Shu yil 30 dekabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida 2021 yilda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Tadbir Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi.
Muftiy hazratlari Islom dini ma'rifatini keng yoyish, mo'min-musulmonlar ehtiyojini ta'minlash va masjid-madrasalarni obod etish yo'lida qilingan ishlar haqida so'z qildilar. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonlaridan diniy-ma'rifiy sohani rivojlantirishga berilayotgan diqqat-e'tiborni mamnuniyat ila qayd etdilar.
Nutqda ta'kidlangan asosiy ishlarga to'xtaladigan bo'lsak, o'tayotgan yilda 25 ta yangi masjid ochildi. 96 ta jome yangidan qurildi, 123 tasi kapital ta'mirlandi. Ayni kunlarda 250 ta masjidda qayta qurish ishlari davom etmoqda. 2022 yilda 160 ta masjidni yangidan qurish ishlari boshlanadi.
Halqaro islom akademiyasida 820 nafar imom-xatib, 810 nafar imom noibi bilim va ko'nikmalarini oshirdi. Hududlarda imom-xatiblarning qiroat, aqida, fiqh bo'yicha ilmlarini sayqallash bo'yicha sa'y-harakatlar olib borilmoqda. 200 nafar muazzinning azon aytish mahorati oshirildi.
Barcha hududlar, ayniqsa, olis va chekka tumanlarda ulamolarimiz aholi bilan suhbatlar tashkil qildilar. Bunday ishlar hududlar miqyosida davom etmoqda. Imom-xatiblar homiylarni jalb qilgan holda yordamga muhtoj kishilarga jami 15 mlrd. so'mlik moddiy yordamlar uyushtirdilar. Diniy soha xodimlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar qilindi.
Oliy va o'rta maxsus madrasalarga qabul kvotalari o'tgan yillarga nisbatan ko'tarildi. Diniy ta'lim berish sifatini tubdan yaxshilash bo'yicha fan dasturlari qayta ishlab chiqildi. Ikki nafar ulamo Azizxo'ja Inoyatov va Soatmurod Primov Falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy unvonini oldi, yana bir qator soha xodimlari ilmiy ishlarni davom ettirmoqda.
Tashkil etilgan “Qur'oni karim va tajvid” o'quv kurslari soni 21 taga etdi. Shu kunga qadar 22 mingdan ziyod kishiga qiroat bo'yicha boshlang'ich ilmlar berildi. Ayni kunlarda ushbu o'quv kurslarda 2,5 ming kishi tahsil olmoqda.
Fatvo ishlarini kengaytirish uchun malakali mutaxassislar ishga olindi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Natijada, joriy yil davomida Koll-markaz orqali 200 mingga yaqin savollarga javob berildi.
“Hidoyat sari” ko'rsatuvi negizida “Muftiy minbari” rukni tashkil etildi. “Madaniyat va ma'rifat” telekanalida “Ma'rifiy suhbatlar” nomli yangi turkum ko'rsatuv tasvirga olindi. Shuningdek, “O‘zbekiston” va hududiy telekanallarda “Zikr ahlidan so'rang” nomli ko'rsatuv efirga uzatila boshlandi. Imom-domlalarga tegishli bo'lgan 50 dan ziyod sayt va 300 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlarda ma'rifat ulashish ishlari izchil davom etmoqda.
Umra safarini tashkil etish bo'yicha qilingan sa'y-harakatlar ham o'zining natijasini bermoqda. Alloh nasib etsa, tez orada mavjud ehtiyot choralari ko'rilib, muborak safar boshlanadi.
Muftiy hazratlari barcha soha xodimlarini islom ummati va o'lkamiz farovonligi yo'lida elkami-elka mehnat qilishga da'vat etdilar. Diniy soha xodimlari avvalo, Haq taolo va dinimiz oldidagi mas'uliyatni ixlos ila ado etish, xalqimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash darkorligi, buning uchun esa tinimsiz mehnat qilish zarurligini alohida qayd etdilar.
Muloqotda so'zga chiqqanlar tomonidan bugungi hayot talablari qat'iylashib borayotgani, zamonaviy tahdidlar va xurujlarga soha xodimlari birinchi navbatda qarshi turishlari ta'kidlandi. O'z navbatida, har bir diniy soha xodimi o'zi mas'ul bo'lgan ishga vijdonan yondoshishi bilan bir qatorda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish kabilar ta'kidlandi.
Joriy yilda yutuq va muvaffaqiyatlarga erishishda salmoqli xizmat ko'rsatgan, faol va fidoyi bir guruh xodimlarga Maqtov yorlig'i va mukofotlar topshirildi.
Yig'ilish yakunida Diniy idora tizimida ko'p yillar mehnat qilgan mo''tabar ulamolar, taniqli ustozlar, xususan, rahmatli Usmonxon domla Temirxon o'g'lining din yo'lidagi xizmatlari yodga olinib, ularning solih amallarini o'zlariga hamroh aylashini Alloh taolodan so'rab, duoi xayrlar qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Muhtaram Prezident!
Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a’zolari nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt obodligi yo‘lida tunu kun qilayotgan fidokorona mehnatlaringizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin, ulkan zafarlar ato etsin!
Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida e’tiboringiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha Davlat Rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi.
Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda.
«Inson qadri uchun!» tamoyili asosida olib borilayotgan ishlaringizning yaqqol tasdig‘i sifatida, joriy yilning 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishdagi tarixiy qarorlaringizni alohida e’tirof etamiz.
Ramazon oyi arafasida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli ko‘rilmagan muruvvat namunasi bo‘ldi.
Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: «Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir», degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulug‘ hikmati mujassamdir.
Xalq manfaati yo‘lidagi bu g‘amxo‘rlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson bo‘lib, millionlab dillar quvonchga to‘lishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, yurtimizga fayzu baraka olib keladi.
Siz Janobi Oliylari tashabbuskori bo‘layotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – mo‘minning qalbiga quvonch kiritishdir”.
Ulamolar Allohning nazarida bo‘lgan insonlar qalbiga farah bag‘ishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq ko‘ngillarni ko‘tarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning og‘irini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaganlar.
Yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Sizning islom ma’rifatiga qo‘shayotgan bebaho hissangiz ifodasidir.
Muhtaram Prezident!
Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak e’tiqodli Yurtboshini Allohning O‘zi yetkazgan.
Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.
Alloh taolo Sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon Ota va Ma’rifatxon Onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga to‘ldirsin.
Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni O‘z rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.
Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon O‘zbekistonimizni o‘z panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin.
Yuksak hurmat va ehtirom ila,
Shayx Nuriddin Xoliqnazar
Shayx Abdulaziz Mansur
Rahmatullo qori Obidov
Homidjon domla Ishmatbekov
Zayniddin domla Eshonqulov
Shayx Rahmatulla Termiziy
Rahimberdi domla Rahmonov
Shayx Alijon qori Haydarov
Ismoil Muhammad Sodiq
Maxammadbobur domla Yuldashev
Muhammadamin domla Alixonov
Foziljon qori Ubaydullayev
Muhammadayubxon domla Homidov
Habibulloh qori Abdurazzoqov
Abulqosim qori Karimov
Isroiljon qori Ismoiljonov
G‘ulomjon domla Xolboyev
Abduqahhor Yunusov
Doniyor Ikramov
Abdulloh Samatov
Xayrullo Abdullayev
Jobir Elov
Mehmon Jabborov
Habibullo Zokirov
Ahmadxon Alimov
Mirzamaqsud Alimov
Temur Atoyev
Ubaydulloh Abdullayev
Rasuljon Abdullayev
Rahmatulloh Usmonov
Baxramaddin Razov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati