O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziya Menejment va fan universiteti (Management and Science University of Malaysia – MSU) asoschisi va Prezidenti Mohd Shukri bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo"axborot agentligi.
2001 yilda tashkil etilgan MSU ta'lim menejmenti, turizm, marketing, biznes boshqaruvi kabi turli soha va mutaxassisliklar bo'yicha oliy ta'lim beruvchi etakchi Malayziya xususiy universitetlaridan biridir. Universitet turizm va mehmondo'stlik sohasida Malayziya universitetlari orasida 1-o'rinda turadi.
Bundan tashqari, MSU turli kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash uchun "MSU Medical Centre" o'z ko'p tarmoqli tibbiyot markazi bor. Universitetda qo'lqop mahsulotlari ishlab chiqarish, dori-darmon va oziq-ovqat qo'shimchalarini ishlab chiqarish va qadoqlash, shuningdek, halol sanoatni tadqiq etish va malakasini oshirish bo'yicha ixtisoslashtirilgan markaz faoliyat ko'rsatmoqda.
Muzokaralar chog'ida MSUning O'zbekistonda halol sertifikat berish markazi va/yoki laboratoriyasini yaratish niyatlari haqida ham xabar berildi. Malayziya tomonining so'zlariga ko'ra, bu o'zbekistonlik oziq-ovqat mahsulotlari eksportchilari uchun mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlariga etkazib berish hajmini oshirish uchun noyob imkoniyat ochadi.
Uchrashuv yakunlari bo'yicha MSU rahbariyatining O'zbekistonga yana bir tashrifini tashkil etish bo'yicha yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish bo'yicha amaliy ishlarni boshlash tartibi va shartlarini o'rganish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati