Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kishining go'zalligi uning tilidan bilinadi” (Imom Hokim rivoyati);
– “Hamma ishlaringizda to'g'ri bo'ling, odamlarga muomalada xulqingiz chiroyli bo'lsin!” (Imom Tabaroniy, Imom Hokim rivoyati);
– “Haqiqiy musulmonning qo'lidan ham, tilidan ham musulmonlar ozor ko'rishmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Siyrat kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning juda kam gapirishlari, gapirganlarida ham, bo'lib-bo'lib, aniq so'zlashlari bayon etilgan. U zot alayhissalomning muborak yuzlarini ko'rgan bir sahroyi arab: “Guvohlik beraman, bu yuz yolg'onchilarniki emas”, deb Islom dinini qabul qilgan. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam go'zal xulqli inson edilar. Ul zot bizlarni ham yaxshi xulqli bo'lishga chaqirganlar.
Hadisda: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, yaxshi so'zlarni gapirsin yoki sukut saqlasin”, deyilgan (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Dunyo va oxirat uchun foydali so'zlarni so'zlab, foydasiz gaplardan tiyilish faqat yaxshilik keltiradi. Yana Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kishining har bir eshitgan narsasini gapiraverishi gunohkor bo'lishiga kifoyadir”, deganlar.
Odam bir gapni aytishdan oldin yaxshilab o'ylab ko'rishi kerak. Agar aytmoqchi bo'lgan so'zi yaxshi bo'lsa, savob keltirsa, gapirgani tuzuk. Bordiyu aytmoqchi bo'lgani yomonliklarni qo'zg'aydigan, yaxshilikka shubha uyg'otadigan bo'lsa, tilini tiysin. Odam har bir gapi uchun javob beradi. Og'izdan chiqqan har bir so'z gapiruvchining foydasiga yoki zarariga xizmat qiladi. O'ylamasdan aytilgan so'z bilan yaqin do'st goho dushmanga aylanib qolishi mumkin.
Manba: islom.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿إِنَّ اللَّهَ ومَلَئِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ﴾
"Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar" (Ahzob surasi, 56-oyat).
Bu oyati karimadagi إِنَّ (inna) lafzi ta’kid uchun kelgan. Undan keyingi fe’l esa hozirgi va kelasi zamonni bildirib, doimiylikni anglatadi, ya’ni Alloh taolo va Uning farishtalari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga har doim salavotu salom aytib turadilar.
"Ruhul-bayon" kitobining muallifi bu oyat tafsirida bunday yozadilar: "Alloh taoloning u zoti sharifga durud yuborishidan ko‘zlangan ma’no – u zotga "Maqomi mahmud"ni ato etishidir. Farishtalarining durud yuborishidan maqsad esa u zotning darajalari va martabalarini baland bo‘lishini so‘rab duo qilishlaridir. Mo‘minlarning durud yuborishlaridagi ma’no u zoti sharifning go‘zal xulqlarini yod etib, u zoti sharifni ta’riflash uchundir".
Bu oyatlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa qanchalik mahbub ekanliklarining belgisidir. Modomiki Alloh taolo u zotni shu darajada sevar ekan, biz mo‘minlarda ham u zotning muhabbati bo‘lmog‘i lozim.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi