Qayd etilishicha, Ispaniyaning Madrid shahrida o'tayotgan UNWTO’ning 24 sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga ko'ra, mamlakatimiz Portugaliyani ortda qoldirgan.
Butunjahon turizm tashkiloti va unga a'zo davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xorijiy tashkilotlar bilan aloqalarini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini keng targ'ib qilish maqsadida 30 noyabr'-2 dekabr' kunlari mamlakatimiz delegatsiyasi Ispaniya qirolligiga amaliy tashrif bilan bordi.
O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda O'zbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi anjuman doirasida O'zbekiston nomzodini qo'llab-quvvatladi.
– Tarixda birinchi marta BMT oilasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Bosh assambleyasi O'zbekistonda bo'lib o'tadi. Bularning bari Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlari, jumladan, turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatimizning jahon sahnidagi nufuzini oshirish yo'lidagi sa'y harakatlari natijasidir, – dedi Aziz Abduhakimov. – Ta'kidlash lozimki, UNWTO 25-Bosh assambleyasining qadimiy Samarqandda o'tkazilishi bu erga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi hamda bu orqali mahalliy aholi va hunarmandlarning daromad ko'rishiga olib keladi. Bundan tashqari, mazkur tadbirning O'zbekistonda o'tkazilishi jahon ommaviy axborot vositalarining ham e'tiborini tortishi aniq, bu esa mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ'ib etish hamda yurtimizga yanada ko'proq sayyohlarni jalb etish yo'lida xizmat qiladi.
Bugungi kunda Samarqandning turistik salohiyatini yanada yuksaltirish hamda uni dunyo sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish borasida ko'plab islohotlar qilinmoqda. U erda obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda yangi zamonaviy aeroport va turizm ob'ektlari bunyod etilmoqda.
Shulardan biri “Samarkand Touristic Centre” bo'lib, u eshkak eshish kanali qirg'og'ida 212 gektar maydonda qad ko'tarmoqda. Samarqandda qurilayotgan “New Renaissance” kongress-xolli, mehmonxona, restoran va boshqa inshootlar hududning sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish yo'lida xizmat qilishi shubhasiz.
Eslatib o'tamiz, UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta o'tkaziladigan turistik forum hisoblanadi. Yuqori darajadagi tadbir, ya'ni BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasining O'zbekistonda o'tkazilishi mamlakatimiz uchun birinchi tarixiy hodisa, desak to'g'ri bo'ladi.
O'zA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov boshchiligida Diniy idoraning bir guruh vakillari Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Qatar mustaqilligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda qatnashdi.
O‘zbekiston va Qatar xalqlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi tarixiy-madaniy rishtalar bugungi kunda keng ko‘lamli va uzoq muddatli aloqalarning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al Soniy sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda Qatar Davlati keng qamrovli taraqqiyot borasida sifat jihatdan ulkan o‘zgarishlarga erishdi hamda strategik rejalashtirish va zamonaviy iqtisodiy boshqaruv sohalarida o‘rnak bo‘ladigan mamlakatga aylandi.
Bu yilgi bayramni Qatar davlati va uning fuqarolari "Qatar sizlar bilan yuksaladi va sizlardan kutadi" shiori ostida nishonlamoqda. Bu shior ham Qatar davlati amirining so‘zlaridan olingan. Qatar Milliy 2030 Rivojlanish Strategiyasi esa insonni taraqqiyot markaziga qo‘yib, uni oliy maqsad sifatida belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, sal oldinroq Qatar elchixonasi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga bir qator kitoblar sovg‘a qilingan, o‘z navbatida mehmonlarga Markaz tomonidan Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi tuhfa etilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati