Habaringiz bor, Qirg'iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev boshchiligidagi bir guruh ulamolar tashrif yurtimizda bo'lib turibdi.
Bugun kunning birinchi yarmida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari va Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev hazratlari uchrashuv o'tkazdilar.
Shundan so'ng ikki qardosh xalq ulamolari juma namozini ado etish maqsadida poytaxtimizdagi ko'rkam jomelardan biri bo'lgan “Hazrati Imom” masjidiga tashrif buyurdilar.
Juma ma'ruzasi asnosida mo'min-musulmonlarga Qirg'iziston ulamolarining yurtimizga tashrifi, ikki el din peshvolarining iliq va samimiy hamkorlik aloqalari haqida ma'lumot berildi.
Ikki xalq ulamolari muborak masjidda minglab namozxonlar bilan birga juma namozini ado etdilar, so'ngra Qur'oni karimdan tilovotni qorilarimiz, duoni esa qardosh ulamolari qilib berishdi.
Tashrif asnosida mehmonlar "Hazrati Imom" majmuasidagi Hazrati Usmon Mushafini ziyorat qilib, Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti bilan yaqindan tanishdilar.
Alloh taolo din va qon qarindosh birodarlar o'rtasidagi ahlligimizni yanada ziyoda qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati