Qozog'iston safari asnosida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari bugungi juma namozini Nur-Sulton shahrida bir necha o'n minglab jamoat to'plangan “Hazrati Sulton” jome masjidida ado etish uchun tashrif buyurdilar. Juma namozi avvalida Qozog'iston bosh muftiysi Navro'zbay hoji mav'iza qilib, so'ng so'zni Muftiy Nuriddin domla hazratlariga berdi
Muftiy hazratlari qardosh xalq mo'min-musulmonlariga Qur'oni karimning Niso surasidagi: “Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko'p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo'rqingiz! Shuningdek, o'rtalaringizdagi o'zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo'rqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir” mazmunidagi oyati karimani aytib, uni tafsir qilib berdilar.
Shuningdek, insonlar bir-biriga do'st-qardosh bo'lishi lozimligi haqidagi hadisi shariflardan aytib, sharhlab berdilar.
Ma'ruza davomida Muftiy hazratlari Qozog'istonda o'tgan “Mustaqil Qozog'iston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro anjuman muvaffaqiyatli bo'lgani, nufuzli tadbir, uchrashuvlar, umuman yaxshilik yo'lidagi hamkorlik aloqalari qardosh xalqlar do'stligiga katta hissa qo'shganini alohida qayd etdilar.
Ikki davlat prezidentlarining sa'y-harakatlari bilan so'nggi yillarda mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqib, jadal rivojlanib borayotganini ta'kidladilar.
Juma namozi davomida Muftiy hazratlaridan duo talabida bo'lgan o'n minglab namozxonlar, xususan turli sabablar ila ushbu shaharda bo'lib turgan vatandoshlarimiz haqqiga jamoat bilan birga xayrli duolar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati