Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Mo'minlar najot topdilar” (Mu'minun, 1).
Bu oyat, shubhasiz, mo'minlarning ikki dunyoda ham najot topishiga dalolat qiladi. Chunki oyatdagi «najot topdilar» iborasi o'tgan zamon fe'lida bo'lib, u kelasi zamondagi «najot topadilar» ma'nosidan kuchlidir. Shu bois ta'kid bilan aytilgan «najot topdilar» oyati mo'min banda bor-ki, uning, albatta, najot topishi haqligini bildiradi. Najot topadigan mo'minlarning sifatlari quyidagi oyatlarda bayon qilingan.
– «Ular namozlarida o'zlarini kamtar tutuvchidirlar»(Mu'minun, 2).
«namozlarida o'zlarini kamtar tutuvchilar»dan murod namozni xushu', huzu' bilan ado etuvchi mo'minlardir. Har bir mo'min-musulmon ibodatini Allohning ko'rib turganini bilib, qabul bo'lishiga umid qilib ado etishi zarur. Alloh taolo xushu' va huzu' bilan qilingan ibodatlarni qabul qiladi.
– «Ular behuda (so'z va ishlar)dan yuz o'giruvchidirlar»(Mu'minun, 3).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishining behuda narsalarni tark etishi xulqining go'zalligidandir”, dedilar (Imom Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
– «Ular zakotni ado etuvchidirlar»(Mu'minun, 4).
Moliyaviy ibodat bo'lgan zakot dinimizning ustunlaridan biri bo'lib, u Qur'oni karimning yigirma etti o'rnida namoz bilan barobar zikr qilingan.
– «Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar»(Mu'minun,5).
Dunyo aholisi hayotiga jiddiy xavf solayotgan OITS kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy xatar – zinodir. Bu bedavo dardga chalingan bemorlar sonining yil sayin ortib borishiga, asosan, zinodan saqlanmaslik sabab bo'lmoqda.
– «Ular (mo'minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o'zaro bog'lagan)ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar»(Mu'minun,8).
Omonatga rioya, unga xiyonat qilmaslik, va'daga vafo qilish ham mo'minlarning sifatlaridan, imonining belgilaridandir.
Oyatda kelgan mo'minlarning yana boshqa sifatlaridan biri «Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)dirlar» (Mu'minun,9). Zero, «...namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir»(Niso, 103).
Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Allohga qaysi amal mahbubroq?” deb so'radim. “O'z vaqtida o'qilgan namoz”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin odamlar: «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlari qanday edi?” deb so'raganlarida, Oisha onamiz roziyallohu anho Mu'minun surasining dastlabki to'qqiz oyatini o'qib, “Hulqlari xuddi shu oyatlarda aytilgandek edi”, deganlar».
Mu'minun surasida vasf etilgan sifatlardan xulqlanishga harakat qilaylik. Shunda Allohning najot topuvchi bandalaridan bo'lamiz.
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.