Avstriyaning «Kurier» nashri "O'zbekiston sayohat qilish uchun qo'riqlanadigan tabiatga ega eng yaqin ekzotik yo'nalishdir" maqolasini chop etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
O'tgan yilning may oyida O'zbekistonga tashrif buyurgan Avstriya nashri turizm va hayot san'ati departamenti direktori Aksel' Halbxuberning maqolasida mamlakatimizning butunlay yangi sayyohlik qiyofasi, mamlakat tarixiy merosining qadr-qimmati, Buyuk Ipak yo'lini rivojlantirish uchun respublika shaharlarining ko'p asrlik ahamiyati, shuningdek, Osiyo qit'asida madaniyat, savdo, bilim va xalqaro munosabatlar haqida so'z boradi.
Nashr o'quvchilar e'tiborini respublika turizm industriyasining ko'p qirraliligiga qaratadi. "Agar siz barcha asosiy sayyohlik marshrutlarini ziyorat qilib bo'lganman deb hisoblasangiz, unda siz O'zbekistonga borishingiz kerak: beg'ubor tabiat va juda mehmondo'st odamlar bilan Buyuk Ipak yo'lining romantikasi", - deydi Aksel' Halbxuber.
O'zbekistonning barcha asosiy sayyohlik maskanlariga tashrif buyurgan maqola muallifi Qoraqalpog'istonning turistik salohiyatiga alohida urg'u beradi. "Bu alohida hikoya - Qoraqalpog'istonning g'ururi baland kishilari haqidagi hikoya. Mana, dunyodagi eng aql bovar qilmas qabristonlardan biri - Mo'ynoqdagi kemalar qabristoni. Ushbu hodisani ko'rishda ko'plab sayohatchilar o'z tasavvurlari chegaralariga erishadilar. Qoraqalpog'istonda siz nihoyatda samimiy insonlar va rus avangard san'atining eng yirik kollektsiyasi - Nukus shahridagi Savitskiy san'at muzeyini kashf etasiz", - ta'kidlaydi muallif.
Nashr respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va urbanizatsiya natijalarini ochib berar ekan, "Toshkent nafaqat joylashuvi, balki yosh aholi va turmush darajasining jadal o'sishi tufayli Markaziy Osiyoning iqtisodiy markaziga aylanish arafasida turibdi. Shahar shu qadar sur'atda yangilanmoqdaki, tez orada sovet davrida qurilgan binolar antikvariatga aylanib qoladi".
Shuningdek, muallif o'quvchilarga "Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligidagi O'zbekiston 2016 yildan buyon butun dunyoga ochilish yo'lidan borayotganligi"dan xabar beradi. Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish alohida ta'kidlanadi. Islom tsivilizatsiyasi durdonalariga tenglashtirilgan shahar va diqqatga sazovor joylar sanab o'tilgan.
Hiva shahrining asl holida saqlanib qolgan noyob maqbaralari, minoralari va madrasalari ham xalqaro, ham mahalliy sayyohlarni o'ziga jalb etish markaziga aylanmoqda, deyiladi maqolada.
Nashrning barcha o'quvchilarini O'zbekistonga turistik sayohat qilishga chorlagan Aksel' Halbxuber xorijiy sayyohlar orasida katta shuhrat qozonayotgan respublikaning chang'i kurortlarini ham qayd etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Alloh saltanat berganidan (g‘ururlanib), Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko‘rmaysizmi?! Qaysiki, Ibrohim: «Mening Rabbim tiriltiradi ham, o‘ldiradi ham», – deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va o‘ldiraman», – dedi. Ibrohim aytdi: «Alloh Quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag‘ribdan chiqargin-chi?» Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay. » (Baqara surasi, 258 – oyat).
Qissaning mazmuni
Allohning buyuk payg‘ambari, Ibrohim Xalilulloh bilan o‘zini iloh deb da’vo qilgan Namrud o‘rtasidagi bahs qissaning mazmuni bo‘lib, unda Allohning buyukligini inkor etgan, o‘zini ulkan zot deb hisoblagan bir podshoh bilan bo‘lgan. Ulamolarning aytishicha, bu podshoh Bobil shohidir. Uning ismi Namrud ibn Kan’on ibn Kush ibn Som ibn Nuh bo‘lgan. Boshqalar esa uni Namrud ibn Folix ibn Obir ibn Solix ibn Arfaxshad ibn Som ibn Nuh deb ataganlar.
Rivoyatlarga ko‘ra, u dunyoda to‘rtta podshohlik qilgan zotdan biri bo‘lgan.
Ulardan ikkisi mo‘min, ikkisi kofir edi:
Mo‘minlar – Zulqarnayn va Sulaymon (alayhimussalom). Kofirlar — Namrud va Buxtunnasr (Nabuxodonosor).
Namrud to‘rt yuz yil podshohlik qilib, jaholat va zulmga berilgan, dunyo hayotini afzal ko‘rgan.
Ibrohim (alayhissalom) bilan bahsi
Ibrohim (alayhissalom) uni Allohga ibodat qilishga chaqirganlarida, Namrud kibr va johillik bilan rad etdi. Shunda Ibrohim (alayhissalom):
«Mening Rabbim – tiriltiradi va o‘ldiradi», – dedilar.
Namrud unga javoban dedi: «Men ham tiriltiraman va o‘ldiraman».
Mufassir ulamolardan – Qatoda, Suddiy va Muhammad ibn Is'hoq shunday degan: «Namrud bu so‘z bilan shunday demoqchi bo‘lgan: “Men ikki odamni olib kelaman – bittasini o‘ldiraman, ikkinchisini afv etaman. Shu bilan men ham tiriltirdim va o‘ldirdim», – degan.
Ammo bu javob aslida dalilga qarshi emas, chunki Ibrohim alayhissalomning so‘zi haqiqiy hayot va o‘limni yaratgan Zot – Alloh haqida edi. Namrudning aytgani esa siyosiy qaror, ya’ni “o‘ldirish yoki afv etish” haqida edi, bu esa yaratish emas.
Shunda Ibrohim (alayhissalom) aniq va rad qilib bo‘lmas dalil keltirdilar:
«Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»
Bu dalil oldida Namrud hayron bo‘lib, javobsiz qoldi.
Hikmat
Ushbu voqea Alloh azza va jallaning qudrati, Ibrohim alayhissalomning hikmati va kofirning ojizligini ko‘rsatadi. Alloh taolo bu bilan insonlarga shunday saboq beradi:
Haqiqiy yaratuvchi va hayot beruvchi zot – faqat Allohdir. Podshohlik va kuch insonni Yaratguvchi qilmaydi. Ilm va dalil bilan haqiqat aniq bo‘ladi.
Ibrohim (alayhissalom) va Namrud bahsining yakuni
Nimrud bilan bo‘lgan bahsda uning ojizligi va noto‘g‘riligi ko‘pchilikka avval boshda ochiq bo‘lmagani uchun, Alloh taolo Ibrohim (alayhissalom)ning keltirgan ikkinchi dalilini zikr qildi – bu dalil orqali u Namrudning da’vosini rad etdi va Allohning borligiga ochiq-oydin dalil keltirdi.
Ibrohim (alayhissalom) shunday dedilar:
«Albatta, Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»
Ya’ni, bu quyosh har kuni sharqdan chiqadi va g‘arbga botadi — bu uni yaratgan, boshqargan va bo‘ysundirgan Zotning buyrug‘idandir. U Zot — hech qanday sherigi bo‘lmagan Alloh, barcha narsani yaratgan yagona Parvardigordir.
Shuning uchun Ibrohim (alayhissalom) dedilar:
“Agar sen o‘zingni tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi deb da’vo qilayotgan bo‘lsang, unda mana shu quyoshni g‘arbdan chiqar. Chunki haqiqiy tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi Alloh har narsani xohlaganidek qiladi, uning ishiga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi. U barcha narsani itoat ettirgandir. Agar sen ham shunday ekansan — qil bu ishni! Agar qila olmasang, demak, sen o‘zing aytganday iloh emassan.”
Shunday qilib, Ibrohim (alayhissalom) uning johilligi, yolg‘oni va da’vosining botilligini ayon qildi. Namrudning javob berishga so‘zi qolmadi, u lol bo‘lib jim bo‘ldi. Shuning uchun Alloh taolo kalomi sharifida shunday dedi:
«Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay.» (Baqara surasi, 258 – oyat).
Bahsdan keyingi voqealar
Mufassir Suddiyning aytishicha, bu bahs Ibrohim (alayhissalom) olovdan qutulib chiqqan kunlari bo‘lgan va u kishi avval bu podshoh bilan uchrashmagan edilar.
Abdurrazzoq o‘z rivoyatida Ma’mar orqali Zayd ibn Aslamdan naql qiladi:
Namrudda g‘alla va ozuqa bo‘lib, odamlar undan yegulik so‘rab kelishardi. Ibrohim (alayhissalom) ham ular bilan birga bordilar. Shu uchrashuvda ular birinchi marta ko‘rishdilar va bahs ham shu kuni bo‘ldi.
Ibrohim (alayhissalom) boshqalar kabi yemish ololmadilar, qo‘llari bo‘sh qaytdilar. Yo‘lda ketar ekanlar, bir tepalikdagi qumdan ikki xalta to‘ldirib, “hech bo‘lmasa ahlimni shu bilan band qilib turaman”, deb uylariga qaytdilar.
Uyga yetib kelishgach, Ibrohim (alayhissalom) dam olish uchun yotdilar. U kishining zavjasi Sora xaltalarni ochib qaradilar va ularni toza yemishga to‘la holda topdilar. Shu yemishdan taom tayyorladilar.
Ibrohim (alayhissalom) uyg‘onib, taomni ko‘rib hayron bo‘ldilar:
“Bu taom qayerdan keldi?” — dedilar.
Sora onamiz dedilar:
“Siz olib kelgan yemishdan tayyorladim”.
Shunda Ibrohim (alayhissalom) tushundilarki, bu rizq Alloh tomonidan berilgan ne’mat edi.
Namrudning halokati
Zayd ibn Aslamning aytishicha: “Alloh taolo Nimrudning yoniga farishta yubordi va uni Allohga iymon keltirishga da’vat qildi.
U birinchi marta rad etdi. Ikkinchi marta ham rad etdi, so‘ngra uchinchi marta ham rad etdi. Shunda farishta unga dedi:
“Qo‘shiningni tayyorla, men ham o‘z qo‘shinimni tayyorlayman.”
Namrud sahar vaqtda o‘z qo‘shinini yig‘di. Shunda Alloh taolo osmon hashoratlaridan iborat pashshalar to‘dasini Namrud lashkarlari ustiga yubordi. Ular quyoshni to‘sib qo‘yishdi – osmon qorong‘u bo‘ldi. Bu hashoratlar Namrudning qo‘shiniga hujum qilib, ularning go‘shtini va qonini yeyishdi, faqat suyaklari qoldi. Namrudning barcha lashkarlari qirilib ketib, uning burniga esa bir pashsha kirib oldi. Keyin miyasiga joylashib olib, unga qattiq azob bera boshladi. Namrud qirq yil davomida shu xashorat bilan azoblandi. Uning boshi og‘riganda xizmatkorlari to‘qmoq bilan urib yengillik berishardi. Namrud qattiq azoblarga chiday olmay o‘z hizmatkoriga boshiga to‘qmoq bilan urishni buyuradi. Xizmatkor to‘qmoq bilan sekin urganida Namrud qattiqroq urishni buyuradi. Xizmatkor Namrudning boshiga bor kuchini yig‘ib urishi oqibatida uning boshi yorilib, ichidagi pashsha uchib chiqib ketadi va Namrud esa shu zahoti vafot etadi.
Xulosa
Allohning qudrati oldida podshohlik va kibr hech narsa emas. Haqiqiy hayot va o‘limni yaratuvchi — faqat Alloh Ibrohim (alayhissalom)ning ilmi va hikmati, Nimrudning ojizligini fosh etdi. Alloh zolimlarni hidoyat qilmaydi.
Manbalar asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.