O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Nuriddin domla hazratlari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Asmo binti Yaziyd roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Allohning ismi a’zami ushbu ikki oyatdadir: «Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U Rohman va Rohiymdir» va Oli Imronning avvalidagi «Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir» oyatidadir», dedilar».
Imom Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Darhaqiqat, bu ikki oyatda zikr qilingan Alloh taoloning ismlari o‘zida katta ma’nolarni jamlagandir. Keling, ular bilan yaqindan tanishib chiqaylik:
«Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U Rohman va Rohiymdir» (Baqara surasi, 163-oyat).
Ushbu oyatda Islom aqiydasining bosh masalasi – Allohning yagonaligi asosiy qoida sifatida ilgari surilmoqda. Allohning borligiga hech qachon shubha bo‘lmagan. Uning zoti va sifatlari haqida tortishuvlar doimo bo‘lib turardi. Uning maxluqotlar bilan aloqasi haqida ham tortishuvlar kechgan. Faqat dahriylargina ilohning yo‘qligi haqida safsata sotdilar. Allohning borligini inkor etdilar.
«Alif. Laam, Miym. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir» (Oli Imron surasi, 1-2-oyatlar).
Oyati Kursiyda kelganidek, ushbu oyati karima tavhidni, Allohning yagonaligini xolis bayon qiladi. Alloh taolodan o‘zga bandalarning ibodatiga sazovor hech bir ilohi ma’bud yo‘qdir. Alloh doim tirikdir, o‘lmaydi. U Qoyyum – bandalari ishlarining tadbirida doimo qoim turuvchidir. Boshqalarning turishi ham U Zot bilandir.
Bu ikki oyati karimada ham Alloh taoloning bir necha ismlari zikr qilingan. Ammo ulardan qaysi biri Ismi A’zam ekaniga aniq ishora yo‘q.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi