O'zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida me'moriy shakllarni uyg'unlashtirish masalalariga bag'ishlangan kitobning (Uralov A.S., Elina Mohd Husini. Harmonization, Decoration of Architectural Forms and Light. – USIM Press, 2021) taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mazkur kitob Samarqand davlat arxitektura instituti professori Aktam O'rolov va Malayziya Islom ilmiy universiteti (Universiti Sains Islam Malaysia – USIM) professori Elina Mohd Husini tomonidan tayyorlangan va USIM Press nashriyoti bilan hamkorlikda chop etilgan.
1998 yilda tashkil etilgan USIM davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetning ta'lim modeli diniy fanlarni dunyoviy fanlar bilan integratsiyalash tamoyiliga asoslangan.
Elchixonada gibrid formatda tashkil etilgan taqdimotda USIM markazi direktori Mohd Zin Kandar, professor va o'qituvchilar ishtirok etdi.
Samarqand davlat arxitektura instituti bilan telekonferentsiya tashkil etildi.
Onlayn-tadbirda institut rektori Chidem Janbay Turkyilmaz va oliy bilim yurti o'qituvchilari qatnashdi.
Kitob turli asrlar me'morchiligi nazariyasi, tarixi va amaliyotiga bag'ishlangan. Nashrda O'zbekiston va Markaziy Osiyo me'morchiligi va tasviriy san'atida shakllar uyg'unligi va mutanosiblik nazariyasiga alohida e'tibor qaratilgan.
Risola me'morlar, san'atshunoslar va keng kitobxonlarga mo'ljallangan bo'lib, bakalavr va magistratura dasturlari talabalari uchun darslik sifatida tavsiya etilgan.
Taqdimotda malayziyalik tinglovchilarga Islom tsivilizatsiyasining boy madaniy merosini, respublikamizda ko'p asrlik me'moriy an'analarini o'rganish va ommalashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar haqida ma'lumot berildi.
Tomonlar 2019 yilda oliy o'quv yurtlari o'rtasidagi hamkorlik doirasida professor-o'qituvchilarning lektor sifatida o'zaro tashriflarini tashkil etish amaliyoti yo'lga qo'yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tadbir yakunida islom merosini birgalikda ilmiy tadqiq etish, xalqaro konferentsiyalar, seminarlar va ma'ruzalar tashkil etish, O'zbekiston va Malayziya nashrlarida ilmiy materiallar nashr etish, shuningdek, hamkorlikda ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish imkoniyatlarini o'rganish bo'yicha universitetlararo amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Farzand hayotimizdagi eng katta ne’matlardan biridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Agar oralaringizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganda edi, boshingizga balolar yomg‘irdek yog‘ilar edi”.
Demak, oramizda yosh bolalarning borligi bu barchamiz uchun Allohning rahmati ekan. Buni aslo unutmasligimiz lozim.
Ummu Xolid yoshligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borgani haqida so‘zlab beradi. U Habashistondan otasi bilan birga kelgan va egniga sariq rangli ko‘ylak kiygandi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rib: “Sana, sana (Habashiston lahjasida “yaxshi” degan ma’noni anglatadi)” dedilar so‘ngra qizaloq bilan kulishib, habash lahjasida gaplashdilar. Chunki qizaloq Habashistonda tug‘ilgani uchun faqat shu lahjada gaplasha olardi.
Qizaloq jajji qo‘llarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘ylaklarining orqasiga kiritib, chap kuraklarining ustki qismidagi kabutar tuxumidek keladigan payg‘ambarlik muhrini o‘ynay boshladi.
Buni ko‘rgan qizaloqning otasi qattiq tanbeh berdi. Ammo Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uni tinch qo‘y!” dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qo‘llarini ko‘tarib uning haqqiga: “Ko‘ylakingni kiyib, eskirtiravergin, Alloh o‘rniga beraversin. Kiyib, eskirtiravergin, Alloh o‘rniga beraversin”, deb duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari sababli o‘sha qizning umri uzun bo‘ldi. Eskirgunicha chiroyli kiyimlarni kiyardi, keyin yanada chiroylisini sotib olardi.
Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kichik bolaga qanday munosabatda bo‘lyaptilar. Jajji qizaloqqa qanchalik mehribonlik ko‘rsatdilar. Bolalarning qiziquvchanligi, o‘yinqaroqligini yaxshi bilganlar va shunga munosib javob qaytarganlar.
Biz ham bundan o‘zimizga o‘rnak olishimiz kerak. Zero, bu ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bolalarga nisbatan muomalariga oid sunnatlari, xulqlaridan biridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarni alohida hurmat qilardilar
Jamiyatda insonlarning aksariyati bolalarni chetga surishadi. Aytaylik, ular biror narsa sotib olmoqchi yoki sotmoqchi bo‘lishsa, sotuvchi ham, sotib oluvchi ham ularga e’tibor bermaydi. Hech kim ularga ahamiyat bermaydi, go‘yoki ularning qo‘lidan hech qanday ish kelmaydi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir bolaga alohida ahamiyat berardilar.
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suv keltirishdi. U zot alayhissalom undan ichdilar. Nabiy alayhissalomning o‘ng tomonlarida 10 yoshli Ibn Abbos, chap tomonlarida esa Abu Bakr Siddiq va yana boshqa katta sahobalar roziyallohu anhum o‘tirishgan edi. Aslida ichimlik ichishni o‘ng tomondan boshlash sunnat sanaladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos roziyallohu anhuga qarab: “Buni Abu Bakrga uzatishimga izn berasanmi?” deb ruxsat so‘radilar. 10 yashar Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Hargiz unday qila olmayman. Sizdan bo‘lgan nasibamni biror kishiga ravo ko‘rmayman. Men Sizdan keyin ichishni istayman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llarini bolakayning qo‘liga qo‘yib, bu narsa uning haqqi ekanini bildirib qo‘ydilar. Ya’ni bolakay yosh bo‘lishiga qaramay o‘z navbatida suv ichdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bolalar bilan muloqotdagi uslublari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan shunday gaplashar edilarki, ular o‘zlarini xuddi kattalardek his etishardi. Ammo ayrim odamlar bolalar bilan kulgili tovushlar chiqarib o‘ynashadi. Ba’zan ko‘chadagi bolalar bilan ham ularning jig‘iga tegib, o‘zlari qochib ketmaguncha hazillashadilar. Hatto 10 yoshar bolani yuzlarini chimchilab xuddi go‘dakka o‘xshab kulishini kutamiz.
Bunday erkalashlarda bola o‘zini kattalardek his qilmaydi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos bilan suhbatlashganda, unga nimalarni aytganlarini bilasizmi? U zot sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Ey bolakay! Men senga kalimalarni o‘rgataman. Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi. Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda topasan. So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra. Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista. Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi”.
Ushbu muborak hadis Ibn Abbos roziyallohu anhu orqali bizgacha yetib keldi. Bu go‘zal so‘zlarni Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglaganlarida bor yo‘g‘i 9 yoshda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xato qilgan bolalarga munosabatlari
Hech shak-shuhbasiz, har qanday yosh bola xato qiladi. Ba’zan noto‘g‘ri ish qiladi. Axir u bola-ku. Ammo ko‘pchiligimiz bolalarning xatosini qabul qila olmaymiz. Farzandimiz yoki boshqalarning farzandining xatolaridan qattiq g‘azablanamiz. Ba’zilar hatto farzandini kaltaklaydi, uradi. Ammo, unutmangki! Alloh toalo yosh bolalarni hisob-kitob qilmaydi.
Rofi’ ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men va bir do‘stim ansorlarning xurmolariga tosh otardik”. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar qilishdi.
Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib borishdi. U zot alayhissalom menga: “Ey yigit, nega xurmolarga tosh otyapsiz?” dedilar.
“Yeyish uchun”, deb javob berdim.
“Tosh otmang, yerga tushganini olib yeyavering”, dedilar va boshimni silab: “Allohim, uning qornini to‘ydirgin” deb duo qildilar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go‘zal xulqni o‘rgatdilar, yomonlikdan qaytardilar va ularning haqiga duo qildilar.
Alloh taolo sizni yaxshi ko‘radi
Farzandlarimizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xulqlarini, sunnatlarini o‘rgatsak, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rib qoladilar. Bu barchamizning vazifamizdir. Buning uchun avvalo har birimiz amalda o‘rnak bo‘lishimiz talab etiladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi”» (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Davron NURMUHAMMAD