O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, O'zbekiston tomonidan Islom taraqqiyot banki boshqaruvchisi Sardor Umurzoqov rahbarligida ITB Boshqaruvchilar kengashining yillik anjumaniga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha tashkiliy qo'mita yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) manbasiga ko'ra, yig'ilishda anjumanga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ko'rib chiqildi.
Tashkiliy qo'mitaning tegishli kichik ishchi guruhlari rahbarlari bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot va turli yo'nalishlarda tashkiliy masalalarni hal etishning bugungi holati haqida ma'lumot berdi.
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash, ITB Guruhi va boshqa rivojlanish hamkorlari bilan munosabatlarni yanada chuqurlashtirish nuqtai nazaridan tadbirni yuqori tashkiliy va mazmun jihatidan yuqori saviyada o'tkazish muhimligi ta'kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida ko'zda tutilgan barcha sanitariya-epidemiologiya tadbirlariga rioya etish zarurligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda hal etilishi tegishli vazirlik va idoralarning o'zaro muvofiqlashtirilgan hamkorligini talab etuvchi bir qator masalalar ko'rib chiqildi. Ularni muhokama etish davomida o'zaro hamkorlik algoritmlari ishlab chiqildi va mas'ul rahbarlarga manzilli ko'rsatmalar berildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bu muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning buyuk ustozi, fazilatli Shayx Abdulloh Sirojiddin rahimahullohning hikmatli so‘zlaridir.
U zot bu nasihatni Shayx Avvomaga talabalik yillarining boshlarida aytgan edilar. Bunga sabab, Shayx Avvoma bir kecha Imom Buxoriy rahimahulloh haqida o‘qigan shubhali bir voqeaga aniqlik kiritish uchun ustozlariga murojaat qilganlari bo‘lgan.
Shayx Muhammad Avvoma bunday deydilar: “Shayx Abdulloh bizga beshinchi kursda hanafiy fiqhi bo‘yicha mashhur “Al-Ixtiyor” kitobidan dars berar edilar. Bir kuni men u kishining huzurlariga Islomga ulkan xizmat qilgan buyuk imom – Imom Buxoriy rahimahulloh haqidagi g‘alati bir rivoyatni o‘qib keldim.
Rivoyatda aytilishicha, Imom Buxoriydan bir echkining sutini emgan ikki go‘dak – bir o‘g‘il va bir qiz – keyinchalik o‘zaro nikohlanishlari mumkinmi, deb so‘rashibdi.
Hikoyaga ko‘ra, Imom Buxoriy rahimahulloh ularning nikohlanishlari mumkin emas, deb javob bergan ekanlar. Shundan so‘ng, go‘yoki shahar olimlari bu fatvoni johillik deb baholab, Imom Buxoriyni surgun qilgan emish.
Men bu voqeani Shayx Abdulloh rahimahullohga aytib berganimda, u zot xotirjamlik va donolik bilan:
— O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang, — dedilar”.
Shayx Muhammad Avvoma davom etib bunday deydilar:
“Allohga qasamki, bu so‘z men uchun ulkan saboq bo‘ldi. Bu hayot davomida amal qilishim kerak bo‘lgan bir mezon, xulqiy qoidaga aylandi. Ustozim butun boshli odob va tafakkur dasturini bitta jumlada jamlab berdilar. Men bu nasihatni bundan ellik yil avval eshitganman. Endi esa boshqalar ham undan foyda ko‘rishlari uchun keltirmoqdaman”.
Biz uchun saboq
Bu voqeadan olinadigan birinchi saboq shuki, qachonki biz shubhali yoki bilmagan ma’lumotga duch kelsak, darhol ilmli va ishonchli kishilar bilan maslahatlashishimiz kerak.
Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini tekshirishga urinmaydi. Bu esa ko‘pincha jiddiy va ayanchli oqibatlarga olib keladi. Agar ma’lumot o‘sha sohaning ishonchli mutaxassisidan bo‘lmasa, biz har qanday da’voni ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligimiz kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar tuzog‘i
Ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga mislsiz darajada keng axborot olamini taqdim etdi. Biroq uning eng katta xavflaridan biri ommaviy yolg‘on va dezinformatsiyaning tez tarqalishidir.
Ko‘pchiligimiz o‘qigan narsamizning barchasiga ishonishga moyilmiz. Holbuki, ushbu maqolaning asosiy maqsadi aynan bundan qaytarishdir.
Ba’zan odamlar xabarning mazmuniga emas, uni yuborgan kishiga qarab ishonadilar. Vaholanki, u ham bu ma’lumotni boshqa birovdan olgan bo‘lishi mumkin.
“Nusxa ko‘chirish va joylashtirish” odati
Bugungi kunda odamlarning asl manbaga murojaat qilmasdan ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatishlari odatiy holga aylangan. Bu ham noto‘g‘ri yondashuvdir.
Bunday odatning eng katta zararlaridan biri shuki, xabar bir necha qo‘ldan o‘tgach, uning asl manbasi va ma’nosi butunlay yo‘qolib ketadi. Natijada, ma’lumotning haqiqiyligi va ishonchliligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qoladi.
Aslida, bu ma’lumot ishonchlimi? Balki u boshidan oxirigacha to‘qima va asossizdir?
Shu sababli yana bir bor ogohlantiramiz:
O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!
Bu nasihatga amal qilish bugungi kunda oson emas. Chunki ko‘pchilik odamlar ularga yetib kelgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qilishga odatlanib qolgan.
Alloh taolo bizga haqiqatni anglashni, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholashni va foydali ilmga amal qilishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD