5 baravarga ortdi.
Pandemiya sharoitiga qaramasdan turizm biznesi bo'yicha davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imtiyoz, qulayliklar tufayli 2021 yilda 78 ta yangi katta-kichik mehmonxonalar ishga tushishi hisobiga ularning umumiy soni 415 taga etdi. Yirik mehmonxonalar 163 taga, oilaviy mehmon uylari 197 taga, xostellar 52 taga va motellar 1 taga etkazildi.
O'zA xabariga ko'ra, turoperatorlar 121 ta, gid-ekskursovodlar 252 ta, sayyohlar uchun restoranlar 90 tani, turistik avtobus va mikroavtobuslar 281 ta, turizm yo'l ko'rsatkichlari 128 tani, turizm axborot markazlari 26 taga ko'paygan. Viloyatdagi 30 ta tadbirkorlik subektlariga berilgan 79,4 milliard so'm kredit mablag'larining 18,6 milliard so'mi to'lov muddati 6 oydan 2 yilgacha prolongatsiya qilindi. 78 ta tadbirkorlarga 1,2 milliard so'mlik soliq imtiyozlari berildi. 27 ta tadbirkorga 1,6 milliard so'mlik ssudalar ajratildi. Yangi turizm yo'nalishlarini o'zlashtirish va amaliyotda joriy etish maqsadida 2 ta sayyohlik tashkilotlari va 5 ta gid-ekskursovodlarga jami 35 milliard so'mlik grant ajratildi.
Horijiy aviakompaniyalar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buxoro xalqaro aeroportiga mahalliy va to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlardan tashqari Rossiya, Yevropa, Turkiya, Qozog'iston kabi mamlakatlardan jami 871 ta charter reyslari amalga oshirildi. Tahlillar bo'yicha turizm xizmatlari hisobiga viloyat iqtisodiga jami 478,9 milliard so'm tushum tushgan. Bu raqam 2020 yilga nisbatan 4,5 baravarga oshib, turizm tarmog'ida 500 nafarga yaqin yangi ish o'rni yaratilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom ta’limotida kasallik faqat jismoniy holat emas, balki tarbiya, poklanish va ilohiy rahmatning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam kasallikka duchor bo‘lgan kishilarga tasalli berar, uni yomonlashdan qaytarar va bu holatning ma’naviy hikmatlarini bayon qilib berar edilar. Quyidagi rivoyat ham aynan shu haqiqatni ochib beradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Saib roziyallohu anhoni kasallik paytida ziyorat qildilar. Uni qaltirab turgan holda ko‘rib:
– "Ey Ummu Saib, sizga nima bo‘ldi, nega titrayapsiz?" – dedilar.
– U: Isitma! Alloh uni barakali qilmasin! (kasallikka la’nat bo‘lsin), – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– "Ey Ummu Saib, isitmani so‘kmang. Chunki u Bani Odamning gunohlarini, xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek, ketkazadi", dedilar.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasallikning ilohiy hikmatlarini bayon qilib, shunday dedilar...-
– "Albatta, Alloh taolo bandasini kasallik bilan uch holatdan biri uchun sinovdan o‘tkazadi:
Agar bandaning gunohlari bo‘lsa, Alloh ularni kechirishni iroda qilsa;
Agar bandasini O‘zidan uzoqlashganini ko‘rib, uni O‘ziga yaqinlashtirishni xohlasa;
Yoki bandaning jannatda u uchun tayyorlangan joyi bo‘lib, qilmagan amallari o‘sha tayyorlangan joyga yetmay turganda, Alloh uni o‘sha maqomga yetkazishni iroda qilsa".
Demak, kasallikda sabr qilgandan keyin bandaning oldida faqat yaxshilik bor: u tavbaga keladi, ibodatda sobit bo‘ladi va Allohga nisbatan go‘zal gumon bilan yashaydi.
Alloh taolo nihoyatda rahmlidir, bandalaridan azobni daf etuvchidir va U bizga onalarimizdan ham ko‘ra rahmliroqdir. Shuning uchun dardni Yaratganga arz qiling, Unga hamd bilan yuzlaning va qalblaringizni istig‘for bilan poklang.
Ushbu rivoyatdan anglashiladiki, Islomda kasallik jazolash vositasi emas, balki bandani tarbiyalovchi, uni gunohlardan poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi rahmat eshigidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kasallikni yomonlashdan qaytarib, undagi ilohiy hikmatlarni ochib berdilar. Chunki mo‘min kishi uchun kasallik sabr, tavba va ibodat bilan qarshi olinsa, yuksalish va daraja oshishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, bu hadis bandaga har qanday holatda ham Alloh haqida go‘zal gumonda bo‘lish, dardini Unga arz qilish va qalbini istig‘for bilan poklash lozimligini o‘rgatadi. Zero, Alloh taolo bandalariga nihoyatda rahmli bo‘lib, U kasallik orqali ham O‘z qulining oxiratini obod qilishni iroda qiladi.
Demak, mo‘min inson uchun muhim bo‘lgan narsa kasallikning o‘zi emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sabr, shukr va ixlos bilan qarshi olingan har bir sinov oxir-oqibat bandani Alloh roziligiga yetaklaydi.
Adham Sharqoviyning kitobi asosida
TII magistratura talabasi
Saidburxon FAZLIDDINOV tayyorlandi.