Shu yil 11 yanvar' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “Jomi' ahkom as-sig'or” asarining o'zbek tilidagi ilk nashri va "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning “Yo'l harakati fiqhi” kitobi taqdimoti keng jamoatchilik ishtirokida bo'lib o'tdi.
Marosim Qur'oni karim tilovati va duolar ila boshlandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari tadbirni ochib, ikki muhim asar nashr etilgani bilan yurtimiz ilm ahllarini, qolversa, ma'rifatli xalqimizni samimiy qutladilar. Dastlab Muhammad Ustrushaniyning “Jomi' ahkom as-sig'or” asari XIII asrda ta'lif etilgan bola huquqlari borasidagi dunyodagi dastlabki asar ekani, o'zbek tiliga tarjima qilingan ushbu kitobda bolalarning axloqiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari qatorida oila, farzand tarbiyasi, poklanish, ibodat, meros, shafelik kabi masalalarga bugungi kunga mos izoh va sharhlar bilan bayon qilingani, asar sodda va xalqchil, ravon va yuqori ilmiy saviyada yozilgani bilan ajralib turishini aytib o'tdilar.
Muftiy hazratlari nutqlari davomida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning Islom dinida yo'l qoidalariga amal qilishga bag'ishlangan “Yo'l harakati fiqhi” kitobining nashr etilishi so'nggi vaqtlarda atrofimizda yo'l-transport hodisalari ko'payib borayotgan bir vaqtda ayni muddao bo'lganini alohida qayd etib, ushbu ikki asar muallifining kelgusi sa'y-harakatlariga ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
Taqdimotda Halqaro islom akademiyasi professori Zohidullo Munavvarov so'zga chiqib ishtirokchilarga “Jomi' ahkom as-sig'or” kitobi to'g'risida gapirib, Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “Jomi' ahkom as-sig'or” asari XIX asrga qadar jahonda bu kabi to'plam asar yozilmagani va bolalar huquqlariga 800 yil avval Movarounnahrda e'tibor berilgani, Bola huquqlarini himoya qilish bo'yicha jizzaxlik faqih Ustrushaniyning 1228 yilda yozib tugatgan “Jomi' ahkom as-sig'or” asari ilk huquqiy manba ekani, asarda fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblarda tarqoq holda kelgan bolalarga taalluqli shar'iy fatvolar yig'ilgani, bu asar dunyoga kelishi uchun alloma Ustrushaniy Hanafiy mazhabidagi 120 dan ortiq faqihlarning fikrlarini jamlagani, Ustrushaniy bola huquqlariga oid 1289 ta fatvoni 45 ta ustuvor yo'nalishga bo'lgan holda tahlil etgani to'g'risida keng ma'lumot berdi.
Ma'rifiy tadbir davomida qatnashchilar e'tiboriga “Jomi' ahkom as-sig'or” asari mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan videolavha namoyish etildi.
Shundan so'ng Toshkent shahridagi “Siroj Solih” jome masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov taqdimot qilingan ikkinchi kitob “Yo'l harakati fiqhi” haqida so'zlab, ushbu kitobni o'qigan kishi yo'l harakati qoidalariga rioya qilish shar'an vojib ekanini anglab etishi, agar kishi unga shar'iy ahkom sifatida amal qilsa, Haq taolo huzurida ajru mukofot olishi va turli zararlardan ham saqlanishi, odam yo'lda harakatlanayotib unda o'zga insonlarning ham haqi bor, unga xiyonat qilmaslik kerak, degan mazmunda yondoshishi zarurligini qayd etib o'tdi.
Shuningdek, taqdimotda Toshkent davlat transport universiteti professori, texnika fanlari doktori Qudratulloh domla Azizov, mehnat faxriysi Nuriddin Muhiddinov, kitobxon muxlis Maqsud hoji va boshqalar kitob haqida fikr mulohazalarini bildirdi. Muallif Hasanxon Yahyo Abdulmajid tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilariga minnatdorlik izhor etdi.
Yakunda O'zbekiston zaminidan etishib chiqqan allomalar, jumladan, Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy haqlariga xatmi Qur'on bag'ishlandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
U kishi aytadilar: Bir kampir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot mening huzurimda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: — «Siz kimsiz?» — dedilar. U: — «Men Jusama al-Muzaniyyaman», — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — «Yo‘q, siz — Hasona al-Muzaniyyasiz! O‘zingiz qandaysiz? Ahvollaringiz qanday? Biz ketgandan keyin qanday yashayapsizlar?» — dedilar. U: — «Yaxshimiz, otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam», — dedi.
Kampir chiqib ketgach, men dedim: — «Yo Rasululloh, shu kampirga bunchalik iliq munosabat ko‘rsatmasangiz?» Shunda u zot: — «U Xadicha zamonida uyimizga kelib turar edi. Eski tanishlar bilan chiroyli muomala qilish iymondandir», dedilar.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV