Ma'lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yil 3 dekabr' sanasi butun dunyoda Halqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanib kelmoqda.
Bundan ko'zlangan asosiy maqsad – nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, ularning muammolariga keng jamoatchilik e'tiborini jalb etishdan iborat.
Ezgulik, mehr-oqibat, insonparvarlik timsoli bo'lgan ushbu ayyomda mamlakatimizdagi bir millionga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan fuqarolarimizga hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Mehr-muruvvatli va bag'rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatishni jamiyatda tinchlik, do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e'zozlab keladi.
Ana shunday ezgu an'analarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida so'nggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo'llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko'tarilmoqda.
Buning tasdig'ini “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonun qabul qilingani, mamlakatimiz Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyaga qo'shilgani, sohada mustahkam qonuniy baza yaratilgani misolida ko'rish mumkin.
Shu asosda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyatdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish, harakatlanish, sog'liqni saqlash, ta'lim, bandlik, reabilitatsiya, siyosiy-ijtimoiy hayotda ishtirok etish bilan bog'liq huquqlari ta'minlanmoqda.
Bu borada “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Yangi O'zbekistonda inklyuziv rivojlanish, ya'ni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani muhim rol' o'ynamoqda.
Biz ushbu yo'nalishda nogironligi bo'lgan insonlar – jamiyatning to'laqonli a'zolari, degan tamoyilga amal qilgan holda izchil ish olib bormoqdamiz.
Chindan ham, biz barpo etayotgan yangi, erkin va demokratik davlatda jamiyatning har bir a'zosi bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, o'z iste'dod va qobiliyatini ro'yobga chiqarish, mehnat bilan band bo'lish uchun zarur imkoniyatlarga ega bo'lishi shart.
Biz uchun nogironligi bo'lgan insonlarni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalariga jalb etish ustuvor yo'nalish hisoblanadi. Yaqinda bo'lib o'tgan Prezident saylovida shu masalalarga alohida e'tibor qaratilib, nogironligi bo'lgan shaxslar saylov uchastkalariga kelib-ketishlari uchun transport bilan ta'minlangani, Brayl alifbosida saylov byulletenlari tayyorlangani va saylov uchastkalari panduslar bilan jihozlangani ularning siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishlarini ta'minlash yo'lida muhim qadam bo'lganini xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ham e'tirof etdilar.
Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirganda, so'nggi ikki yilda pensiya va nafaqa oluvchi nogironligi bo'lgan shaxslar soni 100 ming nafarga ko'payib, ularning miqdori qariyb 2 barobarga oshirilganini ta'kidlash lozim. Shuningdek, barcha hududlarda “Saxovat va ko'mak” umummilliy harakati doirasida hamda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga manzilli ijtimoiy yordam ko'rsatish tizimi yo'lga qo'yildi.
Nogironligi bo'lgan shaxslarni hayotga moslashtirish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, keyingi yillarda 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalar rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy talablarga mos bo'lgan 1,5 mingta davolash-reabilitatsiya o'rinlari foydalanishga topshirildi.
Ana shunday fuqarolarimizga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ro'yxati 22 turdan 27 tagacha ko'paytirildi. Hususan, joriy yilning o'zida nogironligi bo'lgan bolalarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida ular byudjet mablag'lari hisobidan qariyb 40 milliard so'mlik protez-ortopediya va reabilitatsiya moslamalari, koxlear implantlar hamda boshqa maxsus buyumlar bilan ta'minlandi.
Bundan tashqari, xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish dasturini amalga oshirish ishlari boshlandi, 300 dan ortiq maktablarda imkoniyati cheklangan bolalarning bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Haqiqiy matonat egasi bo'lgan nogiron yigit-qizlarimizning jahon maydonlarida yuqori natijalarni qo'lga kiritib, Vatanimiz bayrog'ini baland ko'tarib kelayotganlari barchamizga cheksiz g'urur-iftixor bag'ishlaydi. Jumladan, shu yil Tokioda o'tkazilgan Paralimpiya o'yinlarida O'zbekiston vakillari 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qo'lga kiritgani har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.
Ta'kidlash joizki, 3 dekabr' sanasi butun dunyoda paralimpiyachilarni sharaflaydigan ayyomga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham azmu shijoatli paralimpiyachi sportchilarimizni yana bir bor chin dildan qutlab, ularga xalqaro maydonlarda yuksak cho'qqilarni zabt etishda yangi muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Hayotning boshqa sohalarida ham yuksak marralarni egallashga qodir bo'lgan yoshlarimiz o'z qobiliyat va imkoniyatlarini to'liq namoyon etishi, hayotda o'zining munosib o'rnini topishiga ko'maklashish – bundan buyon ham biz uchun ustuvor vazifa bo'lib qoladi. Shu maqsadda hamda nogironligi bo'lgan shaxslar o'zlarini jamiyatning ajralmas qismi sifatida his etib yashashlari uchun ularga qo'shimcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan alohida dastur qabul qilib, uni albatta amalga oshiramiz.
Ushbu dasturning mazmun-mohiyati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang bo'lib, unda nogironlikni belgilashda tibbiy yondashuvdan ijtimoiy yondashuvga o'tish asosiy vazifa sifatida belgilanadi.
Endi nogironligi bo'lgan shaxslar – “muammosi bor insonlar” degan qarashdan voz kechib, ularning imkoniyatini kengaytirish uchun, avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy tizimni takomillashtirish yo'lidan borishimiz zarur.
Shuning uchun dasturda quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratiladi.
Birinchidan, nogironligi bo'lgan yoshlarga barcha darajada sifatli ta'lim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratiladi.
Jumladan, kelgusi o'quv yilidan boshlab alohida ta'lim olishga ehtiyoji bor bolalarning 24 foizi, 2025 yilda esa 40 foizi oddiy maktablarda o'qishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, inklyuziv ta'limning resurs markazlari soni 14 barobarga ko'payib, 200 tadan oshadi.
Ikkinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslarni kasb-hunarga o'qitish va ular uchun munosib ish o'rinlarini yaratish orqali ularning daromadini ko'paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi. Bu borada ularni zamonaviy kasb-hunarga o'qitish bo'yicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, har bir inson uchun davlat hisobidan kasb-hunar o'rganish imkoniyati yaratiladi, shu maqsadda ajratiladigan mablag'lar 2 barobarga oshiriladi.
Barcha darajadagi davlat idoralariga imkoniyati cheklangan fuqarolarni ular uchun mos keladigan ishga qabul qilishda ustunlik va imtiyoz beriladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga qabul qilish borasidagi tashabbuslari qo'llab-quvvatlanib, ularni rag'batlantirish choralari ko'riladi. Jumladan, bunday tadbirkorlar va ishga qabul qilingan fuqarolarga qo'shimcha soliq imtiyozlari beriladi va davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi.
Uchinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslarning salomatligini asrash, ularga tibbiy xizmatlar ko'rsatish ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.
Nogironligi bo'lgan bolalarni sog'lomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning hududiy filiallari tashkil etiladi.
Shuningdek, har yili 2 ming nafar bolada tug'ma yurak nuqsoni va bosh miyadagi patologik o'zgarishlar bo'yicha jarrohlik amaliyotini o'tkazish belgilanmoqda.
To'rtinchidan, imkoniyati cheklangan fuqarolar mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida faol qatnashishi uchun “to'siqsiz muhit”, ya'ni, qulay sharoit yaratiladi.
Jumladan, yangi barpo etiladigan davlat idoralari binolari, ijtimoiy ob'ektlar, bog' va parklar, jamoat transportida maxsus infratuzilma yaratish, davlat xizmatlari ko'rsatish tizimini nogironligi bo'lgan shaxslarga moslashtirish bo'yicha choralar ko'riladi, ular uchun maxsus axborot portallari, teleko'rsatuvlar, adabiyotlar va kutubxonalar soni ko'paytiriladi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilayotgan “Yangi O'zbekiston” massivlarida nogironligi bo'lgan shaxslarga uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun subsidiya va imtiyozli kreditlar beriladi.
Eng muhimi, barcha darajadagi rahbarlar va davlat idoralari mas'ullari tomonidan nogironligi bo'lgan shaxslarning muammolarini o'rganish va hal qilish bo'yicha doimiy muloqot tizimi yo'lga qo'yiladi.
Bir fikrni alohida ta'kidlab aytmoqchiman: jamiyatimizning eng ehtiyojmand qatlamlaridan biri bo'lgan nogironlar bilan bog'liq faoliyatimizni tanqidiy qayta ko'rib chiqar ekanmiz, bu insonlar ham mamlakatimiz fuqarolari, bizning yurtdoshlarimiz ekanini, binobarin, hech qachon o'zlarini yolg'iz his etmasliklari, ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizda faol ishtirok etishlari uchun bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bir so'z bilan aytganda, O'zbekistonda hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmaydi.
Ishonchim komil, 3 dekabr' – Halqaro nogironlar kuni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida mustahkam o'rin egallab, jamiyatimizda ezgulik, mehr-oqibat, gumanizm g'oyalarini yanada chuqur qaror toptirishga xizmat qiladigan muhim sanalardan biri bo'lib qoladi.
Biz bu borada siz, azizlarga – ko'pni ko'rgan otaxon va onaxonlarimizga, hurmatli xotin-qizlarimizga, hayotga dadil kirib kelayotgan navqiron yoshlarimizga, doimo ezgu va savob ishlar qilib yashashga intiladigan butun xalqimizga tayanamiz.
Millati, tili va dinidan qat'i nazar, inson qadr-qimmati va sha'nini ulug'lash, har bir fuqaro haqida e'tibor va g'amxo'rlik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik biz qurayotgan Yangi O'zbekiston jamiyatining hayot qoidasi bo'lib qoladi.
Barchangizni ana shunday olijanob ishlarda faol ishtirok etishga da'vat etaman.
Chuqur hurmat-ehtirom bilan,
Shavkat Mirziyoev,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli,
bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.
Davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida qabul qilinishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi. Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.
Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.
O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror romanlari-oqibat so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir. Bizning ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi so‘zlarning ma’lum bir me’yoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil o‘sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til xaqida bunday yozadilar: “Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so‘z bil”.
O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.
Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.
Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”.
Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo‘shsak, o‘zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o‘rni va poydevorini shunchalik mustahkam qo‘ygan bo‘lamiz.
Odiljon Narzullayev,
Yangiyul tumani “Qirsadaq’’ jome masjidi imom xatibi