Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Noyabr, 2025   |   16 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:01
Peshin
12:12
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:30
Bismillah
07 Noyabr, 2025, 16 Jumadul avval, 1447

Prezident farmoni bilan 182 nafar shaxs afv etildi

08.12.2021   975   2 min.
Prezident farmoni bilan 182 nafar shaxs afv etildi

Insonparvarlikning yuksak namunasi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig'i sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o'tayotgan hamda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan 182 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan to'liq ozod etildi, 108 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi engilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 63 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 6 nafarini chet el fuqarolari, 6 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 9 nafarini ayol hamda 25 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishlari, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishlari uchun ularga ko'mak berish bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

O'zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Dunyoga muhabbat

06.11.2025   2013   3 min.
Dunyoga muhabbat

Dunyo – insonning dushmani. Dunyo va uning matohlariga muhabbat barcha ilohiy din va shariatlarda la’natlangandir. Chunki u – barcha gunohlarning o‘chog‘i va fitnalarning manbaidir. Shuning uchun banda foniy dunyo jozibalariga berilmasligi, jamiyatning yuqori martabayu e’tiborlari sari talpinishni ko‘ngliga yo‘latmasligi zarur! Zero, obro‘yu e’tiborga bo‘lgan tashnalik bu dunyo boyliklarining muhabbatidan ko‘ra ham og‘irroqdir. Mana shu xatarli ikki sifatning insonda jam bo‘lishligi esa o‘zining ashaddiy dushmani bo‘lgan dunyoni sevishligiga dalolat qiladi.

Bu foniy dunyoning qanchalik manfur va noxush ekanligini tushunish uchun quyidagi misolning o‘zi kifoya qiladi. Alloh otamiz Odam alayhissalom va onamiz Havoni jannatdan yerga tushirganida jannatning rohatbaxsh hididan mahrum bo‘lgan ikki banda bu dunyoning badbo‘y hididan hushlarin yo‘qotib qo‘yadilar. Aytilishicha, ular qirq kun shu ahvolda yotgan ekanlar.

Xabarlarda keladi-ki, Alloh dunyoni yaratib, unga xitob etdi:

“Ey dunyo! Menga xizmat qilganlarning xizmatkori bo‘l! Senga xizmat qiluvchilarni o‘zingning yugurdak qullaringga aylantir!”.

Biz dunyoning matohu manfaatlari haqida gapirganimizda undagi mol, taom, kalom, uyqu va shunga o‘xshash narsalarni nazarda tutgan bo‘lamiz. Ey tariqat yo‘lining yo‘lchisi, sen o‘zingni bulardan saqlaginki, o‘tkinchi dunyo matohlarining jozibasi, lazzati ko‘nglingizni zinhor egallab qo‘ymasin! Va shuni bilingki, dunyo muhabbati yurakning ichidan unib chiqadigan tuklarga o‘xshaydi, agar inson yuragida bir dona tuk o‘sib chiqadigan bo‘lsa ham u o‘sha ondayoq halok bo‘ladi. Aynan shuning uchun Allohning irodasi bilan tuklar teri yuzasida o‘sadi, aksincha emas. Bundagi hikmat shundaki, jannatga mo‘minlar soch-soqolsiz, tanlari tuksiz, surma surilgan ko‘zday, hammalari teppa-teng, bir xil ko‘ngil bilan, bir-birlariga hasad va nafrat tuymasdan kiradilar.

Agar badanlarida tuklar o‘sgan bo‘lganida edi, bu ularni halokatga olib borgan bo‘lardi, chunki u dunyoda odamlar jisman va ruhan xuddi o‘sha yurak kabi bo‘ladilar va ularni Allohdan to‘suvchi parda va to‘siqlar bo‘lmaydi.

Shuni bilingki, murid dunyo lazzatlarini har qancha ko‘proq yoqtirsa, Allohning nazdida shunchalik darajada yoqimsiz bo‘ladi. Seni Allohdan chalg‘ituvchi har qanday narsa dunyoga tegishli bo‘lgani kabi seni Alloh va uning yodiga undovchi va eltuvchi har qanday narsa oxirat hayotiga tegishlidir.

Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisida aytilgan:

“Haqiqatda, Alloh dunyo kabi boshqa biror bir yoqimsiz narsa yaratmagan. Shu bois yaratganidan beri unga biror marta ham nazar solib qo‘ymadi[1](Imom Bayhaqiy rivoyati).

Shuningdek, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam yana marhamat qildilar:

“Dunyo ham, undagi bor narsalar ham la’natlandi, magaram Allohning zikri va unga eltuvchi narsalardan o‘zga!” (Imom Termiziy rivoyati)

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Ya’ni Alloh dunyoga o‘zi uchun biror bir qadri bor narsa sifatida qaramadi. Muharrir.