Imom Termiziy rahimahulloh o'z “Sunan”larida Oisha roziyallohu anhodan rivoyat keltiradilar: Payg'ambar alayhissalomni (sahobalar dushmanlardan) qo'riqlashar edi, Alloh taolo: “Ey, Rasul! Rabbingizdan Sizga nozil qilingan narsa (oyatlar)ni (odamlarga) etkazing! Agar (buni) qilmasangiz, Uning risolasi (topshirig'i)ni etkazmagan bo'lursiz. Alloh Sizni odamlar (zarari)dan saqlagay. Albatta, Alloh kofirlar qavmini hidoyat sari yo'llamagay” (Moida surasi, 67-oyat)ni nozil qilganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlarini chodirdan chiqarib: “Sizlar ketaveringlar, Alloh taoloning O'zi meni himoyalaydigan bo'ldi”, dedilar.
Imom Ibn Kasir rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida aytadilar: "Bu oyatning mazmuni quyidagicha: "Ey, Muhammad! Siz mening risolatimni odamlarga etkazing, Men sizni himoya qilib turaman, dushmanlaringiz ustidan g'olib kelishingiz uchun sizni qo'llab-quvvatlab turaman, hech qo'rqmang va tashvish chekmang, sizga ulardan birortasining qo'li ham etmaydi, ozor ham etkaza olmaydi"".
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Abu Jahl: "Muhammad sizlarni oldingizda yuzini erga ishqalaydimi?" deb so'radi. Unga: "Ha", deb javob berishdi. Shunda u: "Lot va Uzzo butlari haqqi hurmati qasam ichib aytaman, agar uni o'sha holatda turganini ko'rsam, bo'ynini oyog'im bilan bosaman, yuzini tuproqqa belayman", dedi. Abu Jahl kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o'qiyotgan edilar. Muborak bo'yinlarini oyog'i bilan bosmoqchi bo'lganida birdan orqasiga tisarilib ketdi va ikki qo'li bilan o'zini nimadandir qo'riy boshladi. Bu holatni ko'rganlar undan: "Senga nima bo'ldi?" deb so'rashdi. Shunda u: "Men bilan uning oramizda olovli bir o'ra paydo bo'lib, undan qo'rqinchli qanot chiqdi", deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Agar u menga yaqinlashganida, farishtalar uni burda-burda qilib tashlar edilar" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning himoyasi ostida hamrohlari Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan Makkadan yashirincha chiqdilar va Savr g'origa etib kelib, mushriklarning ayg'oqchilari ko'zidan o'sha erga yashirindilar. Mushriklar ham jon-jahdlari bilan ikkovlonni axtarib Savr g'origa keldilar. G'orning og'ziga yaqin kelgan chog'larida Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu halok bo'ldik, deb o'yladilar va Rasulullohga: "Agar birortasi oyog'ining ostiga qarasa bizni ko'rib qoladi", dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning va'dasiga qattiq ishongan holda: “Ey, Abu Bakr, uchinchilari Alloh bo'lgan ikki kishining holati qanday bo'ladi, deb o'ylaysiz?!" dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Uhud jangi kunida farishtalar Rasulullohning himoyalari uchun osmondan tushdilar. Mushriklar u zotning ustlariga yopirilib kelgan va sahobalar mag'lub bo'lib qochayotgan vaqtlari edi. Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu aytadilar: "Uhud kuni Rasulullohning o'ng va chap tomonlarida oppoq kiyinib olgan ikki kishini ko'rdim. Men ularni ilgari ko'rmagan edim, keyin ham ko'rmadim. Ya'ni, ular Jabroil va Mikoil farishtalar alayhumassalom edilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Homidjon domla Ishmatbekov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari.
Xushxulqlik – bandalikning eng ulug‘ darajasi bo‘lib, unda mardlikning chin surati namoyon bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining Rasuli sollallohu alayhi vasallamga ko‘plab fazilatlar ato etganiga qaramasdan u zot sollallohu alayhi vasallamni aynan xulqi xushlari bilan madh etdi. Alloh taolo aytadi: “Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).
Olimlar qayd etadilar: “Ulug‘ xulq degani shunday xulq hisoblanadiki, bunday xulq sohibi hech kimga nisbatan adovatda bo‘lmaydi va unda odamlarning nafratiga sabab bo‘ladigan zarracha bo‘lsa ham yomon illatning o‘zi bo‘lmaydi. Bularning barchasi Allohni tanishning yuksak darajalari tufaylidir”.
Boshqa olimlar deydilar: “Ulug‘ xulq – bu odamlarning unga nisbatan qilgan jabru jafolarini Allohdan deb bilganligi sabab ulardan ranjimasligidir”.
Olimlarning quyidagicha fikrlari ham bor: “Ulug‘ xulq – bu kishining butun borlig‘iyu e’tiborini faqat Allohga qaratmog‘idir!”.
Shuningdek, ilohiyot olimlari yuqoridagi oyatni batafsil mana bu tarzda izohlagan ekanlar:
“Ey Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, siz ulug‘ xulq sohibisiz! Bu daraja faqat sizgagina nasib etgan. Boshqa hech bir yaralmish xulqning bu darajasiga ko‘tarila olmaydi. Shuning uchun ham Siz boshqalarning qo‘lidan kelishi mahol bo‘lgan darajada matonatli, sabr sohibisiz”.
Olimlardan yana biri bu oyatni quydagicha izohlagan ekan: "Allohning xulqi bilan xulqlanganingiz uchun odamlarning tuhmati, ta’nayu malomati Sizga salbiy ta’sir etolmaydi va Siz ularning yomonliklaridan yetajak uqubatdan forig‘siz. Zeroki, o‘z kuchingiz bilan emas, Alloh aytganidek, Allohning yordami bilan toqat qilasiz".
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.