Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Mart, 2026   |   27 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:15
Quyosh
06:34
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:34
Xufton
19:46
Bismillah
16 Mart, 2026, 27 Ramazon, 1447

Ko'chat ekib, bog' barpo etaylik!

24.11.2021   3141   6 min.
Ko'chat ekib, bog' barpo etaylik!

Ko'chat ekib bog' barpo etish, atrof-muhitni toza-ozoda saqlash xalqimizning asarlar sinovidan o'tgan milliy qadriyatlaridir. Zero, ajdodlarimiz oilada yangi tug'ilgan o'g'il bolaga atab erga nihol qadamagan. Chunki bu nihol kun kelib o'g'il bola uylanganishi arafasida uning uchun yangi uy qurishda ishlatilgan.

Bugun ana shu ezgu an'ana davom etib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan umummilliy harakatga aylandi. Ayni kunlarda yurtimiz bo'ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish bo'yicha “dolzarb 40 kunlik” davom etyapti. Bu 10 dekabrgacha davom etadi.

Muqaddas dinimiz ham Yer yuzini obod qilishga buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'z ummatlariga ko'chat ekishga targ'ib qila turib, bunday deganlar: “Agar qiyomat bo'lib qolsa va birontangizning qo'lida xurmo daraxti bo'lsa, bas, uni ekib olsin” (Imom Buxoriy rivoyati).

E'tibor bering-a, hammamiz kirishib 40 kun ko'chat eksak, yurtimiz chamanzorga, bog'u bo'stonga aylanib ketadi. Bu aktsiyada faol qatnashib, ham dinimiz targ'ib qilgan ishni qilib, savob olamiz, ham o'zimiz va kelajak avlod uchun go'zal diyor qoldiramiz.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar bir muslim banda ko'chat o'tkazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi esa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo'ladi” (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadis ko'chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati nechog'li ulug' ekaniga dalolat qiladi va ko'chat ekuvchilarning Alloh dargohida erishadigan ajr-savoblardan xabar beradi. Ushbu amal insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so'ng ham manfaat etkazib turadi, qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foydasiga xizmat qiladi.

Bunday ajr-savoblarga ega bo'lishimizga sabab shuki, biz hayot farovonligi, mo'minlar manfaat olishlari, qolaversa, tabiatning yanada ko'rkam bo'lishi uchun o'z hissamizni qo'shamiz.

Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Damashq ko'chalarining biridan o'tayotsa, ko'chat ekayotgan odamga ko'zi tushibdi va unga: “Nega bu ishni qilyapsiz, axir, siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda u kishi: “Shoshmagin, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir ko'chat eksa, undan odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi esa, buning evaziga o'sha (ko'chat ekkan banda)ga sadaqa bo'ladi”, deganlarini eshitganman”, debdi» (Imom Ahmad rivoyati).

Yerga nihol qadash bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini davrning o'zi ko'rsatib turibdi. Chunonchi, shu yil noyabr' oyining 3–5 kunlari yurtimizda kuzatilgan chang bo'roni fikrimizni tasdiqlaydi.

Yana bir e'tibor berishimiz lozim bo'lgan jihat bu – atmosferaning ifloslanishidir. Tirik organizm suvsiz va ovqatsiz bir necha kun yashashi mumkin. Ammo havosiz 5 daqiqadan ortiq yashay olmaydi. Havo tarkibining o'zgarishi, ya'ni uning ifloslanishi nafaqat insonga balki barcha tirik jonzotlarga salbiy ta'sir ko'rasatadi. Shuning uchun ham atmosferani toza saqlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Hozirda atmosfera  asosan, avtotransport vositalari,  turli zavod-fabrikalar va shu kabi qurilmalar  chiqarayotgan chiqindi gazlar sababidan ifloslanmoqda. Biz atmosferani tozalash uchun avtotransport vositalari, turli zavod-fabrikalar faoliyatini to'xtatib qo'yolmaymiz, albatta. Faqatgina ularning zararlarini kamaytirishimiz mumkin xolos.

Shunday ekan, atmosferani tozalaydigan, bizga qayta havo ishlab chiqarib beradigan tabiiy imkoniyatlardan keng foydalanishimiz lozim. Barchaga ma'lumki o'simlik va daraxtlar kislorod ishlab chiqaruvchi eng qulay va zararsiz vositadir. Demak, mevali va manzarali daraxtlarni ko'paytirish, bog'lar yaratish oldimizda turgan zarur ishlardan biri ekan.  Zero, dinimiz ham bunga targ'ib qiladi.

Aqlli odam faqat buguni bilan yashamaydi. Balki u kelajagi uchun, oxirati uchun sarmoya kiritadi. Oxirat sarmoyasi, ya'ni nomai a'molimizga savoblar qiyomatgacha to'xtamasdan borib turishi uchun sadaqai joriya qilishimiz kerak. Ko'chat ekib, bog' barpo qilish esa eng yaxshi sadaqai joriyadir.

 

Jasurbek domla RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Internet zamonida otaning farzandiga qilgan vasiyati

12.03.2026   9209   3 min.
Internet zamonida otaning farzandiga qilgan vasiyati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ey farzand! Raqamli olam shunchaki ekranlardan iborat emas. U – erkaklarning g‘ururi va qizlarning hayosi sinovdan o‘tadigan haqiqiy imtihondir. Shuning uchun bu so‘zlarni qalbing bilan o‘qi.


Ey farzand! Google, Facebook, Twitter va WhatsApp – chuqur dengizga o‘xshaydi. Unda ko‘p insonlarning axloqi yo‘qoldi, ko‘p aqllar halokatga uchradi!


Ey farzand! Uning to‘lqinlari ko‘p qizlarning hayosini yutib yubordi va ko‘p insonlar halok bo‘ldi. Shuning uchun u yerda asalari (arilar) kabi bo‘l, faqat pok narsaga qo‘n, o‘zingga va boshqalarga foyda keltir.

Chivin (yoki pashsha) kabi bo‘lma, u qayerda kasallik bo‘lsa, o‘sha yerdan uni tarqatadi!


Ey farzand! Internet – katta bozor. Bu yerda hech kim o‘z “tovarini” bepul bermaydi. Har kim biror narsa evaziga harakat qiladi. Ogoh bo‘l!

Ba’zilar axloqni buzishni istaydi.

Ba’zilar shubhali g‘oyalarni tarqatadi.

Ba’zilar esa faqat mashhurlik izlaydi.

Shuning uchun har bir “tovarni” yaxshilab tekshirmasdan olma.

 

Ey farzand! Noma’lum havolalarni (linklarni) ochishdan saqlan. Chunki ularning ba’zisi tuzoq bo‘lishi mumkin: xakerlik, ma’lumot o‘g‘irlash, zarar va halokat.

 

Ey farzand! Latifalar va yolg‘on xabarlarni tarqatma. Harom ishlarga oid “copy-paste” qilishdan ham ehtiyot bo‘l.

Chunki sen internetda savob va gunoh bilan savdo qilayotganingni unutma.

 

Ey farzand! Izoh yozish yoki biror narsani ulashishdan oldin o‘zingdan so‘ra: “Bu ish Allohni rozi qiladimi yoki g‘azablantiradimi?”.

 

Ey farzand! Ko‘zing bilan ko‘rmagan odamingni do‘stligiga ishonma. Faqat yozganlariga qarab insonlarga hukm chiqarma. Chunki ko‘pchiligi niqoblangan! Haqiqat shuki: “Ularning suratlari soxta bo‘lishi mumkin, axloqi jozibali ko‘rinishi mumkin. Ular niqob taqadi va “rostdek ko‘rinib yolg‘on gapiradi”. Shuning uchun zohirga aldanma”.

 

Ey farzand! Soxta ismlardan ehtiyot bo‘l. Chunki ularning egalari ko‘pincha o‘zlariga ishonmaydi.

O‘ziga ishonmagan odamga sen ham ishonma.

 

Ey farzand! Seni ranjitganni sen ham ranjitma.

Chunki sen o‘z axloqingni namoyon qilasan, u esa o‘z tabiatini ko‘rsatadi.

Har bir idish ichidagi narsa bilan toshadi.

Go‘zallik javobda emas, tilingda!

 

Ey farzand! Yozadigan narsangni yaxshilab o‘yla. Chunki sen yozasan, farishtalar ham yozadi, Alloh esa hammasini ko‘rib, hisobini qiladi.

Shuning uchun sahifangni Qiyomat kuni senga qarshi emas, balki senga guvoh bo‘ladigan qilib yurit!

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV