Ma'rifat maskani bo'lgan masjidlarimiz tobora obod bo'lib boryapti. Buning uchun Alloh taloga qancha ko'p shukr qilsak kam.
O'rta Chirchiq tumanidagi “Boboxon ota” jome masjidining yangi binosiga ilk g'isht qo'yish marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirda tuman bosh imom-xatibi Jamoliddin domla Turonov bilan birgalikda mahalla faollari, kayvonilar, saxovatpesha homiylar ishtirok etdi.
Masjidning 400 kishiga mo'ljallangan eski binosi vaqt o'tishi bilan namozxonlarga torlik qilib qolgan edi. Shuni inobatga olib hamda aholining taklif va tavsiyalari asosida yangi jome qurila boshlandi.
Yangi masjid faoliyat boshlagach, bir vaqtning o'zida bu erda 2 ming kishi ibodatlarni ado etadi. Yangi jomega monand tarzda barpo etilayotgan zamonaviy tahoratxona ishga tushgach esa 30-35 kishi poklana oladi.
Alloh taolo yangi jomeni tez va qisqa fursatda foydalanishga topshirilishini nasib aylasin!


Shu yilning 27 yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida “Al-Azhar” majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi tomonidan birinchi xalqaro ilmiy forum tashkil etildi.
Anjuman “Imom Ash’ariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot va mo‘tadillik sari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda islom olamining yetuk ulamolari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Forumda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti vakillari, jumladan, institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov va “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin domla Mamanasirov faol qatnashdi.
Tadbir ochilish marosimida Al-Azhar va Imom Ash’ariy markazi rahbarlari, Misr muftiysi hamda xalqaro ilmiy muassasalar vakillari so‘zga chiqdi.
Mazkur forum islom olamida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ma’rifat orqali mo‘tadillikni targ‘ib etish va sof islom aqidasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati