Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Oktabr, 2025   |   29 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:23
Quyosh
06:41
Peshin
12:13
Asr
15:51
Shom
17:37
Xufton
18:49
Bismillah
21 Oktabr, 2025, 29 Rabi`us soni, 1447

Aqliy faoliyatimizni o'zgartirishimiz lozim

10.01.2022   1294   3 min.
Aqliy faoliyatimizni o'zgartirishimiz lozim

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan bir safarga chiqdilar. Kechasi bir kishining makoniga etib bordilar. U o'zining hovuzining oldida o'tirgan edi. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu unga dedilar:

- Hoy hovuzning egasi! Kechasi hovuzingdan yirtqichlar ichganmi?

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hovuzning egasiga dedilar:

- Ey hovuzning egasi! Bunga hech narsa aytma. Bu zo'raki inson. Qornida olib ketgani hayvonnikidir, qolgani bizga ichimlik va tozalovchidir!

Hazrati Umar roziyallohu anhu o'zlariga bu darsni yaxshi singdirib oldilar.

Imom Molik rohimahullohnning «Muvatto»larida keladi:

«Umar ibn Hattob roziyallohu anhu bir jamoa bilan safarga chiqdilar. Ular orasida Amr ibn Os roziyallohu anhu ham bor edi. Ular bir hovuzning oldiga kelishdi. Shunda Amr ibn Os roziyollohu anhu hovuz egasiga:

- Hoy hovuzning egasi! Hovuzingdan yirtqichlar ichadimi?

Shunda Umar roziyallohu anhu hovuz egasiga dedilar:

- Unga hech narsa aytma. Yirtqichlar ichgan joydan biz ichamiz, biz ichgan joydan ular ichadi!

Imom Buxoriy rohimahullohning hadis to'plamlarida keladi:

«Umar roziyallohu anhu aytdilar: «Biz takallufdan qaytarilganmiz!».

Imom Tabaroniy, Hokim va Bayhaqiylarning hadis to'plamlarida Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni mehmonga takalluf qilishdan qaytardilar».

Bu buyuk din bizni qiynalmasdan oddiy hayot kechirishimizni istaydi. Eng yaxshi narsalarni qidirib o'zimizni qiynashimizni xohlamaydi. Boshqalarning vazifasini bajarish uchun bir uyum qarzni gardanimizga yuklab olishimizni, odamlarga hashamatli ko'rinish uchun zo'rma-zo'raki qimmat narsalarni sotib olishimizni istamaydi.

Biz shariatda foyda bermaydigan ilm izlamaymiz. Zarar bermaydigan johillikni qidirmaymiz. Bu ham takallufdir.

Imom Sha'biy rohimahullohdan bir kishi so'radi:

- Iblisning xotinini ismi nima bo'lgan?

Sha'biy javob berdi:

- Ularning nikohida guvoh bo'lmagan edim!

Ibrohim alayhis salom so'ygan va to'rtta tog'ning ustiga qo'ygan qushlarning navini bilishga intilish, ashobi kahfning itining rangini surishtirish, Qobil va Hobilning qaysi tilda gaplashganini surishtirish kabilar takallufdir!

Aqliy faoliyatimizni o'zgartirishimiz lozim. Takallufni tark qilishimiz kerak. Ana shunda hayot engillashadi!

Abdulqodir Polvonov

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Til – millatning ma’naviy-ruhiy boyligi

21.10.2025   1759   5 min.
Til – millatning ma’naviy-ruhiy boyligi

O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli,

bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.

         Shavkat Mirziyoyev

     O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
 

          Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.


    Davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.


   So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida qabul qilinishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi. Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona  tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.        


    Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat  tili  to‘g‘risida”gi  qonunining  qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.


O‘zbek  tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi  hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz  asarlarida  yaqqol  ko‘rish  mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning  hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin  Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror  romanlari-oqibat so‘zlarini  boshqa  tilga  aynan  tarjima  qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar  xalqimizga xos va ularni  aytishga  faqat  shu til  qodirdir. Bizning  ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til  orasida turkiy tillar oilasiga mansub  bo‘lib, jonli  til sifatida  qipchoq, qarluq, o‘g‘iz  lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek  adabiy tili esa ana  shu lahjalardagi  so‘zlarning  ma’lum  bir me’yoriga  keltirilgan  shaklidir. U  muttasil o‘sib, rivojlanib  bormoqda. Uning rivojida so‘z  mulkining sultoni  Alisher Navoiyning xizmatlari  beqiyosdir. Hazrat  Navoiy  til  xaqida bunday  yozadilar: “Ko‘ngil  xazinasining  qulfi  tildir. Ul  xazinaning  kalitidin so‘z bil”.


O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.  


Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.


Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”.


Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo‘shsak, o‘zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o‘rni va poydevorini shunchalik mustahkam qo‘ygan bo‘lamiz.


Odiljon  Narzullayev,

Yangiyul tumani  “Qirsadaq’’ jome masjidi   imom  xatibi