O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
muslim.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Abul-Hasan ash-Shozaliy quddisa sirruhu dedilar:
“Agar bandaning ko‘nglida bu va u dunyodagi biror narsaga nisbatan moyillik bo‘ladigan bo‘lsa, u Allohga qurbiyat hosil qilolmaydi, ya’ni yaqinlasholmaydi. Allohga yaqinlik (qurbiyat) faqat samimiy-haqiqiy ibodat bilan qo‘lga kiritiladi. Bandaning ko‘nglida bu dunyo yoxud dunyodagi mavjud narsalardan biror nimagadir nisbatan mehri va moyilligi qolgan bo‘lsa, u o‘sha bilan bilan ovora bo‘lib qoladi, uning darajasi bundan yuqoriga ko‘tarilmaydi” .
Shuningdek, Abul Hasan Ali ibn al-Mazindan naql etadilar: “Agar siz bir odamni juda maqtasangiz va hatto nomiga “siddiq” sifatini izofa etsangiz ham, bu bandaning ko‘nglida dunyoga ozgina muhabbat qolgan bo‘lsa, Alloh o‘sha qulga e’tibor nazari bilan qaramaydi. Allohga qasamki, Allohni tanish (ma’rifatulloh) yo‘lida qaysidir tariqat ahlining ko‘nglida dunyo boyligining qaysi bir xiliga erishganligi uchun qanoat va mamnunlik tuyg‘usi hosil bo‘lgan bo‘lsa, shubhasiz, halok bo‘lgani o‘shadir” .
Imom ash-Shozaliy quddisa sirruhu dedilar:
“Dunyoga muhabbat qo‘ygan holda Allohga ibodat qilish faqat ovoragarchilik, ko‘ngil bezovtaligi va tan charchog‘i xolos, u holdagi qilingan ibodat go‘yoki ruhi yo‘q tanga o‘xshaydi. Zohidlik va tarki dunyochilikning chin mohiyati qaysidir biror xildagi dunyoviy manfaatlarni qo‘lga kiritish yo kiritmaslikda emas, balki dunyoga muhabbat qo‘yish yo qo‘ymaslik xususidadir. Shuning uchun Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam bizni savdo-sotiq yoxud kasbu hunar bilan mashg‘ul bo‘lishdan ma’n etmadilar”.
"Axloqus solihiyn" (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.