Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi ko'magida O'zbekiston Islom tadqiqotlari markazi hamda Misr Kitoblar uyi va Milliy arxivi mutaxassislari o'rtasida onlayn-muzokaralar o'tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Uchrashuvdan ko'zlangan maqsad qo'lyozmalarni restavratsiya qilish sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish va rivojlantirishdan iborat bo'ldi.
Muzokaralar natijasida idoralararo hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini belgilab beradigan o'zaro anglashuv memorandumining yakuniy tahriri ma'qullandi.
Har bir xalqning tarixi va madaniyatini o'rganishda qo'lyozma kitoblar katta ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. O'zbekiston muzeylari va kutubxonalarida juda ko'p qo'lyozmalar saqlanmoqda.
Ularni saqlash va asrab avaylash, ilmiy tadqiq etish va kelgusi avlodlarga etkazish masalalari mamlakatimiz rahbariyati jiddiy e'tiboridagi masala ekani qayd etildi.
O'zbekistonda kitoblarni indeksatsiya qilish, tiklash, raqamlashtirish va chop etishda Misr tajribasini qo'llash muhimligiga e'tibor qaratildi.
Shu nuqtai nazardan, misrlik yuqori malakali mutaxassislarning O'zbekistonga amaliy safarini tashkil etish masalasi bo'yicha fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Misr hukumatlararo komissiyasining bo'lajak 7-majlisi doirasida O'zaro anglashuv memorandumini imzolash bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.