Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Fevral, 2026   |   14 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:13
Quyosh
07:34
Peshin
12:42
Asr
15:59
Shom
17:44
Xufton
18:59
Bismillah
02 Fevral, 2026, 14 Sha`bon, 1447

Muftiy Nuriddin domla hazratlari yuksak medal bilan taqdirlandilar

26.11.2021   1886   2 min.
Muftiy Nuriddin domla hazratlari yuksak medal bilan taqdirlandilar

2021 yil 25 noyabr' kuni Nur-Sulton shahrida bo'lib o'tgan xalqaro konferentsiyada O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi tomonidan ta'sis etilgan yuksak medal bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.

Ta'kidlash joizki, “Mustaqil Qozog'iston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya yuksak saviyada tashkil etilgani, 200 dan ziyod ishtirokchi qatnashgani, ZOOM platformasi orqali yuzlab xorijiy va mahalliy mutaxassislar kuzatib borgani, martabali din va davlat arboblari, professor va akademiklar arab, rus, turk va qardosh tillarda ma'ruzalar qilganlari hamda anjuman jarayonlari to'g'ridan-to'g'ri butun dunyoga onlayn namoyish etilgani bilan yana ahamiyatli bo'ldi.

Halqaro konferentsiyada bugungi murakkab davrda din peshvolarining hamjihatlikda faoliyat yuritishi muhimligi, shuningdek, global zamonda ulamolarning o'zaro hamkorligi muammolarni echishda katta omil ekani baralla aytilgani bilan uning nufuzi yanada oshdi.

Notiqlar tomonidan so'nggi yillarda O'zbekiston zaminida Islom dini ma'rifatini keng yoyish, mo'min-musulmonlar ehtiyojini ta'minlash, masjid-madrasalarni obod etish va ulug' allomalar merosiga ehtirom ko'rsatish yo'lida olib borilayotgan ishlar yuqori baholandi.

Konferentsiyada mana shunday ishlarning munosib e'tirofi sifatida ham muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi buyrug'i asosida yuksak medal bilan taqdirlandilar.
Alloh taolo Muftiy hazratlariga ushbu medalni muborak aylasin.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Halollikning qudrati

30.01.2026   23099   2 min.
Halollikning qudrati

Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.

Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.

— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:

— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.

— Keyin nima bo‘ldi?

Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.

Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.

Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.

Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi