Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Aprel, 2026   |   20 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:32
Quyosh
05:54
Peshin
12:30
Asr
17:02
Shom
19:00
Xufton
20:16
Bismillah
09 Aprel, 2026, 20 Shavvol, 1447

«Qarzi hasana» nima?

02.01.2022   2887   5 min.
«Qarzi hasana» nima?

Qarz munosabatlari hayotimizga chuqur singib ketgan. Hayotda kimdir kimdandir qarz olishga majbur bo'lib qoladi. Islom hayotning barcha jabhalarini tartibga solgani kabi qarz masalalari ilohiy qonunlar bilan belgilab qo'yilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarni muhtojlarga qarz berib, ularni qo'llab-quvvatlashga da'vat etar edilar.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:

“Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar” (Baqara surasi, 245-oyat).

Oyat mazmunidan ko'rinib turibdiki, Alloh O'zining yo'lida “qarzi hasana” – yaxshi qarz beradiganlar bormi, yo'qmi deb so'rayapti. Mufassirlar “qarzi hasana” deb insonning Alloh yo'lida sarflangan boyligini tushuntirganlar. Bu boylikning bu dunyo hayotida qaytarilishi shart qilinmagan. Odatda, qarzning mohiyatida uni bergan odamga qaytarish sharti mavjud.

Allohga qarzi hasana bergan mo'minga olamlar Rabbisi bu qarzni bir necha barobar qilib qaytaradi. Odamning tabiati shuki, agar kimgadir qarz bersam, mol-dunyom kamayib qoladi, deb xavotirlanadi. Alloh bu xavotirdan mo'minlarni qaytarmoqda. Demak, rizqni tang qiladigan ham, keng qiladigan ham Alloh.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Allohga “Qarzi hasana” qiladigan kishi bormi?” oyati nozil bo'lganda, Abu Dahdah ismli sahoba:

– Yo Rasululloh, Alloh bizdan qarz so'rayaptimi? – dedi.

– Ha, ey Abu Dahdah, – dedilar Sarvari olam. Shunda Abu Dahdah Rasululloh alayhissalomga: .

– Qo'lingizni bering, – dedi va:

– Men Rabbimga bog'imni qarz berdim, – dedi. Shunda Nabiy alayhissalom:

– Jannatdagi duru yoqutdan bo'lgan xurmozorlar Abu Dahdahniki bo'ldi, – dedilar”.

Bugun qarz oldi-berdisi katta muammolardan biriga aylandi. Bu masalada quyidagi holatlarga duch kelyapmiz:

Muhtoj bo'lmasa ham, odamlarni aldab qarz olib, shuning evaziga yashaydiganlar ko'paydi;

Qarz olgach, imkoniyati tug'ilsa ham, uni qaytarmayotganlar uchrayapti;

Juda muhtoj odam qarz so'rab kelsa ham, berishni istamaydigan insonlar bor.

Umuman olganda, bu kabi holatlarni isloh qilish o'zimizga bog'liq. Inson qarz berar ekan, so'rovchining rostgo'yligi, asl holati haqida ma'lumotga ega bo'lgan holda qaror qabul qilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, qarz olganlar ham imkonlari bo'lishi bilan uni qaytarishlari kerak.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda qilsa, Alloh undan (yordami ila) ado etadi. Kim yo'q qilishni niyat qilib olsa, Alloh uni yo'q qiladi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisi sharifdan ma'lum bo'lyaptiki, qarz olayotganda inson niyatni to'g'rilab olishi lozim. Ya'ni qarzdan maqsad – qiyin moliyaviy sharoitdan chiqib, darhol uni sohibiga etkazish. Alloh qarzdorning har ikki niyatiga etkazadi: qaytaraman desa, unga baraka yog'diradi. Qaytarmayman desa, qo'lini qisqartirib, yana ham og'ir, yana qashshoq holga tushishini iroda qiladi. Bu haqiqatning jonli misollarini ko'p  ko'ramiz.

Aslida, qarz sadaqadan yaxshiroq deb aytiladi. Chunki sadaqa olgan odam uni qaytarish haqida o'ylamaydi. Qarzdor esa qaytarish uchun harakat qiladi va tanballikdan himoyalanadi.

Alloh taolo qarzdorlarga najot bersin! Bizni qarz oladigan emas, balki muhtojlarga Alloh yo'lida qarzi hasana beradigan bandalari qatoridan qilsin!

Abdul Hamid Malikov,

“Piskent” jome masjidi imom xatibi

 

manba: fitrat.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro nashrda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Amir Temur haqida tahliliy maqola chop etildi

09.04.2026   666   1 min.
Xalqaro nashrda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Amir Temur haqida tahliliy maqola chop etildi

Qatarning nufuzli «Gulf Times» gazetasida O‘zbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Sohibqiron Amir Temurning ma’naviy merosiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» agentligi.


«Amir Temur merosi Islom sivilizatsiyasi markazida: Uchinchi Renessansning intellektual asosi» sarlavhali materialda Markazning nafaqat mintaqa, balki global islom sivilizatsiyasidagi o‘rni tahlil qilingan.


Maqolada asosiy urg‘u Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga qaratilgan. Ta’kidlanishicha, Temuriylar davridagi ilm-fan, madaniyat va me’morchilik taraqqiyoti bugun O‘zbekistonda poydevori qo‘yilayotgan Uchinchi Renessans uchun asosiy ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Bugun Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi — Amir Temur tomonidan asos solingan buyuk davlatchilik va ilm-fan an’analarining zamonaviy ko‘rinishidir. Markaz Sohibqironning "Kuch — adolatdadir" degan tamoyilini intellektual salohiyat bilan boyitib, yangi davr poydevorini namoyon etmoqda»,– deb yozadi «Gulf Times».


Nashrning qayd etishicha, Markaz shunchaki muhtasham bino emas, balki buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur davridagi «oltin davr»ni bugungi innovatsiyalar bilan bog‘lovchi strategik maskandir.


«Gulf Times» tahliliga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu majmua O‘zbekistonning jahon maydonidagi madaniy diplomatiyasini yangi darajaga olib chiqdi. Markazning ulkan gumbazi va har bir naqshi Amir Temur davri me’morchiligining zamonaviy talqini bo‘lib, u ilm va ma’rifatga intilgan ajdodlar ruhini aks ettiradi. 

O‘zbekison musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati


 

Dunyo yangiliklari