O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig'i sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o'tayotgan hamda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan 182 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan to'liq ozod etildi, 108 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi engilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 63 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 6 nafarini chet el fuqarolari, 6 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 9 nafarini ayol hamda 25 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishlari, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishlari uchun ularga ko'mak berish bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
O'zA
1975 yilda Fir’avn Ramzes IIning qabri topilganidan beri, olimlarni bir savol hayratga solmoqda. 3000 yildan ortiq vaqt ilgari halok bo‘lgan jasad qanday qilib bugungi kungacha bu qadar yaxshi holda saqlanib qolgan?
Bu savol bilan qiziqqanlar orasida fransiyalik mashhur tadqiqotchi doktor Moris Byukay ham bor. Fir’avnning jasadi ilmiy tadqiqot uchun Fransiyaga yuborildi. Ko‘plab tahlil va tekshiruvlardan so‘ng, doktor Moris Byukay Fir’avn jasadidan topilgan tuz zarralari uning dengizda halok bo‘lganiga ochiq dalil ekanligini aniqladi.
Qur’on bu haqiqatni 1400 yil avval bayon etgan edi. Fir’avn dengizda g‘arq bo‘lgani va uning jasadi Alloh taolo tomonidan saqlanishi haqida xabar bergan.
Matto va Luko injillarida faqat Fir’avnning hazrat Muso alayhissalomni quvgani haqida so‘zlaydi, ammo uning dengizda halok bo‘lishi yoki jasadining saqlanishi haqida hech narsa aytilmagan.
Shu haqiqatni anglaganidan so‘ng, doktor Moris Byukay Islomni qabul qildi.
Shuningdek, Britaniya muzeyining “Qadimgi Misr” bo‘limida YEA32751 inventar raqami ostida mo‘miyolanmagan, yoshi 3000 yillarga teng deya taxmin qilingan sajda holatidagi qadimiy jasad saqlanadi.
Ayrim manbalarga ko‘ra bu jasad Ramzes Ikkinchining o‘g‘li Merneptaxga (er. av. 1212-1202-y.) tegishli deb qaraladi. Chunki tarixiy ma’lumotlar Qur’onda tilga olinganidek yahudiylarning Misrdan quvg‘in qilinishi aynan ushbu Fir’avn davriga to‘g‘ri kelishini tasdiqlaydi.
Bugungi kunda Fir’avnning dengizda halok bo‘lib, minglab yillar o‘tsa-da, jasadining saqlanib qolgani — Alloh taoloning ulug‘ qudrati va oyatlaridan biridir. Bu haqda Qur’oni Karimning “Yunus” surasi, 90–92-oyatlarida bunday deyilgan:
“Va Bani Isroilni dengizdan o‘tkazdik. Bas, Fir’avn va uning askarlari haddan oshgan va tug‘yon qilgan holda ularni ta’qib etdilar. Toki unga g‘arq bo‘lish yetganida: “Bani Isroil iymon keltirgan zotdan o‘zga iloh yo‘qligiga iymon keltirdim va men musulmonlardanman”, dedi. Endimi! Oldin isyon qilgan va buzg‘unchilardan bo‘lgan eding-ku?! Bugun sening badaningni qutqaramiz. Toki o‘zingdan keyingilarga ibrat bo‘lgin. Albatta, ko‘p odamlar Bizning oyatlarimizdan g‘ofildirlar”.
Haqiqatdan ham, Qur’on Fir’avnning jasadi saqlanib qolishini oldindan xabar bergan va bugungi kunda uning mumiyasi Qohira shahridagi Misr Qirollik mumiyolari muzeyida saqlanmoqda.
Po‘latxon KATTAYEV,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.