Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Dekabr, 2025   |   11 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:30
Peshin
12:17
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
02 Dekabr, 2025, 11 Jumadul soni, 1447

Qur'oni karimda haqiqiy mo'minlar sifati

28.11.2021   2803   4 min.
Qur'oni karimda haqiqiy mo'minlar sifati

Alloh taolo mo'minlarni bunday vasf qiladi: «Mo'minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan, O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2–4-oyat).


Demak, haqiqiy mo'minlar yuksak sifatlarga ega bo'lgan kishilardir: «...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan...»


Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg'ul bo'lishi kerak. Bu haqda Qur'onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz! (Ahzob surasi, 41-42-oyat); «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»(Baqara surasi, 152-oyat).


Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o'y-xayo¬li Alloh taologa bog'langan bo'ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo'ldir. Banda o'z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti oso¬yishta va xotirjam bo'ladi.

«...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan...». Banda Qur'onni qanchalik ko'p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma'nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo'ladi.
«...O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...». Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo'minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g'aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g'ofil emasdir» (Hud surasi, 123-oyat).


Mo'min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo'lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.


«...Namozni barkamol o'qiydigan...». Haqiqiy mo'minlar namozni benuqson ado etishadi.
«...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...». Mo'min qo'lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo'ladigan yo'llarga sarf qiladi, qo'lidagi boylikning ko'p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo'lida sarflaganidan sevinadi.


Alloh yo'lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko'payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat).

Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo'lgan musulmon haqiqiy mo'min nomiga loyiqdir va ular uchun «...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...».
Haqiqiy mo'minlardan bo'lishni istagan banda o'z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo'lishi mo'minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug' darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog'imiz zarur.

Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro islomshunoslik akademiyasida dolzarb mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

02.12.2025   346   1 min.
Xalqaro islomshunoslik akademiyasida dolzarb mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish" o‘n kunligi loyihasi doirasida "Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ham ishtirok etdi.

"Ziyo" media markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu o‘n kunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta da’volar, g‘arazli da’vatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdir.

Tadbir mavzularini keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-ma’rifiy sohada o‘z sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining: “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari o‘n kunlikning shioriga aylangan.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Xalqaro islomshunoslik akademiyasida dolzarb mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi Xalqaro islomshunoslik akademiyasida dolzarb mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi Xalqaro islomshunoslik akademiyasida dolzarb mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi Xalqaro islomshunoslik akademiyasida dolzarb mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi Xalqaro islomshunoslik akademiyasida dolzarb mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari