Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Tabiatning shoh asari, qo'sh ustunli ayvon

18.11.2021   3340   8 min.
Tabiatning shoh asari, qo'sh ustunli ayvon

Ajdodlarimiz oilaga ana shunday ta'rif berishgan. Chunonchi, insoniyat­ taraqqiyoti davomida u eng muhim ijtimoiy hodisa, chinakam qadriyatga aylangan.

Bizga hech erda oilamizdagichalik intiq bo'lishmaydi. Hech bir makonda o'zimizni oila davrasidagiday xotirjam, xushvaqt sezmaymiz. Yutuqlarimizdan eng ko'p sevinib, g'ururlanadiganlar ham, avvalo, yaqinlarimiz – ota-onamiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimizdir. Yo'ldan toysak – yo'llaydigan, qiynalsak – ko'makka shoshilib, qo'llaydiganlar ham shular.

Oila – muqaddas dargoh. Birgina shu muqaddas so'zining oilaga nisbatan ishlatilishida chuqur ma'no va mohiyat mujassam. Zotan, millatning ertangi kuniga dastlab oilada poydevor qo'yiladi, unda hayotning davomiyligini ta'minlovchi avlod shakllanadi, milliy madaniyat, urf-odatlar, axloqiy-ma'naviy qadriyatlar asrab-avaylanadi, jamiyat taraqqiyotining iqtisodiy farovonlik va madaniy yuksalishlariga asos solinadi, mustahkamlanadi.

Insonga xos bo'lgan chinakam hayotni, farovon va baxtli turmush sharoitini mana shu amallarsiz tasavvur etib bo'lmaydi, albatta. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatida inson va uning manfaatlari ustuvor ekan, biz ko'zlagan maqsadlarga erishishda hayotimizning tayanchi va suyanchiga aylangan oilaning o'rni benihoya kattadir.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladiki: “sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir”.

Oila insonning dunyoviy saodatini ta'minlovchi qo'rg'ondir. Oilada erkak kishining mas'uliyati alohida qayd etilgan.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qilib: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig'i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o'z oilasiga) o'z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir”, degan.

Erning o'z xotini oldida ham ijtimoiy ham jismoniy, ham moliyaviy burchi mavjud. Alloh taolo marhamat qiladiki:

“...Ular bilan totuv turmush kechiringiz...”.

Darhaqiqat, Islom dini o'z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo'shadi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.): “Sizlarning ichingizdagi yaxshi erkak o'z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lganidir. Men esa o'z ahlimga sizlardan ko'ra yaxshiroq munosabatdaman”.

Albatta, har to'kisda bir ayb deganlaridek, inson zoti aybu nuqsondan xoli emas. Shunday ekan, erkaklar o'z ayollarining ayblarini berkitib, oilaning bardavom bo'lishligini ko'zda tutgan holda ularga pandu nasihat qilib turishlik buyuriladi.

Payg'ambarmiz (s.a.v.) marhamat qiladilar.

“Hech bir mo'min hech qaysi mo'mina ayolini yomon ko'rmasin. Agar uning xulq atvoridan birini yoqtirmasa, boshqa xulqini yoqtirishi mumkin”.

Ma'lumki, mamlakatimizda ayollarni huquqi to'la to'kis himoya qilinadi. Chekka-chekka qishloqlarimizda ham ayollarni sog'lig'ini tiklash, shifoxonalarni tashkil qilingani, barcha ijtimoiy siyosiy sohalarda ularning faol qatnashib kelayotgani buning yorqin misolidir. Ayollardan katta va kichik rahbarlar, tadbirkorlar, siyosat arboblari, fan doktorlari va hatto O'zbekiston qahramonlari mavjudligi dilimizni quvontiradi, albatta.

Ming afsuslar bo'lsinki, hozirgi kunda ba'zi bir oila boshliqlari ayni shu masalada o'z vazifalarini unutib qo'ymoqdalar. Hatto ba'zilari oriyatsizlik bilan o'z jufti halollarini ayollar sha'niga mos kelmaydigan yo'llar bilan pul topib kelish uchun ko'cha-ko'yga chiqarib, hatto mardikorchilik qilishga ham majbur qilayotganliklari ham sezilmoqda. Bunday xolatlarni paydo bo'lishi achinarli holdir.

Rasululloh (s.a.v.) Hajjatul Vado' xutbasda erkaklarga murojaat qilib shunday dedilar: “Ayollar haqida Allohdan qo'rqinglar, darhaqiqat, ular sizning yordamchilaringiz bo'lib, sizlarning ulardagi haqqingiz shundan iboratki, sizning uyingizga siz yoqtirmagan birorta kimsa bostirib kirishiga yo'l qo'ymaslik. Bordi-yu, shunday qilsalar ularni jarohat etkazmaydigan qilib urishib qo'yingiz! O'z navbatida sizlar ham ularni yaxshilik bilan edirib, kiydiringiz”.

Farzandlarni odatda onalar emizib tarbiya qiladilar. Moddiy ta'minot bo'yicha ayol eridan uning toqati etmaydigan narsalarni talab qilish mumkin emas. Ulamolarimiz aytadilarki, erining topganiga qanoat qilmasdan, undan yanada ko'proq narsalar talab qilgan ayollar gunohkor bo'ladilar.

Jamiyatning muhim bo'g'ini bo'lgan oilani mustahkamlash, yurtimizdagi ma'naviy o'zgarishlar asosida rivojlantirish, nufuzini oshirishga doir rejalashtirilgan dasturlarni bajarishda jamiyatning barcha institutlari, ayniqsa, o'zini o'zi boshqarish organlari – mahallalar ham o'z imkoniyatlaridan keng foydalangan holda faol ishtirok etmoqda.

Oila farovonligi mahallada ijtimoiy muhit barqarorligini ta'minlashda va jamiyat taraqqiyotida muhim omil hisoblanadi. Qolaversa, ming yillar davomida mahallalarda o'zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, kam ta'minlangan, ehtiyojmand kishilar holidan xabar olish, to'y-tomosha, hashar va ma'rakalarni ko'pchilik bilan bamaslahat o'tkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham elkadosh bo'lishdek xalqimizga xos urf-odat va an'analar shakllangan va rivojlangan. Bir so'z bilan aytganda, mahalla oilaning asosiy tayanchi va suyanchi bo'lib kelgan.

Mustaqillik tufayli xalqimizning bu an'analari yana hayotga qaytdi. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi – mahalla institutini huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish, mavqeini mustahkamlash, nufuzini oshirish uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratildi. Natijada fuqarolar yig'inlari qoshida oilalar ahvoli bilan yaqindan tanish, ularga o'z vaqtida moddiy-ma'naviy ko'mak bera oluvchi, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy farovon turmushi, ma'naviy-ma'rifiy dunyoqarashiga samarali ta'sir ko'rsatuvchi o'ziga xos demokratik darsxona shakllandi.

Inson tabiatidagi eng yaxshi fazilatlar, dunyoqarashini belgilaydigan ma'naviy mezonlar avvalo oila, mahalla, qolaversa, maktab bag'rida kurtak yozadi. Har bir bolaning ertaga qanday inson bo'lib voyaga etishi, iqtidorining shakllanishi mana shu uch muhim bo'g'in hamkorligi va ta'lim-tarbiyasiga bog'liq. Barchamizga yaxshi ma'lum, ta'limni tarbiyadan, tarbiyani ta'limdan ayro holda tasavvur qilish mumkin emas. Ertangi kunimiz egalari bo'lgan yosh avlodning har tomonlama barkamol insonlar bo'lib voyaga etishida nafaqat ota-ona yoki o'qituvchi, balki qo'ni-qo'shni, mahalla-ko'y ham birdek javobgar.

Oiladagi uncha-muncha katta-kichik gaplar, ba'zi kechirsa bo'ladigan xatolarga ko'p xam e'tibor bermaslik, undan ulkan ish yasamaslik lozimdir. Shunda, inshoalloh, farzandlarimiz odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, iymon-e'tiqodli bo'lib tarbiyalanadilar. Yoshlarimizning har tomonlama sog'lom va barkamol etib tarbiyalash, ma'naviyat qo'rg'oni bo'lmish oilani mustahkamlash barchamizning burchimizdir.

Hullas, oila boshliqlari, ya'ni ota-onalar namunali, ahil oila qursalar, farzandlarning tarbiyasi ham oson bo'ladi. Binobarin, oilaning muqaddas dargoh ekanini hech qachon unutmaslik lozim.

 

Abduqahhor YuNUSOV,

Toshkent shahar imom-xatibi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   1780   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari