Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan bir safarga chiqdilar. Kechasi bir kishining makoniga etib bordilar. U o'zining hovuzining oldida o'tirgan edi. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu unga dedilar:
- Hoy hovuzning egasi! Kechasi hovuzingdan yirtqichlar ichganmi?
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hovuzning egasiga dedilar:
- Ey hovuzning egasi! Bunga hech narsa aytma. Bu zo'raki inson. Qornida olib ketgani hayvonnikidir, qolgani bizga ichimlik va tozalovchidir!
Hazrati Umar roziyallohu anhu o'zlariga bu darsni yaxshi singdirib oldilar.
Imom Molik rohimahullohnning «Muvatto»larida keladi:
«Umar ibn Hattob roziyallohu anhu bir jamoa bilan safarga chiqdilar. Ular orasida Amr ibn Os roziyallohu anhu ham bor edi. Ular bir hovuzning oldiga kelishdi. Shunda Amr ibn Os roziyollohu anhu hovuz egasiga:
- Hoy hovuzning egasi! Hovuzingdan yirtqichlar ichadimi?
Shunda Umar roziyallohu anhu hovuz egasiga dedilar:
- Unga hech narsa aytma. Yirtqichlar ichgan joydan biz ichamiz, biz ichgan joydan ular ichadi!
Imom Buxoriy rohimahullohning hadis to'plamlarida keladi:
«Umar roziyallohu anhu aytdilar: «Biz takallufdan qaytarilganmiz!».
Imom Tabaroniy, Hokim va Bayhaqiylarning hadis to'plamlarida Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni mehmonga takalluf qilishdan qaytardilar».
Bu buyuk din bizni qiynalmasdan oddiy hayot kechirishimizni istaydi. Eng yaxshi narsalarni qidirib o'zimizni qiynashimizni xohlamaydi. Boshqalarning vazifasini bajarish uchun bir uyum qarzni gardanimizga yuklab olishimizni, odamlarga hashamatli ko'rinish uchun zo'rma-zo'raki qimmat narsalarni sotib olishimizni istamaydi.
Biz shariatda foyda bermaydigan ilm izlamaymiz. Zarar bermaydigan johillikni qidirmaymiz. Bu ham takallufdir.
Imom Sha'biy rohimahullohdan bir kishi so'radi:
- Iblisning xotinini ismi nima bo'lgan?
Sha'biy javob berdi:
- Ularning nikohida guvoh bo'lmagan edim!
Ibrohim alayhis salom so'ygan va to'rtta tog'ning ustiga qo'ygan qushlarning navini bilishga intilish, ashobi kahfning itining rangini surishtirish, Qobil va Hobilning qaysi tilda gaplashganini surishtirish kabilar takallufdir!
Aqliy faoliyatimizni o'zgartirishimiz lozim. Takallufni tark qilishimiz kerak. Ana shunda hayot engillashadi!
Abdulqodir Polvonov
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Ey Oysha, miskinni quruq qaytarma, hech bo‘lmasa yarimta xurmo bo‘lsa ham bergin. Miskinlarga muhabbatli va yaqin bo‘l. Shunda qiyomat kuni Alloh seni O‘ziga yaqin qiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).