Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi 2023 yilda Samarqand shahrida o'tkaziladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Turizm va sport vazirligi ma'lumotiga ko'ra, bu haqda O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Aziz Abduhakimov Ispaniyaning Madrid shahrida bo'lib o'tayotgan UNWTOning 24-sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga ko'ra ma'lum qildi.
— Shunisi diqqatga sazovorki, tarixda birinchi marta BMT oilasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Bosh assambleyasi O'zbekistonda bo'lib o'tadi, — dedi mamlakatimiz Bosh vazirining o'rinbosari. — Bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan olib borayotgan siyosat, turizm sohasini rivojlantirish hamda bu orqali mamlakatimizning jahon sahnidagi nufuzini oshirish yo'lidagi sa'y-harakatlar natijasidir.
Ta'kidlash lozimki, UNWTO Bosh assambleyasi 25-sessiyasining qadimiy Samarqandda o'tkazilishi bu erga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi O'zbekiston turizm salohiyatini xalqaro ko'lamda yanada kengroq targ'ib qilishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, yuqori darajadagi tadbir jahon ommaviy axborot vositalarining ham e'tiborini tortadi.
Shu o'rinda qayd etish joizki, Butunjahon turizm tashkiloti va unga a'zo davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarini yanada kengaytirish maqsadida 30 noyabr' - 2 dekabr' kunlari O'zbekiston delegatsiyasining Ispaniyaga tashrifi tashkil etildi. 24-sessiyada ishtirok etgan O'zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda O'zbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi vakillari o'rin oldi.
Madrid shahrida o'tgan tadbir doirasida 2023 yilda UNWTO Bosh assambleyasini o'tkazish uchun O'zbekiston va Portugaliya da'vogarlik qildi. Tadbir yakuniga ko'ra, O'zbekiston yaqqol ustunlik bilan ovoz to'plab, 2023 yilgi Bosh assambleyani qadimiy Samarqand shahrida o'tkazilishi ma'lum qilindi.
UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta o'tkaziluvchi eng muhim turistik forum hisoblanadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #KPI #imom_xatib #faoliyat
Bugungi kunda diniy soha xodimlari faoliyatida samaradorlikni oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqat va fidoiylikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va ularning noiblari mas’uliyatini yanada oshirish, faoliyatini tahliliy asosda baholash, mehnatlarini munosib rag‘batlantirish hamda zaruratga ko‘ra lavozim bo‘yicha qarorlar qabul qilish maqsadida KPI tizimi joriy etilmoqda.
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tuman hamda shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda mazkur tizimdan foydalanish tartibi atroflicha tushuntirilmoqda. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov tomonidan KPI tizimining afzalliklari, shuningdek, mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni tizimga kiritish amaliyoti batafsil yoritib berilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, KPI (Key Performance Indicator) — tashkilot yoki xodim faoliyati samaradorligini baholashda qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar tizimi hisoblanadi. U shaxs yoki muassasaning belgilangan maqsadlarga qay darajada erishganini aniq ko‘rish imkonini beradi hamda jahon amaliyotida turli sohalarda samarali boshqaruv mezoni sifatida qo‘llaniladi. Mazkur tizim vazifalar ijrosini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash, mas’uliyatni oshirish va faoliyatdagi kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qiladi. Bu esa diniy-ma’rifiy ishlar, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini yanada samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
KPI tizimining joriy etilishi diniy sohada samaradorlik va natijadorlikni oshirish, jumladan, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati