Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Oz uxlash solih zotlarning odatidandir

05.01.2022   2052   4 min.
Oz uxlash solih zotlarning odatidandir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Ommatan musulmonlarga, xususan tolibi ilmlarga vaqtlarini ko'p uxlash bilan zoye qilib yubormasliklari lozim bo'ladi. Bunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlarga iqtido qilishlik bor. Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad alayhissalotu vassalom), albatta Parvardigoringiz siz va siz bilan birga bo'lgan kishilardan iborat toifa (ya'ni, sahobalaringiz goho) kechaning uchdan ikkisidan ozrog'ida, (goho) uning yarmida va (goho) uchdan birida (bedor bo'lib, namozda) turishlaringizni bilur» (Muzzamil surasi, 20-oyat).

uningdek, bu buyuk imomlarimiz va salafi solihlarimizning ham odatlaridandir.

Imom Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh aytadilar: «Bizga imom Abu Hanifaning qirq yil besh vaqt namozni bir tahorat bilan o'qiganlari, uyqulari o'tirgan holatlarida bo'lishi, peshin va asr oralig'ida bir lahza orom olishlari, qish paytida tunning avvalida bir lahza uxlashlari va Qur'oni karimni ikki rakatda jamlashlarining xabari etib kelgan».

Yana aytadilar: «Abu Hanifa odamlarning eng bilimdonidir». Boshqa bir o'rinda: «Fiqhda Abu Hanifaga o'xshagan biror kishini ko'rmadim», deganlar. («Tobaqotul kubro» asarida kelgan 1/46-bet).

Hasan ibn Ammora rohimahulloh Abu Hanifa rohimahulloh vafot etganlarida, u zotni yuvayotib, shunday deganlar: «Alloh sizni mag'firat qilsin! O'ttiz yildan biri og'iz ochmadingiz (ya'ni, kunduzi ro'zador bo'ldingiz) va qirq yil tunda yonboshingizni erga qo'ymadingiz». (Imom Zahabiyning «Manoqibu Abi Hanifa» kitobida kelgan 13-bet).

Imom Hammoniy rohimahulloh aytadilar: «Abu Hanifani olti oy lozim tutdim. U zot bomdod namozini xufton namozining tahorati bilan o'qir edilar va har kecha Qur'oni karimni sahar vaqtida xatm qilar edilar». (Imom Zahabiyning «Manoqibu Abi Hanifa» kitobida kelgan 13-bet).

Imom Muhammad ibn Salama rohimahulloh aytadilar: «Muhammad ibn Hasan Shayboniy tunni uch qismga taqsimlagan edilar: o'xlash uchun bir vaqt, namoz uchun bir vaqt va dars qilish uchun bir vaqt. U zot sahar vaqti doim uyg'oq bo'lar edilar. U zotga: «Nega uxlamaysiz?», deb so'rashganda «Qanday qilib uxlaymiz, axir odamlar bizga ishonib uyquga ketgan bo'lsalar?! Ular: «Boshimizga bir ish tushsa, uni unga olib boramiz, u unga echim topib beradi», deb aytadilar. Agar uxlasak, bunda dinni zoye qilishlik bor», deb javob berganlar. («Bulug'ul amoniy» kitobida kelgan 59-bet). 

Imom Zahabiy rohimahulloh Shayxul Islom Muhyiddin Yahyo ibn Sharaf Navaviy rohimahulloh haqlarida shunday aytadilar: «U zot 631-hij. yilda Nava shahrida dunyoga keldilar. 649-hij. yilda Damashqqa keldilar. U erda «Rovahiyya» madrasasida madrasa nonidan tanavvul qilib kun kechirdilar. U zot aytadilar: «Ikki yil yonboshimni erga qo'ymadim». Bu orada u zot «Tanbeh» asarini to'rt yarim oyda yod oldilar va yilning qolgan vaqtida «Muhazzab» asarining to'rtdan birini ustozlari Kamol Ishoq ibn Ahmad rohimahullohga yoddan o'qib berdilar». («Qiymatuz zamon» 71-bet va «Tazkirotul huffoz» 4/1472 kitoblarida kelgan).

Shayx Saloh Abulhoj hafizahullohning

«Qalbni sug'organ hikmat ziloli» kitobidan.

Abdussami Hayrulloh tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qariyani ovora qilibsan-ku

14.07.2025   3601   3 min.
Qariyani ovora qilibsan-ku

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.

Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!

Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.

Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.

Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi