O'zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misrning etakchi oliy ta'lim muassasalari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Hususan, Qohira universiteti arxeologiya fakul'teti dekani Ahmad Rajab Rizq bilan muzokaralar o'tkazilib, ilm-fan sohadagi hamkorlikni mustahkamlash yo'nalishlari muhokama qilindi.
Ahmad Rizq 2008-2011 yillarda Misrning Toshkentdagi elchixonasi madaniyat bo'yicha maslahatchisi, vakolatxona huzuridagi Madaniyat markazi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan, 2017 yilda “Buxoro asori atiqalari va islom tamadduni” nomli kitob nashr etgan. 2018 yil uning Samarqandga bag'ishlangan navbatdagi kitobi bosmadan chiqqan.
Hozirda arab va turk ilmiy manbalariga asoslanib, Toshkent, Hiva, Termiz va Farg'ona to'g'risidagi kitoblarni nashrga tayyorlamoqda. U O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil avgustdagi farmoniga muvofiq «Do'stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Suhbat chog'ida Ahmad Rizq xalqlarimizning tarixiy mustahkam hamkorligi to'g'risida so'zlar ekan, ming yildan oshiq aloqalarni o'zida aks ettiruvchi mamluklar merosi, Ahmad Farg'oniyning Qohiradagi izlanishlari, Ayubiylar davrida 70 mingdan ortiq turkiy xalqlarning Misr zaminida qo'nim topishi, Qohira markazida “O'zbekiya” tumanining mavjudligi mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlashga asos bo'lib xizmat qilishini ta'kidladi.
Shu munosabat bilan Ahmad Rizq tomonidan Movaraunnahrning buyuk tarixini o'zida aks ettiruvchi 7 jildli kitob tayyorlangani, ushbu noyob qo'llanma asosida Qohira universiteti arxeologiya fakul'tetining 5 ming nafardan ortiq talabasi va 100 nafardan ziyod professor-o'qituvchisi magistrlik va doktorlik ishlarida faol foydalanayotganini qo'shimcha qildi.
Ahmad Rizq arxeologiya fakul'tetida tarixiy obidalarni ta'mirlash, islomiy me'morchilik va yog'och o'ymakorligini tadqiq etish, to'qimachilik, gilamchilik va zardo'zlik san'ati sirlarini o'rganishga ixtisoslashgan 3 ta laboratoriya ham mavjudligini ma'lum qildi.
Ushbu labaratoriyalarda islom dunyosi xalqlari, jumladan Buxoro, Samarqand, Horazm tarixiy-madaniy merosiga oid ma'lumotlar beriladi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o'rtasida ilm-fan va ta'lim sohasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar ijrosi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqqa yaqin bo‘lgan bandalarning oldida dunyoning chin haqiqati ochilib bo‘lgandir. Ular uning qanchalar haqir va arzimas ekanligini yaxshi biladilar. Shuning uchun unga ahamiyat ham e’tibor ham bermaydilar. Naql qilishadiki, bir gal janobimiz hazrati Ali ibn Abu Tolib karamallohu vajhahu qabristonga kelib uning ahliga yuzlangan holda dedilar:
– Assalomu alaykum, ey qabr egalari! Sizga tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Siz o‘z dunyoyingiz yangiliklaridan xabar berasizmi yo biz o‘zimiznikidan aytaylikmi?
Bunga javoban shunday ovoz eshitildi:
– Sizga ham tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Bizdan so‘ng nimalar bo‘lgani haqida avval siz gapirib bering!
Shunda hazrati Ali roziyallohu anhu davom etdilar:
– Mulkingiz taqsimlandi, xotinlaringiz erga tegib, bolalaringiz yetim bo‘lib qolishdi, mustahkam uylaringizga dushmanlaringiz kirib, joylashib olishdi. Bizda shunaqa yangiliklar. Sizdachi?
Yana o‘sha ovoz javob qaytardi:
– Kafanlarimiz ado bo‘ldi, sochlarimiz to‘kilib, badanlarimiz bo‘laklarga bo‘lindi, ko‘zlarimiz, burunlarimiz yonoqlarimizdan oqib tushib, chirib ketdi. Dunyoda ne qilgan bo‘lsak, bu yerda o‘shanga yarasha (muqobili)ni topdik, o‘zimizdan so‘ng qoldirgan dunyolarimiz uchun esa, hasratdamiz. Qilgan ishlarimizning tutqunlarimiz.
Fuzayl ibn Iyoz quddisa sirruhu deydilar:
“Bordiyu menga butun dunyoni qiyomat kunida hisobini bermaslik sharti bilan taklif etishganlarida ham qabul qilmagan bo‘lardim. Men uchun bu dunyo hatto yonidan o‘tilganda ham kiyimni bulg‘ab qo‘yishi mumkin bo‘lgan bir o‘limtik kabi manfurdir!”.
Ibrohim Adham quddisa sirruhu go‘sht narxi oshayotganini bilib:
– Arzonlashtiring, ya’ni umuman sotib olmang! – dedilar.
Shunday qilib ahli tariqatlar quyidagi xulosaga keldilar:
“Kimki dunyoga muhabbat va havas ko‘zi bilan boqsa, Alloh uning qalbidan zuhd va yaqin (chin ishonch) nurini tamomila olib qo‘yadi ”.
Abul-Husayn Havvoriy quddisa sirruhu-dan dunyo lazzatiga ko‘ngul bermaslik va undan qutilish haqida so‘raganlarida, u zot quddisa sirruhu shunday javob berdilar:
– Zuhd – bu dunyoga tahqir ko‘zi bilan qarash hamda undan batamom, oxirgi haddigacha, sharaf bilan voz kechishdir.
Hurmatli janobimiz, qutbul – orifiyn Sayyid Ahmad Husayn quddisa sirruhu “Al Iqd an-nafis” kitobida yozadilar:
“Alloh Muso alayhissalomga dedi: “Agar Senga faqirlik yetgan bo‘lsa: “Marhabo, xush kelibsan, ey solihlar sifati!” deb, kutib olgin. Agar dunyo kelganini ko‘rsang: “Bu gunohlarim sababli shu dunyoning o‘zidayoq yetgan balo!” deb hisoblagin”.
Hadisi sharifda marhamat etiladi:
“Sizlar qanoatli bo‘linglar! Chunki qanoat bitmas-tuganmas boylikdir” (Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Tabaroniy rivoyati)
Solihlardan birlari debdilar:
“Qanoat, mening fikrimimcha, mabodo uchrab qolsa, yaxshi pishgan va yaxshi pishmagan arpa nonini farq qilmaslik hamda o‘shanda ham namoziga quvvat bulgunchalik miqdorda tanovul qilish bilan kifoyalanishdir”.
Salafi solihiyn qazo bo‘lgan bolasi uchun motam tutib yig‘lab, qazo bo‘lgan namoziyu umri uchun afsus chekib yig‘lamagan insonni, nodon, ahmoq deb bilgan ekanlar. Aslida bunday odam go‘yo shunday deyayotgan kabi: “Meni Allohimdan chalg‘itgan narsa uchun yig‘layapman”.
U aksincha, bu holdan xursand bo‘lib, batamom Allohga yuzlanishi kerak edi, chunki Parvardigor uni mashg‘ul qilib turgan narsadan qutqarib, O‘ziga yaqin bo‘lish uchun imkoniyat yaratib beryapti.
Darhaqiqat, bolalar, ayollar, xizmatkoru do‘stlar sen o‘lib qolguday bo‘lsang, sen uchun yig‘lamaydilar, balki sendan olishlari mumkin bo‘lgan narsani yo‘qotganlari uchun yig‘laydilar xolos. Shu sababli ulardan avvalroq: “Men uchun yig‘lashlaridan oldin Allohdan olishim mumkin bo‘lgan narsalarni olish imkoniyatini qo‘ldan berganim sababli o‘zim uchun o‘zim yig‘laganim yaxshiroqdir”, deb aytib, o‘zing yig‘la.
Alloh kimnidir o‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlabdimi, albatta, uning ko‘ziga dunyoni xunuk qilib qo‘yadi.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.