— Hozir ko'pchilik lotereya o'ynashga qiziqib ketdi. Lotereyalarning ham turli-tumani chiqib ketgan. Men lotereya o'ynash harom, undan kelgan pul ham harom, chunki qimorga kiradi, deb o'qigandim. Lotereya o'ynayotgan do'stlarimga shuni aytsam, ular: “Bunga dalil yo'q, qimorga kirmaydi, avvallari bunday o'yinlar bo'lmagan”, deyishyapti. Iltimos, dinimizdan dalil keltirib bersangiz, men ularga ko'rsatardim.
— Umumiy qoida: ko'pchilik pul tikib, garchi ozginadan bo'lsa ham ulardan biriga o'sha pul yutuq sifatida etishi qimor hisoblanadi.
Bir tomon o'zi tarafidan yutuq qo'ysa, uni olish joiz. Masalan, biror tashkilot sport musobaqasini uyushtirib, qatnashuvchilardan pul olmasdan o'zi tarafidan yutuq tayinlasa, g'olibga uni olish joiz.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Bir hadis o‘qib qoldim. Unda Baqara surasini “ushlash” baraka degan jumla bor ekan. “Ushlash” so‘zini qanday tushunamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Baqara surasining fazilati haqida bir qancha hadisi shariflar kelgan. Shulardan birini imom Muslim rahimahulloh Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. U hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni o‘qinglar. Chunki u qiyomat kuni o‘z ahli uchun shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o‘qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o‘z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o‘qinglar. Uni ushlash baraka, tark etish esa hasratdir. Unga sehrgarlar qodir bo‘la olmaslar”, deganlar.
Mazkur hadisni sharhlagan Mulla Ali Qori rahimahulloh hadisda kelgan “ushlash” so‘zidan murod mazkur suraning tilovatida bardavom bo‘lish, ma’nolarini tadabbur (tafakkur) qilish va unda kelgan hukmlarga amal qilishdir, ana shunda xayru baraka, ulkan foydalar bo‘ladi, deganlar.
Ushbu hadisi sharifdan Baqara surasi fazilati ulug‘ sura ekani, uni o‘qib-amal qilish ulkan baraka ekani, uni tilovat qilib yurganlarga sehr-jodu ta’sir qilmasligi ayon bo‘lmoqda. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.