Yaponiyadagi eng yirik va ilk qurilgan masjidlardan biri “Tokio” jomeidir. U poytaxtning Sibuya tumanida joylashgan. Yaponiyaga ko'chib kelgan tatar muhojirlari tomonidan uch yilda qurib bitkazilgan. 1938 yili Mavlidun Nabiy sanasida foydalanishga topshirilgan.
1998 yili Turkiya hukumati tomonidan qayta ta'mirlangan. 2000 yili 1200 kishini sig'dira oladigan yangi va ko'rkam masjid ishga tushdi. Ayollar uchun ham alohida namozxona ajratilgan.
Masjid ikki qavatdan iborat bo'lib, birinchi qavatda namozgoh va ikkinchi qavatida esa madaniyat markazi joylashgan. Masjidning bitta minorasi bor. Uning uzunligi 41 metr, gumbazining balandligi esa 23 metr. Jomeda Islom dini, tahorat, namoz saboqlaridan hamda Qur'oni karimdan ta'lim beriladi.
Gumbazning ichki qismiga “Ixlos” surasi, atrofiga esa Alloh, Muhammad sollallohu alayhi vasallam lafzi va to'rt sahoba ismlari tushirilgan. Masjid kiraverishiga “Oyatul kursi”, devorlariga Alloh taoloning go'zal ismlari, mehrobning yuqorisiga «Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. Bas, qaysi tarafga yuzingizni qaratsangiz, o'sha tomonda Allohning “yuzi” mavjuddir» (Baqara surasi, 115-oyat) oyati bitilgan.
Davron NURMUHAMMAD
#xabar #qabul #muftiy
Bugun, 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdilar.
Qabul jarayonida fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, diniy ta’lim, oilaviy masalalar, haj va umra hamda moddiy yordam masalalari bo‘yicha murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlar berildi, shar’iy savollarga batafsil tushuntirishlar taqdim etildi. Shuningdek, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartib-qoidalar asosida ko‘mak ko‘rsatildi.
Qayd etish joizki, kishilarning dardini yengillatish, ularning tashvishlarini aritish — savobi ulug‘ amal hisoblanadi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ana shu nabaviy ta’limotga amal qilgan holda, bugun Muftiy hazratlari mutasaddilar bilan birga turli masalalar bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarning tashvishlari bartaraf etilishiga amaliy yordam ko‘rsatdilar.
Iliq kutib olingan fuqarolar murojaatlarining ijobiy yechim topganidan mamnun bo‘lib, mas’ullardan minnatdor holda qaytdilar.
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati