1. Jannatda jannat ahli uchun faqat rohat-farog'at, anvoyi nozu ne'matlar bo'ladi, u erda o'lim, kasallik, musibatu g'am-tashvish bo'lmas: «Albatta, jannat ahli u kunda (rohat va farog'at) ish(lari) bilan shoddirlar» (Yosin surasi, 55-oyat).
2. Jannat ahli och ham, yalong'och va tashna ham bo'lmaslar: «Shubhasiz, sen u joyda (jannatda) och va yalang'och ham qolmaysan. Shuningdek, sen u joyda tashna ham bo'lmaysan va issiqda ham qolmaysan» (Toho surasi, 118-119-oyat).
3. Jannat ahli salqin soyalarda o'tiradilar: «Ular o'z juftlari (xotinlari) bilan birga soyalarda, so'rilarda suyanib o'tirurlar» (Yosin surasi, 56-oyat).
4. Jannat ahliga Alloh taoloning salomi bo'ladi: «(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur)» (Yosin surasi, 58-oyat).
5. Jannat ahli Allohni ko'radilar: «U kunda ba'zi yuzlar yashnab turuvchi, Parvardigorlariga boquvchidir» (Qiyomat surasi, 22-oyat).
6. Jannat ahli jannatda xursandchiliklar qiladilar: «Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilganlargina ravza (jannat)da xursandchilik qilurlar» (Rum surasi, 15-oyat).
7. Jannat ahli behuda gap-so'zlarni eshitmaslar, ularga o'zlari istagan rizqlar paydo bo'ladi: «U joyda ular behuda so'z eshitmaslar, balki «salom» (so'zini eshiturlar). U joyda ular uchun ertayu kech rizqlari hozirdir»(Maryam surasi, 62-oyat).
8. Jannat ahli jannatda bezanib oladilar: «...Ular u joyda oltin bilakuzuklar va marvaridlar bilan bezalurlar, liboslari esa harir (ipak) bo'lur» (Haj surasi, 23-oyat).
9. Jannat ahli turli xil shirin mevalar iste'mol qiladilar: «...Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: «Bu ilgari biz egan mevalarning xuddi o'zi-ku?!» – deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar berilgan edi...» (Baqara surasi, 25-oyat).
Jannatdagi noz-ne'matlarning tashqi ko'rinishi xuddi bu dunyodagiga o'xshash bo'lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Jannat ahli tanovul qilmay turib: “Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o'zi-ku!” der ekanlar. Yeb ko'rganlaridan keyin esa, jannat mevalarining mislsiz totli ekaniga amin bo'ladilar.
10. Jannat ahli baland ko'rpachalar ustida o'tiradilar: «(Ular) tikansiz butazorlarda,tizilgan bananzorlarda, yoyiq soya (osti)da,oqizib qo'yilgan suv (bo'yi)da, ko'plab meva (uzra)ki, (ular) tuganmas va man etilmasdir. Shuningdek, (ular) baland to'shalgan ko'rpachalar (usti)dadirlar» (Voqea surasi, 28-34-oyat).
11. Jannat ahli pok sharob ichadilar: «Ustilarida yashil ipak va shoyi liboslar bo'lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangan bo'lurlar va Parvardigorlari ularga pok sharob ichirur» (Inson surasi, 21-oyat).
12. Jannat ahli sut, may ichadilar, asal va mevalar eydilar: «Taqvoli zotlar uchun va'da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat anhorlar ham, ta'mi o'zgarmas sutdan iborat anhorlar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydanbo'lmish anhorlar ham va musaffo asaldan iborat anhorlar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag'firat bordir» (Muhammad surasi, 15-oyat).
13. Jannat ahli ko'rpachalar ustida, yostiqlar uzra yastanib o'tiradilar: «(Jannat ahli) astarlari shoyidan bo'lgan ko'rpachalar uzra yastangan holda (o'tirurlar)» (Rahmon surasi, 54-oyat). (Jannat ahli) yashil yostiqlar va go'zal gilamlar uzra yastangan hollarida (o'tirurlar) (Rahmon surasi, 76-oyat).
14. Jannat ahli Alloh taologa hamd aytadilar. ...(Shunda) ayturlarki: «Ushbu (hidoyat)ga bizni boshlagan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O'zi) boshlamaganida, to'g'ri yo'lni topa olmagan bo'lur edik. Rabbimizning payg'ambarlari haqiqatni keltirgan ekanlar». Ularga nido qilinurki: «Mana shu – jannat. Qilgan (savobli) amallaringiz sababli u sizlarga meros qilib berildi» (A'rof surasi, 43-oyat).
Alloh taolo barcha mo'min-musulmonlarni jannat bog'larida taqvodor va solihlar bilan birga qilishini, O'z rahmati bilan o'rab olishini hamda Payg'ambarimiz alayhissalomning shafoatlariga noil qilishini so'rab, duolar qilaman. Omin Ya Robbal A'lamiyn.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi