Turkiya Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Diyonat ishlari boshqarmasi Doktor Ali Erbosh janoblari muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlariga tabrik yo'lladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
– O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy vazifasi Sizga topshirilganing xabarini cheksiz mamnuniyat ila eshitdim. Sizning bu muborak vazifaga kelishingizdan boshimiz ko'kka etdi.
Fursatdan foydalanib, o'zbekistonlik mo'min-musulmon qardoshlarimizga ko'rsatiladigan ruhiy-ma'naviy xizmatlarda Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi sifatida doimo O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan elkadosh ekanimizni, idoralarimiz o'rtasida ko'p yillik do'stona, samimiy, qardoshlikka xos aloqalarimizning yanada keng miqyosda davom etishiga bo'lgan ishonchimizni izhor etaman.
Sizni bunday muhim va sharafli maqomga saylanganingiz munosabati ila yana bir bor tabriklab, idoralarimiz o'rtasidagi aloqalarning kuchaytirilishi, diniy sohada birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo'lgan rejalar borasida fikr almashish hamda ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilish maqsadida, Siz va sizga hamrohlik etadigan delegatsiyani eng qisqa fursatda Turkiya davlatida kutib olishdan g'oyatda mamnun bo'lishimizni ma'lum qilaman.
Eng samimiy salom va hurmatlar ila.
Doktor Ali ERBOSh,
Turkiya Respublikasi Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi
Diyonat ishlari boshqarmasi rahbari
اللَّهُمَّ إنِّي أسْألُكَ اليقين والعفو و الْعَافِيَةَ فِي الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ
O‘qilishi: Allohumma inniy asa’lukal yaqiyna val’afva val’aafiyata fiddunyaa valaaxiroti.
Ma’nosi: Allohim, men Sendan dunyo va oxiratda yaqiyn (qat’iy ishonch), afv hamda ofiyatni so‘rayman (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taoloning bandasiga bergan eng ulug‘ ne’matlari va eng buyuk yaxshiliklaridan biri – sog‘liq va ofiyat. Ofiyat barcha ne’matlarning eng ulug‘idir. Shu bois Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilardilar: “Allohim, men Sendan dunyo va oxiratda yaqiyn (qat’iy ishonch), afv hamda ofiyatni so‘rayman”.
Ushbu duo javome’ul-kalim ya’ni qisqa bo‘lsada ma’nosi keng qamrovli bo‘lgan duolardan sanalib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni tongda va kechki vaqtda doimiy ravishda takrorlab o‘qishdan charchamas edilar. Chunki bu duo dunyo va oxirat yaxshiliklarini o‘z ichiga oladi.
Afv (kechirimlilik) – Alloh taoloning bandasining gunohlarini kechirib, qilgan ishlari uchun jazolamay o‘tib ketishidir.
Ofiyat esa – Allohning bandasini kasalliklar, musibatlar va har qanday yomonliklardan saqlashidir. Dunyo va oxiratdagi parda, xotirjamlik, xavfsizlik va muhofaza etish ham ofiyatning bir qismiga kiradi.
Ulamolar aytadilarki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoda avvalo dunyo va oxirat ofiyatini so‘raganlar. Chunki ofiyat – hamma narsaga teng kelmaydigan ulug‘ ne’matdir. Bu duo orqali gunohlarni o‘chirish, har qanday zarar keltiruvchi balolar va musibatlardan, shuningdek, oxirat dahshatlari va u yerdagi turli jazolardan panoh so‘ralgan. Shu sababli bu duo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan aytilgan eng buyuk maqsadlarni o‘z ichiga olgan duolardandir.
Balolarning ba’zilari ochiq-oydin bo‘ladi – jismoniy kasalliklar va moddiy illatlar. Ayrimlari esa yashirin – qalb kasalliklari kabi ma’naviy ofatlardir. Shuning uchun duoda eng muhim ofiyat – qalb salomatligi avval so‘ralgan: “Allohim, men Sendan yaqiyn (qat’iy ishonch) so‘rayman” – ya’ni to‘liq va komil ilm, shubha va gumondan xoli bo‘lgan qat’iy ishonch. Bu esa iymonning eng oliy darajasidir, dunyo va oxiratda najot aynan mana shu bilan bo‘ladi. Yaqiyn qalbga joylashsa, inson dunyodan uzilib, oxiratga mahkam bog‘lanadi.
Sufyon as-Savriy rahimahulloh aytadi: “Agar yaqin qalbga lozim darajada joylashsa edi, inson jannatga bo‘lgan sog‘inchidan uchib ketar, do‘zaxdan qochishga oshiqar edi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dinda ofiyat so‘rashlari – mo‘minning aqidasi va tavhidiga putur yetkazuvchi har qanday narsadan: fitnalar, adashishlar, shubhalar va shahvatlardan saqlanishni so‘rashdir.
Dunyoda ofiyat – inson hayotida zarar keltiruvchi musibatlar va qiyinchiliklardan omonda bo‘lishni so‘rashdir.
Oxiratda ofiyat esa – uning qo‘rqinchlari, qiyinchiliklari va jazolaridan najot topishni tilashdir.
Imom Shavkoniy rahimahulloh aytadi: “Ofiyat – Alloh taoloning bandasini himoya qilishi demakdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu duo orqali ofiyat so‘rash najot va muvaffaqiyat, jannatga erishish va do‘zaxdan najot topish yo‘li ekanini bayon qilganlar. Shuning uchun bu duo Alloh taolo huzurida eng sevimli duolardan hisoblanadi. Chunki u dunyo va oxirat yaxshiliklarini qamrab olgandir.
Ibn al-Jazariy rahimahulloh aytadi: “Aqlli inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tanlagan ushbu duoning qadrini anglasin. Kimga ofiyat berilsa, u qalbi, tanasi, dini va dunyosi bilan istagan barcha yaxshilikka yetishadi hamda ikki dunyoda qo‘rqqan barcha narsalardan saqlanadi”.
Ilyosxon AHMЕDOV