Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Aprel, 2026   |   6 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:31
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:17
Xufton
20:36
Bismillah
24 Aprel, 2026, 6 Zulqa`da, 1447

Ota nidosi

22.11.2021   5415   12 min.
Ota nidosi

Otaning haqqi, mehri, muruvvati onanikidan kam emas. Buni ota bo'lgach bilamiz, farzandimiz bemor bo'lgach, sezamiz. Bolalarimiz ochlikdan biroz qiynalganda, otani eslaymiz. Oila boshlig'i bo'lish mashaqqat ekanini ro'zg'or tashvishlari bo'ynimizga tushgach, his etamiz. Ota bo'lish ham sharaf, ham mas'uliyat, ham burchdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ota haqida bir go'zal hadis aytganlar:“Ota jannatning o'rta eshiklaridan. Hohlasang, uni ochib kirib ol, xohlasang, zoye qil, ya'ni yuzingga qarshi yopib ol”, dedilar(Imom Termiziy rivoyati).

Nabiyyi muhtaram sollallohu alayhi va sallam jannatda eng oliy darajadagi eshik o'rta eshik ekani, shu bois otaning shu eshikka qiyoslayaptilar.Ota – aziz zot, bolasi uchun jonini berishga tayyor.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Saodat asrida bir yigit Payg'ambarimiz alayhissalomga otasidan shikoyat qilib keldi. (Ajablanmang, azizlar. Afsuski, bugun otasidan shikoyat qiladiganlar ko'payib qoldi. Bizning oldimizga ham ba'zan padaridan norozi nodonlar kelib turadi.)Shikoyatga qarang: “Yo Rasululloh, otam mentopgan hamma molimni ishlatib yuboryapti. Bunga uning haqqi bormi?” dedi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Otangni chaqirib kel”, dedilar. Ota bechora o'g'li  Rasulullohga shikoyat qilganini sezdi.(Tasavvur qiling-a, dunyolarga rahmat Payg'ambarimiz alayhissalomga o'g'il otasidan shikoyat qilsa-ya?! Bu ota uchun  qanchalik or).

Otao'g'liga: “Sen ketaver, men ortingdan etib boraman”, dedi. Ota shoirtabiat inson ekan. Yo'l-yo'lakay o'g'lidan qattiq ranjiganidan she'r to'qidi. Lekin u farzandini ehtiyot qilib, she'rni tiliga ham chiqarmadi. Dilidan o'tkazdi, xolos. Shu payt Jabroil alayhissalom Payg'ambarimiz alayhissalomning oldilariga tushib: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, sizga Alloh taolo salom aytdi. Hozir oldingizga bir mo'ysafid odam kelyapti. Undan ichida to'qigan, ammo tiliga chiqarmagan narsani aytib berishini so'rang”, dedi.

Haligi odam kelgach, Payg'ambarimiz alayhissalom undan: “O'g'lingiz shikoyat qilyapti, topgan molu dunyosini – pullarini ishlatib yuborar ekansiz”, dedilar. Ota: “Yo Rasululloh alayhissalom, o'g'limdan so'rang-chi, uning topganlarini o'zim uchun ishlatibmanmi? Hammasini opa-singlisiga, amma-xolasiga berdim-ku”, dedi.

Shu gapdan so'ng Rasulimiz alayhissalom: “Mayli, qo'yavering. Siz hozir kelayotganingizda, ichingizda to'qib, tilingizga ham chiqarmagan narsani aytib bering”, dedilar. Haligi ota hayron qoldi. Payg'ambarimiz alayhissalomga yana bir karra imon keltirib: “Siz haqiqiy Rasululloh ekansiz. Axir, buni men hatto tilimgayam ham chiqarmagan edim, qalbimdan o'tkazgandim, xolos. Qayerdan bildingiz?” deb so'radi. U zot: “Menga bildirildi”, dedilar.

Haligi odam she'rni aytib berdi (farzandi yoshligida ko'p kasal bo'lgan chog'i, shuni esladi ota):

 

Boqdim seni jon bolam,

Qalbim sururga to'lib,

Quvonchga to'ldi olam,

Ulg'ayding yigit bo'lib.

 

Bo'ldim kechalar bedor,

Senga etganda alam,

Tanda qolmadi mador,

Yetdi ko'klarga nolam.

 

Go'yo edim men bemor,

Boshga yog'ilib toshlar,

Qalbimga to'ldi ozor,

Ko'zdan to'kildi yoshlar.

 

Firoq meni qo'rqitdi,

Chang solib senga o'lim,

Dardlar meni yiqitdi,

Ming titroq tutdi qo'lim.

 

Do'sting bo'lib alp o'g'lon,

Kamolga etib asta,

So'zlaringdan yurak qon,

Bo'ldim-ku bolam xasta.

 

Qilding menga qo'pollik,

Qalbimga berib ozor,

Ko'zlarimga boqding tik,

Mahzunlik bo'ldi hazor.

 

Otamanmi, o'g'ilmi,

Bo'lib qoldim men hayron,

G'amga to'ldirding dilni,

Yurakni qilib vayron.

 

Aqli yo'q, nodon, deding,

Shumi sendan ko'rganim,

Kuchsiz bir ojiz, deding,

Ustimdan kuldi g'anim.

 

Netay, menga dilbandsan,

Qilgum senga yaxshilik,

Axir, menga farzandsan,

Yuz burmayman dushmandek.

 

Bu she'rni eshitib, Nabiy alayhissalom yig'lab yubordilar va: “Sen ham, molu dunyoing ham otangniki”, dedilar(Imom Abu Dovud rivoyati).

Butun borlig'imiz, bisotimiz otamizniki. Yoshlar chuqur tafakkur qilishlari kerak. Ota farzandlarini boqish uchun ne kuylarga tushmaydi. Buni ota bo'lib, jo'jabirday bolalarini voyaga etkazish uchun kechayu kunduz tinim bilmay tirishayotganotalar bilishadi.

Azizlar, ota – g'animat. Ko'pchiligimizning otalarimiz o'tib ketishdi. Ular hozir qancha qidirsalar ham, otalarini topa olishmayapti. Davlatmand, boy odamlar dasta-dasta pullarni ko'tarib olib, otasini axtarishadi. Hizmatini qilmoqchi bo'lishadi. Lekin topa olmay, yig'lab yuribdi. Otasi borlar esaoxirgi marta qachon qiblagohini ziyorat qilganini unutdilar.

Azizlar, ona – mehribon, mushtipar, bolasini eru ko'kka ishonmaydi, jonidan ortiq yaxshi ko'radi. Uning peshonasidan o'padi, boshini silaydi, erkalatadi. Otaba'zan qahri qattiq ko'rinsa-da, lekin u farzandini onadan kam yaxshi ko'rmaydi.

Yaqinda oldimga bir ota keldi. U bolasining buyragi qurib borayotganini, uni almashtirish zarurligini kuyinib gapirdi.Tibbiy amaliyotga, birovning buyragini sotib olishga puli etmasligini, shu bois o'zi o'g'liga buyragini bermoqchi ekanini aytdi. Ammo shifokorlar o'zi bemor bo'lsa-da, o'g'liga buyragiini tortiq qilayotgan otaga: “Siz jarrohlik amaliyotidan chiqmaysiz. O'g'lingizga buyragingizni olib qo'yamiz, lekin siz yashamaysiz”, deyishayotgan ekan. Ota buyragidan ayrilishiga ham, amaliyotdan chiqmasligiga ham rozi. O'g'li yashasa bo'ldi.

Ota:

– Hazrat, sizning oldingizga men o'g'limga buyragimni bersam, amaliyotdan chiqmasam, o'z jonimga qasd qilib qolgan bo'lmaymanmi? Qiyomatda Allohning huzurida gunohkor bo'lib qolmaymanmi? – degan savollarga javob topish uchun keldim. O'limdan qo'rqmayman, bolam yashasin.

Yig'idan o'zimni to'xta olmadim. Unga javob topib bera olmadim. O'zini o'zi o'ldirgan bo'lib qoladi desam, bolasi turibdi, “yo'q” deyishni ham, “ha” deyishni ham bilmay qoldim. Faqat yig'lab haqiga duo qildim. Biror donarni toping, o'zingizni ehtiyot qiling, deyishdan nariga o'tolmadim.

O'sha kundan beri ichimda bir g'alayon kezib yuribdi. Nahot otalar shunchalik mehribon bo'lishsa, bolasi uchun jonidan ham kechsaya?!

Ammo, afsuski, hozir ko'p yoshlar otasining qadriga etmayapti. Ish bilan ovora bo'lib, ziyoratidan ham uzoqlashib qolyapmiz. Ayniqsa, boshqa viloyatda, boshqa tumanlarda yashaydigan otangiz telefon qilib: “Bolam, yaxshimisan?” desa, bilingki, otangiz o'sha kechasizni sog'inib mijja qoqmay chiqadi. Oldida ukam, akamlarbor. Opa-singillarim holidan xabar olib turibdi, deb o'ylashingiz mumkin.Har gulning o'z hidi bor. Ota hamma bolasini sog'inadi.

Birodar, otangizning oldiga boring, ajin tushgan yuzlariga qarang, sochlariga “yoqqan pag'a-pag'a qor”ni ko'rib tafakkur qiling. U bu ko'yga qanday tushib qolganini o'ylang.  Ertaga qiyomatda otamiz biz uchun o'zini fido qilganini aytganda, xijolat bo'lib qolmaylik. Bizni boqaman, deb shu holga tushdi.

Azizlar, ota – g'animat.Biz qiblagohlarimizni topa olmayapmiz. Oramizda otasi o'tib ketganlar bor. Ular ming armon bilan: “Qaniydi otam hayot bo'lsa, qo'llarini o'par edim”, deb orzu qilib o'tirishibdi. Bugun otasi hayotlar, jannat darvozasi borlar, shu darvozadan kirib oling. Bu darvozani ertaga topa olmay qolishingiz mumkin.

Alloh taolo marhum otalarimizni rahmatiga olsin, makonlarni jannat aylasin. Hayotda yashayotganlarini salomat qilsin. Otalar – jannat darvozasi. Ular mana shu maqomga loyiqdirlar. Farzandlaringiz shu darvozadan kirib olishsin. Otaning qo'lini ushlab, Ka'ba oldida u zotning duosini olish – farzand uchun dunyodagi eng katta baxt. Otani elkasida ko'tarib, Ka'batullohni tavof qildirish – chinakam saodat.

Bugun otasi borlar Ka'bada u zotning qo'llarini ushlab, Arafotda yonlarida turib duolarini olsin. Bugun otasi yonida bo'lishini orzu qilayotgan do'stlarimizga Arafotda qiblagohi haqiga duo qilish nasib etsin.

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Haj sayohat emas...

20.04.2026   6770   2 min.
Haj sayohat emas...

Haj jismoniy va moliyaviy jihatdan bandani sinaydigan, ruhiyatini poklaydigan Islom arkonlarining beshinchi ruknidir. Hajning ulug‘ fazilatlaridan biri insonning xato va gunohlardan poklanishiga sabab bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

“Kim Alloh uchun haj qilsa, (haj davomida) yomon gaplar gapirmasa va gunoh ishlar qilmasa, uyiga onasidan tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lib qaytadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Shunday ekan, mabrur haj inson hayotida yangi sahifa ochadi. Islom ta’limotida har bir solih amalning o‘z ajri bor, biroq Haj uchun va’da qilingan mukofot ulug‘roqdir.

Hadisda aytilishicha: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir”. Riyodan xoli, halol mablag‘ evaziga qilingan va barcha odoblariga rioya etilgan ibodat mabrur haj hisoblanadi.

Hojilar Alloh taoloning mehmonlaridir. Muqaddas manzillarda inson o‘zi va yaqinlari uchun eng xayrli duolarni so‘raydi. Ziyorat davomida, ayniqsa Arafot tog‘ida, Ka’bai muazzama qarshisida va Safo-Marva tepaliklarida qilingan duolar rad etilmaydi.

Hajning ijtimoiy fazilati beqiyos. Bir xil libosda, bir xil maqsad yo‘lida dunyoning turli burchaklaridan kelgan insonlarning jamlanishi tenglik va ibrat namunasini namoyon etadi. Bu yerda boy va kambag‘al, mansabdor va oddiy ishchi, oq va qora tanlilar o‘rtasida hech qanday farq qolmaydi.

Haj arkonlarini bajarayotgan inson qiyomat manzaralarini his qiladi, hisob-kitobni eslaydi va Alloh huzurida hamma teng, faqatgina taqvolilargina boshqalardan ustun ekanini tushunadi.

Haj safari mashaqqatlardan xoli emas. Issiq iqlim, millionlagan olomon ichida harakatlanish va uzoq masofalarni piyoda bosib o‘tish insondan ulkan sabr talab qiladi. Bu mashaqqatlar evaziga inson o‘z nafsini jilovlashni, boshqalarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishni va qiyinchiliklarga shukr bilan munosabat bildirishni o‘rganadi.

Haj sayohat emas, balki qalbning Alloh tomon hijratidir. Muborak safardan qaytgan kishi hoji maqomini olish bilan birga jamiyatga foydasi tegadigan, odob-axloqi go‘zal va iymoni mustahkam bo‘lgan boshqa shaxsga aylanishi kerak.

Alloh taolo barchamizni haj arkonlarini bajarish va unga munosib bo‘lish baxtidan benasib qilmasin!

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Zafar qori Mahmudov

Maqolalar