Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Insonni qadrlash, yoshi ulug'larni hurmat qilish, o'tganlarni yaxshi nom bilan eslash dinimiz ko'rsatmalaridandir. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etgan odamni yaxshilik bilan eslashga buyurib, bunday deganlar:
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتَاكُمْ وَكُفُّوا عَنْ مَسَاوِيهِمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.
"Vafot etganlaringizning yaxshiliklarini zikr qilinglar"(Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati).
Halqimizning ana shu go'zal qadriyati bugun yana bir bor o'zini namoyon qilmoqda. Umrini Islom dini xizmatiga atagan, xalqimizni ma'rifatli qilish yo'lida tinmay mehnat qilgan taniqli ulamo, fazilatli ustoz Usmonxon Temirxon o'g'li Alimov rahimahulloh vafot etganlaridan buyon u kishining haqqiga tilovat qilib, duo qilayotganlarning keti uzilmayapti.
Usmonxon Temirxon o'g'li hazratlari 2006 yil O'zbekiston musulmonlari idorasiga rais bo'lib saylanganida, dastlab xalqimizni ma'rifatli qilish, ko'proq ilm bilan shug'ullanib, elga ziyo taratish zarurligini ta'kidlagan edilar.
Hazratning bu gaplari so'zligicha qolib ketmadi. O'zlari bu borada namuna bo'lib, dastlab “So'ragan edingiz...” nomli risolalarni ta'lif etdilar. Tabiiyki, savol-javob tarzidagi bu risolalar xalqimizga juda manzur bo'ldi. Hazratning “So'ragan edingiz...” risolalaridan savol-javoblarni ko'plab nashrlar ko'chirib bosdi.
Hazrat tomonlaridan ta'lif etilgan Qur'oni karim ma'nolari tarjimasi va tafsir kitobi – “Tafsiri Irfon” bugungi voqeligimizga moslab, xalqchil tilda, ayni chog'da, yuksak ilmiy mahorat bilan tarjima va tafsir etilgani bilan yanada ahamiyatli bo'lmoqda.
U kishidan xalqimizga “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo''jizalari”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Sunnat va hadis”, “Ilmning fazilati”, “Ehsonning fazilati” kabi 30 ga yaqin asar meros bo'lib qoldi.
Rahmatli muftiy hazratlari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o'xshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo'rlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o'shani olsa, ulug' nasibani olibdi”, degan hadislariga muvofiq (Imom Au Dovud va Imom Termiziy rivoyati) payg'ambarlardan ulug' nasibani olish barobarida ularni xalqqa, yurtimiz mo'min-musulmonlariga etkazdilar ham.
Usmonxon ibn Temirxon hazratlari hayotda o'ta samimiy, dono, taqvodor, kamtar va duogo'y edilar. Og'ir, fitnali, munozarali vaziyatlarda ham bosiqlik va donolik bilan ish yuritar, adolat bilan qaror qabul qilardilar.
Marhum muftiy hazratning yana go'zal bir fazilatlaridan biri – yurtimizning qaysi hududiga borsalar, masjidlarda namozxonlar bilan uchrashib, dildan suhbatlashib, ularga yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning go'zal natijalari haqida xushxabar berar edilar.
Hazrat faqat mamlakatimizda yoki Markaziy Osiyo davlatlarida emas, balki butun Islom olamida taniqli bo'lganlar. Hususan, 2012 yilda Islom olami uyushmasi ta'sis majlisining a'zosi hamda Butundunyo ulamolar kengashi a'zosi etib saylandilar.
Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e'lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro'yxatidan munosib o'rin egalladilar. U kishi o'tgan 11 yil davomida ushbu ro'yxatdan mustahkam joy olganlar.
Rahmatli muftiy hazratlari islomning barcha ilmlari sohasida tan olingan dunyo olimlari qatoridan o'rin oldilar. Hazrat O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining faxriy doktori unvoniga ham munosib bo'ldilar. Davlatimiz va xalqimiz oldidagi unutilmas xizmatlari, jamiyatimizda bag'rikenglik va dinlararo totuvlik muhitining mustahkamlanishiga qo'shgan munosib hissalari uchun Davlatimiz Rahbari tomonlaridan “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edilar. Islom dini ma'rifatini tarqatish va o'zaro hamkorlikdagi keng ko'lamli ishlar uchun Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan taqdirlanganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning:
إذا مات ابنُ آدمَ انقطع عملُه إلا من ثلاثٍ : صدقةٍ جاريةٍ وعلمٍ ينتفعُ به وولدٍ صالحٍ يدعو له.
“Qachonki odam bolasi o'lsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqadan, manfaat oladigan ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi”, deb aytgan hadislariga muofiq hayot tarzini hazratimizning hayot yo'llarida ko'rishimiz mumkin. Masjid va madrasalarning tashkil etilishi joriy sadaqa, shogird va asarlar – manfaatli ilm va haqqiga duo qiladigan solih farzand – hazratimizning Qur'oni karimni hifz qilgan, ilm sohiblari bo'lmish murattab qori va el koriga xizmatda bo'lgan farzandlaridir.
Bir so'z bilan aytganda, inson erishishi kerak bo'lgan eng yuksak martaba va axloq bobida namuna bo'lgan oliyjanob ziyo nuri edilar. Mutafakkir olim, mufassir, muhaddis, tariqat peshvosi hazrat Usmonxon Temirxon o'g'lining samarali va namunali hayoti biz va kelgusi avlod yodida saqlanib qoladi. O'git va saboqlari, ilmiy asarlari yurtimiz musulmonlari uchun manfaatli bo'ladi insha Alloh.
Marhum Usmonxon Alimov hazratlari qoldirgan ilmiy merosni munosib ravishda o'rganish, yosh avlodga etkazish maqsadida marhum muftiy hayotlik chog'larida ta'lif etgan asarlarning keng o'rganish bo'yicha amaliy sa'y-harakatlar olib borilmoqda.
Alloh subhanahu va taolo muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li hazratlarini dini mubinimiz yo'lidagi beqiyos xizmatlari, ilm-ma'rifat, ziyo tarqatish yo'lidagi tinimsiz mehnatlarini husni qabul aylab, O'z mag'firati bilan siylasin. Qabrlarini jannat bog'laridan qilib, oxiratlarini obod qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohga hamdlar bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Ulardan ham, bizdan ham rozi bo‘l, yo olamlar Robbi.
Shak-shubhasiz, koinot, jamodot, nabotot va hayvonot bir-biridan farq qiladi. Ularning ayrimlari jonsiz, qolganlari jonli. Ba’zilari vaznga ega, hajmi bor va h.k.
Ammo insoniyat boshqa jonzotlar farqli o‘laroq fikr yuritadi, tafakkur qiladi. Agar inson ilm izlamasa, Robbi uni qo‘ygan darajadan pastga tushadi, bu esa uning mavqeiga mos kelmaydi. Natijada, u o‘lik sanaladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo‘q. Balki yana ham yo‘ldan ozganroqdirlar” (Furqon surasi, 44-oyat).
“Ular xuddi suyab qo‘yilgan xodaga o‘xsharlar” (Munofiqun surasi, 4-oyat).
“Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar” (Juma surasi, 5-oyat).
Inson mavjudligining sirini, hayotdan maqsadni va haqiqatni izlashi, o‘lim nima, o‘limdan keyin nima bo‘lishi haqida fikr yuritishi lozim.
Har bir aqlli odam ham dono emas. O‘tkinchi dunyo hayotining mayda-chuydalariga berilib ketmagan, o‘zini Allohning bandasi ekanini unutmagan, kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan Jannat uchun harakat qilgan inson – dono sanaladi. Bunga faqat ilm izlash orqali erishish mumkin.
Demak, agar kim dunyoni istasa, ilm izlasin. Oxiratni istasa, ilm izlasin. Agar har ikkisini ham xohlasa, ilm izlasin. Alloh buyukdir”.
Davron NURMUHAMMAD