“Oqil” arabcha so'z bo'lib, u o'zbek tilida “aqlli”, “aql egasi”, “farosatli” degan ma'nolarni anglatadi. “Oqil” so'zi “O'zbek tilining izohli lug'ati”da bunday izohlanadi: “Oqil (arabcha) - aqlli, farosatli, ba'ma'ni”. Ma'lumki, o'z aqliga suyanib ish qiladigan kishini oqil kishi deyiladi. Oqil kishining o'z fikri va xulosasi bo'ladi. U hayotdagi barcha ishlarini foyda-yu zararga qarab, har bir narsani hisob-kitob bilan bajaradi.
“Dono” so'zi esa o'zbek tiliga fors tilidan o'zlashgan so'z hisoblanadi. U o'zbek tilida “donishmand”, “bilimdon”, “hikmatli” degan ma'nolarni anglatadi. “Dono” so'zi “O'zbek tilining izohli lug'ati” da: “Dono (forscha) biluvchi, bilimdon, donishmand” deb izohlanadi. Yuqori darajada bilim, tajribaga va hikmatga ega bo'lgan kishi dono deyiladi.
Ho'sh, oqil bilan dono kishining nima farqi bor?
Oqil kishi biror yomon vaziyatga tushib qolsa, bu vaziyatdan to'g'ri xulosa chiqarib, aqlini ishlatib o'zini yomon holatdan qutqazadi. Dononing oqildan farqi shuki, dono kishi o'zini bilimi va tajribasidan kelib chiqib, o'zini yomon vaziyatlarga tushib qolish ehtimoli bor joy va holatlardan asraydi.
R. Akbarov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi
#xabar #anjuman #muftiy
Joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashadi.
Anjuman doirasida Turkiy davlatlar muftiylari kengashi huzuridagi Fatvolar kengashi hay’atining majlisi, «Imom Sirojiddin O‘shiy va uning islomiy ilmlarga qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, ikki tomonlama muzokaralar, muborak qadamjolarga ziyoratlar rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro tadbirlarda ummat birligini ta’minlash, turkiy dunyo diniy idoralari va musulmonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Vengriya va Turkmaniston uning faoliyati kuzatuvchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati