Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2026   |   7 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
21 Iyul, 2026, 7 Safar, 1448

Muborak vasiyatlar: Noumid – shayton

28.04.2021   12726   26 min.
Muborak vasiyatlar: Noumid – shayton

 

Shaytondan panohlanish

Alloh taolo bandalariga shaytondan panohlanib yurish uchun ikkita alohida sura nozil qildi. Tafsir kitoblarida bu ikkisiga “mu'avvizatayn”, ya'ni, “panoh tilanadigan ikki sura” nomi berilgan.

﴿قُلۡ أَعُوذُ بِرَبِّ ٱلۡفَلَقِ١ مِن شَرِّ مَا خَلَقَ٢ وَمِن شَرِّ غَاسِقٍ إِذَا وَقَبَ٣ وَمِن شَرِّ ٱلنَّفَّٰثَٰتِ فِي ٱلۡعُقَدِ٤ وَمِن شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ٥

«(Ey Muhammad!) Ayting: “Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga, yaratgan narsalari yovuzligidan, zulmatga cho'mgan tun yovuzligidan, tugunchalarga dam soluvchi ayollar yovuzligidan hamda hasadchining hasadi yovuzligidan”» (Falaq, 1–5).

Falaq so'zi “yorish, bo'lish va parchalash” ma'nolarini anglatadi. Bu har bir yorib chiquvchi narsani: u xoh urug' yoki don yoki erni yorib o'suvchi nabotot, xoh tog'dan otilib chiquvchi buloq, xoh ona qornini yorib chiquvchi bola bo'lsin – barchasini o'z ichiga oladi. Bu erda zulmatni yorib chiquvchi tong tushuniladi.

 Bu sura maxluqotlarning yomonligidan, xususan, kechaning zulmatidan, sehrgarlardan, chaqimchilardan va hasadchilardan panoh tilashni qamragan. Mana shu narsa insonlarda nafsiy kasalliklar mavjudligi sababli ba'zilari ba'zilaridan himoyalanishi yo'lidagi ulkan foyda va etuk darsdir. Bundan tashqari, maxluqotlar yomonliklaridan va kechasi zulmat bo'lgandagi yomonliklardan, xususan, g'or va kovaklardagi qo'rqinchli maxluqotlardan himoyalanishni o'zida mujassam qilgan.

﴿قُلۡ أَعُوذُ بِرَبِّ ٱلنَّاسِ١ مَلِكِ ٱلنَّاسِ٢ إِلَٰهِ ٱلنَّاسِ٣ مِن شَرِّ ٱلۡوَسۡوَاسِ ٱلۡخَنَّاسِ٤ ٱلَّذِي يُوَسۡوِسُ فِي صُدُورِ ٱلنَّاسِ٥ مِنَ ٱلۡجِنَّةِ وَٱلنَّاسِ٦

«(Ey Muhammad!) Ayting: “Panoh tilab iltijo qilurman odamlar Parvardigoriga,odamlar Podshohiga, odamlar Ilohiga (inson Allohni eslaganda) chekinib, (eslamaganda) vasvasa qiluvchi (shayton) yovuzligidanki, (u) odamlarning dillariga vasvasa solur. (O'zi) jinlar va odamlar jinsidandir”» (Nos, 1–6).

Rivoyat qilinishicha, yahudiylardan Labid ibn A'som ismli munofiq o'zini musulmon ko'rsatib, Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib-ketib yurar va ba'zi hojatlarini ado etishda xizmat qilib turar ekan. Bir guruh yahudiylar uni qo'lga olib, Rasululloh (alayhissalom)ning to'kilgan sochlari va tarog'idan sinib tushgan tishlarini qo'lga tushiradi va shu nar­salarga sehr-jodu qilib eski bir quduqqa tashlaydi. Shundan keyin Rasululloh (alayhissalom) olti oy kasal bo'ladilar. Bir kuni ikki farishta kelib, biri tizzalari ro'parasiga, ikkinchisi bosh tomonlariga o'tirib bir-biri bilan savol-javob qiladi. Biri:

– Unga nima bo'libdi? – desa, ikkinchisi:

– Sehrlanibdi, – der edi.

– Kim sehrlabdi?

– Labid ibn A'som ismli bir yahudiy.

– Sehrni nimaga o'qibdi?

– To'kilgan sochlari va taroq tishlariga.

– Sehr o'qilgan narsalar qayerda?

– Zarvon nomli quduqda.

Shundan keyin odam yuborib ko'rsalar, haqiqatan, o'sha quduqda soch tolalari, taroq tishlari va nina suqilgan yana o'n ikkita tugun bor ekan. Shu payt Alloh taolo mazkur ikki surani nozil qildi. Jabroil (alayhissalom) suralarni har safar o'qiganida, bittadan tugun echilar edi. Shunday qilib, o'n ikki marta o'qiganida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) darddan butunlay tuzalib ketganlar (“Madorikuttanzil va haqoiqutta'vil”).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Nos, Falaq hamda Ixlos suralarini o'qib, yahudiylar sehridan asrashini Allohdan so'raganlar.

Termiziy Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo menga misli ko'rilmagan oyatlarni nozil qildi”, dedilar va “mu'avvizatayn” suralarini o'qidilar».

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Nos surasining to'rtinchi oyati tafsirida bunday degan: “Shayton odam bolasi qalbiga yopishib olgan, agar inson Allohni unutib zikridan g'ofil bo'lsa, uni vasvasa qiladi. Allohni zikr etsa, shayton o'zini chetga oladi”.

Imom Buxoriy va imom Muslim Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: “Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) e'tikof o'tirganlarida Sofiya binti Huyay (roziyallohu anho) onamiz u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning ziyorat­lariga keldi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tun bo'lganidan So­fiya onamizni uylariga kuzatish uchun chiq­qanlarida ikki ansoriyga duch keldilar. Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ko'rgach, tez yurib ketishdi. Shunda Rasululloh (sollallo­hu alayhi va sallam): “Shoshmang, bu Sofiya binti Huyay”, dedilar. Ular: “Subhonalloh, yo Rasululloh” (Alloh bizni yomon o'yga solishdan pokdir), deyishdi. Rasulul­loh (sol­lallohu alayhi va sallam): “Shayton odam bolasining qon yo'llarida yuradi. Men uning qalbingizga biror yomonlik solishidan qo'rqdim”, dedilar.

Imom Ahmad Abu Tamimadan rivoyat qiladi: «Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) bilan bir eshakka mingashib olgan edim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning eshaklari qoqilib ketdi. Men: “Badbaxt shayton”, dedim. “Badbaxt shayton”, dema. Agar “Badbaxt shayton” desang, u kibrlanib: “Buni o'z quvvatim bilan qildim”, deb semiradi. “Bismillah” desang, xorlanib, pashshaday bo'lib qoladi”, dedilar».

Bu hadis shunga dalolat qiladi, qalb qachon Allohni yod etsa, shayton xor va mag'lub bo'ladi. Agar banda Alloh zikrini unutsa, shayton kuchayadi.

Alloh taolo bizlarga rahmati bilan insu jin va shaytonlar yomonligidan saqlanish yo'llarini ushbu surada bildirgan. Shayton yomonligidan saqlanishni so'ragan kishini Alloh O'zining rububiyat, podshohlik va uluhiyat sifatlari bilan dunyo hamda oxiratda himoya qilishini bayon etgan.

Alloh taolo butun maxluqlarning Rabbidir. Ammo Nos surasida faqat “Robbinnas” ya'ni, odamlar Parvardigori, deyilgan. Buning boisi ikkita: birinchisi, ko'p insonlar o'zlarini ulug' sanaydi. Qancha ulug' bo'lishmasin, ularning Rabbi borligini eslatib qo'yishdir. Ikkinchisi, insonlar yomonligidan asrashni so'rashni buyurib, insonni odamlar yomonligidan Uning O'zigina asrashini bildirishdir.

Podshohlik va Uluhiyat sifatlarini eslatish bilan esa, insonlarning podshohlari bo'lsa-da, ularning haqiqiy podshohi Alloh taolo Uning O'zi ekanini, U Zot odamlarning yolg'iz ilohi va ma'budi ekanini bildirib, insonlar faqat Uning O'ziga sig'inib, Uning O'zidan panoh so'rashlari lozimligi bayon etilmoqda.

Ushbu surada insonni vasvasa qiluvchi jinlarning shaytoni bo'lishi aytilgan. Hasan aytadi: “Vasvasa qiluvchi ikki shaytondir. Jinlar shaytoni insonlar qalbida vasvasa qiladi. Insonlar shaytoni ochiqchasiga keladi”.

Qatoda aytadi: “Jinlardan ham, insonlardan ham shaytonlar bor. Allohdan ins va jin shaytonlari yomonligidan panoh so'rang”.

Falaq surasida Alloh taoloning bir sifati – “Robbil falaq” (“Tong Parvardigori”)ni yod etib, uch ofatdan: “zulumot kecha”, “jodugar ayollar” va “hasadchilar” yomonligidan asrashni so'rash buyurilgan. Nos surasida esa, Alloh taoloning uch sifati: “rububiyat”, “pod­shohlik” va “uluhiyat”ni yod etib, qalbga solinadigan vasvasasidan asrashni so'rash buyurilgan. Buning sababi, nafs va badan himoyasidan ko'ra, din himoyasi muhimroqdir. Dinga etgan ozgina ziyon dunyoga etgan ko'p ziyonlardan og'irroqdir.

Bu ikki suraning fazilati juda ulug' ekani muhaddislar tomonidan aytib o'tilgan.

Imom Muslim, Ahmad, Termiziy va Nasoiylar Uqba ibn Omirdan qilgan rivoyatlarida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu kechada nozil bo'lgan oyatlarga qaramaysizlarmi? Bu kabi (fazilatli) oyatlar hali ko'rilmagan. U “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralari”, deb aytdilar, deyilgan.

Imom Ahmad, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar Uqba ibn Omirdan qilgan rivoyatlarida esa: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har bir namoz so'ngida panoh so'raluvchi suralarni o'qishni buyurdilar”, deyiladi.

Imom Ahmad, Abu Dovud va Nasoiylar Uqba ibn Omirdan qilgan yana bir rivoyatda aytiladi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan birga tog' yo'llarida ketayotgan edim, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Ey Uqba, minib olmaysanmi?” deganlarida, men: “Gunoh bo'lib qolmasin, deb shafqat qildim”, dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ulovlaridan tushdilar, men uni biroz mindim. Keyin u zot (sollallohu alayhi va sallam) yana ulovlariga minib: “Ey Uqba! Men senga odam­lar o'qib yuradigan ikkita yaxshi surani o'rgataymi?” dedilar. Men: “O'rgating, ey Allohning rasuli!” dedim. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas”ni o'qib berdilar. Keyin namozga iqomat aytildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) imomlikka o'tib, namozda ham bu ikki surani o'qidilar. Bir kuni mening oldimdan o'tayotib: “Ey Uqba, har uxlash oldidan va har uyg'onganimda bu ikkita surani o'qishimga qanday qaraysan?” dedilar».

Imom Nasoiy Ibn Obis Juhaniydan qilgan rivoyatda bunday keladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey ibn Obis, senga panoh tilovchilar panoh tilaydigan narsaning eng afzali haqida xabar beraymi?” deganlarida, men: “O'rgating, ey Allohning rasuli!” dedim. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralari”, dedilar».

Suday ibn Ajlondan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Senga uchta sura o'rgataymi? U kabi suralar Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham yo'q. O'sha uch sura “Qul huvallohu ahad”, “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralaridir”, dedilar.

Imom Buxoriy va “Sunan” kitobi egalari “Shifo talab qilish bobi”da bu uch sura haqida Oysha (roziyallohu anho) onamizdan qilgan rivoyatlarida aytilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har kecha uxlashlaridan oldin “Qul huvallohu ahad”, “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralarini o'qib, kaftlariga dam urar, qodir bo'lganlaricha uni badanlariga surardilar. Boshlari, yuzlari va gavdalarining oldi tomonidan boshlardilar. Bu ishni uch marta qilardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Jabroil (alayhissalom) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, quyidagi kalimalar bilan dam soldi: “Bismillahi arqiyka, min kulli shay'in yu'ziyka min sharri kulli hasidin va 'aynin vallohu yashfiyka”. Ya'ni: “Allohning ismi ila dam solaman. Har bir aziyat beruvchi narsadan, har bir hasadchi va ko'zning yomonligidan Alloh sizga shifo bersin”.

Imom Termiziy Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu)dan qilgan rivoyatda aytilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) (ikki “Qul a'uzu…” surasi tushishidan oldin) jin va insonlarning ko'zi tegishidan panoh so'rab yurardilar. Shu ikki panoh so'raluvchi Falaq va Nos suralari nozil bo'lganidan keyin bu ikkovidan boshqa (panoh so'raluvchi duo)larni tark qildilar.

Imom Molik Oysha (roziyallohu anho)dan qilgan rivoyatda esa bunday deyiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) agar biror kasallikka chalinsalar, ikki “Qul a'uzu…” surasini o'qib, o'zlariga dam solardilar. Kasallari og'irroq bo'lganida men bu ikki surani o'qib, barakali bo'lgani uchun qo'llarini ushlab o'zlariga surar edim”.

Falaq surasining ilk oyatida jami maxluqotlar yomonligidan panoh so'rash umumiy qilib aytilgan bo'lsa, keyingilarida esa xoslab, yomonliklari ulkan bo'lgani uchun ulardan ogohlantirilgan uch toifa zikr etilmoqda. Bular zulmatga cho'mgan kechaning yomonligi, tugunlarga dam soluvchi (jodugar)lar va hasad qiluvchi hasadgo'ylardir.

Bu suradan juda ko'p narsalarni o'rganishimiz kerak, jumladan:

  1. Sura insonlarga dunyo va oxiratdagi yomonliklarning barchasidan – inson, jin, yirtqich, hasharot, olov, gunoh, nafs xohishi, ishlarning yomoni va boshqa maxluqotlar, hatto o'z nafsidagi yomonliklardan ham panoh tilash yo'l-yo'riqlarini o'rgatmoqda.
  2. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) panoh so'rab yurishlari uchun sura nozil qilinishida biror taqiq yo'q. Sehr haqidagi hadis sahihdir. Hech qachon o'sha hadis Qur'on oyatlariga zid bo'lmaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sehr qilinishlari faqat engilgina bosh og'rig'i kabi dunyoga taalluqli ba'zi holatlarda bo'lgan, xolos. Hadisdagi o'sha sehr vahima ma'nosidadir. Huddi bu vahima uyquda ham sodir bo'ladi. Ammo sehrgarlar mutlaqo aqliy boshqaruvlariga ta'sir o'tkazisholmaydi. Vahiy va risolatga ta'sir o'tkazish ilojsiz. Chunki Alloh taolo vahiyni yomonliklarning har turidan, fikrlar aralashib ketishidan va asab iztiroblari bo'lishidan saqlagan. Alloh taolo bu so'z isboti uchun Moida surasi 67-oyatda “Alloh sizni odamlardan (ularning zararidan) saqlagay”, deb aytgan.
  3. Alloh taolo panoh so'rash yo'l-yo'riqlarini o'rgatib, uch toifa narsadan panoh so'rashni xoslamoqda.

Birinchisi, zulmatga cho'mgan kechaning yomonligi. Chunki Imom Roziy zikr qilganidek, qorong'ilik tushishi bilan yirtqichlar inidan, hasharotlar makonidan chiqadi va o'g'ri-muttahamlar ham kechasi hujum qiladi. Yong'in ko'proq tunda sodir bo'ladi. Yordam beruvchilar esa kam bo'ladi. Yomonlik va fasod kishilari ham kechasi qo'zg'aladi.

Ikkinchisi, tugunlarga dam soluvchi (jodugar)larning yomonligi. Tugun kabi turli vositalar bilan odamlarga zarar etkazuvchi folbin, kohin, sehrgarlar barcha zamonlarda bo'lgan.

Uchinchisi, hasad qiluvchi hasadgo'ylarning yomonligi. Boshqalarga hasad qiluvchi hasad qilinayotgan kishidagi ne'matlar yo'q bo'lishini orzu qiladi. Bu turdagi hasad yomon sanaladi. Ammo havas qilish joiz. Chunki bunda egasidan ne'mati yo'q bo'lishini orzu qilmayapti.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mo'min havas qiladi, munofiq esa hasad qiladi”, deganlar.

Ulamolar: “Hasad amalda yoki so'zda zohir bo'lgandagina zarar qiladi. Masalan, hasad qilinayotgan kishining yomon yo'lga kirishiga sababchi bo'lish, uning yomon tomonlarini axtarish, qoqiltirish kabilardir. Birinchi gunoh Iblisning Odamga (alayhissalom) hasad qilishi oqibatida sodir bo'lgan. Shuning uchun ham hasad eng razolatli, g'azab qilingan va la'natlangan narsadir”, deb aytgan.

Ulamolar yana shunday deydi: «Sehr, ko'z tegishi, hasad va shunga o'xshash narsalarning o'zi zarar etkaza olmaydi. Balki Allohning qudrati va izni bilan bo'ladi. Bu narsalarga o'sha toifadagi kishilar zohirdagina ta'sir o'tkazadi, xolos. Alloh taolo Baqara surasi 102-oyatda: “Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar etkaza olmaslar”, degan. Bu narsalar haqiqatda ta'sir o'tkaza olmasa ham, dinimiz vabo, sil kabi zohiri yuqumli bo'lgan kasalliklardan imkon boricha ehtiyot bo'lishni talab qiladi. Huddi Umar ibn Hattob va sahobalar vabo, ko'z tegishi hamda moxovdan ehtiyot bo'lgani kabi».

  1. Aksar ulamolar dam solish joiz, degan. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bemor bo'lganlarida Jabroil (alayhissalom) kelib quyidagi so'zlar bilan dam solgan: “Bismillahi arqiyka, min kulli shay'in yu'ziyka, vallohu yashfiyka”. Ma'nosi: “Har bir aziyat beruvchi narsadan Allohning ismi ila dam solaman, Alloh shifo bersin”.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) barcha og'riqlarda va isitma chiqqanida “Bismillahil kariym, a'uzu billahil aziym, min sharri kulli 'irqin nar va min sharri harrin nar” duosini o'qishni o'rgatdilar». Duoning ma'nosi: “Buyuk Allohning nomi ila tomirdan shovullab oquvchi qonning yomonidan va do'zax o'tining yomonidan panoh tilayman”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Kim kasal ko'rgani borsa, agar ajali etmagan bo'lsa, uning huzurida “As'alullohal 'aziym Robbal 'arshil 'aziym an yashfiyaka” duosini etti marta o'qisa, Alloh taolo uni kasalidan xalos qilib, shifo beradi», dedilar. Ma'nosi: “Ulug' Allohdan, buyuk arsh Rabbisidan senga shifo berishini so'rayman”.

Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) agar kasal ko'rgani kirsalar, “Allohumma Rabbannas, azhibil ba'sa ishfi antash Shafiy, la shifa illa shifouk shifaan la yug'odiru saqoma”, deb duo o'qirdilar. Ma'nosi: “Yo Alloh, insonlarning Rabbisi, qiyinchiliklarni ketkaz, O'zing yagona shifo beruvchisan, shifo ber, shifongdan boshqa shifo yo'q, shunday shifo ber, u hech qanday kasallikni qoldirmasin”.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hasan va Husaynlarga “U'iyzukuma bikalimatillahit tammati min kulli shaytonin va hammah va min kulli 'aynin lammah” duosini o'qib panoh tilardilar. Ma'nosi: “Allohning mukammal kalimalari bilan har bir shaytondan, zararli hasharotlardan va yomon ko'zlardan siz ikkingizga panoh tilayman”.

Usmon ibn Abul Os (roziyallohu anhu) bunday deydi: «Men quvvatimni ketkazib holsiz qilib qo'ygan og'riq sababli Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga borsam, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “O'ng qo'lingni o'sha og'riyotgan joyingga qo'yib etti marta “Bismillah, a'uzu bi'izzatillahi va qudratihi min sharri ma ajidu va uhaziru”, deb aytgin”, dedilar». (Ma'nosi: “Allohning izzati va qudrati ila o'zimdagi xavfsirayotganim bu narsa yomonligidan panoh tilayman”.) Aytganlarini bajargan edim, Alloh menga shifo berdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) safar qilib, biror manzilga tushadigan bo'lsalar, “Ya arzu Rabbiy va Rabbukillahu, a'uzu billahi min sharriki va sharri ma fiyki va sharri ma yaxruju minki va sharri ma yadibbu 'alayki, a'uzu billahi min asad va asvad va hayya va 'aqroba va min sharri sokinil balad va volidin vama valad”, deb aytardilar. Ma'nosi: “Ey er, mening va sening Rabbing Allohdir, Allohning nomi bilan sening yomonligingdan, sendagi yomonlikdan, sening ichingdan chiqarilgan yomonlikdan, senda sudralib yuradiganlar yomonligidan panoh tilayman. Va yana sherdan, shaxslardan, ilondan, chayondan, erda yashovchi jinlardan, Iblis hamda shaytondan panoh tilayman”.

Yuqorida Oysha (roziyallohu anho)dan qilingan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) jasadlarini biror bemorlik bezovta qilsa, “Qul huvallohu ahad…” va ikki “Qul a'uzu…” suralarini o'qib, o'ng kaftlariga dam urib, o'sha joylariga surishlari aytib o'tildi.

Endi dam urish paytida “suf”, deyish Oysha (roziyallohu anho)dan qilingan quyidagi hadisga binoan joiz, deyildi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dam solayotganlarida “suf”lardilar”.

Imom Boqir esa, yosh bolalarga panoh tilanuvchi (ma'sur) duolarni yozib osib qo'yishni joiz, degan. Ammo ma'nosi tushunilmaydigan, noaniq yozilgan duolarni osib qo'yish man etiladi. Vallohu a'lam.

Alloh taolo barchamizni yomonliklardan O'zi asrasin, omin!

 

Noumid – shayton

Mo'min banda, agar gunohkor bo'lsa ham Allohning rahmatidan aslo umidsiz bo'lmasligi kerak. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyilgan:

﴿۞قُلۡ يَٰعِبَادِيَ ٱلَّذِينَ أَسۡرَفُواْ عَلَىٰٓ أَنفُسِهِمۡ لَا تَقۡنَطُواْ مِن رَّحۡمَةِ ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ يَغۡفِرُ ٱلذُّنُوبَ جَمِيعًاۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلۡغَفُورُ ٱلرَّحِيمُ٥٣

«(Ey Muhammad!) O'z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo'lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag'firat qilur. Albatta, Uning O'zi mag'firatli va rahmlidir”» (Zumar, 53).

Bu oyat, Ibn Kasir ta'biri bilan aytganda, kofirlar uchun ham, mo'minlar uchun ham barobar da'vatdir. Zero, kufr va shirkdan shu dunyoda tavba qilib imon keltirgan kishining tavbasi va imoni qabul qilinishi aniq. Shuningdek, mo'min bo'laturib, dengiz ko'pigidek ko'p gunoh qilgan kimsaning ham gunohlarini Alloh taolo fazli bilan kechib yuborishi mumkin ekani oyat va hadislardan ma'lumdir (Imom Ahmad rivoyati).

Shuningdek, yomonlik ortidan darhol yaxshilik qilish gunohni yuvib yuborishi ham hadislarda aytilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Oyati karimada esa:

﴿وَأَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ طَرَفَيِ ٱلنَّهَارِ وَزُلَفٗا مِّنَ ٱلَّيۡلِۚ إِنَّ ٱلۡحَسَنَٰتِ يُذۡهِبۡنَ ٱلسَّيِّ‍َٔاتِۚ ذَٰلِكَ ذِكۡرَىٰ لِلذَّٰكِرِينَ١١٤

«Kunning har ikki tarafida (ya'ni ertayu kech) va tunning bir bo'lagida namoz o'qing! Albatta, savobli ishlar gunohlarni ketkazadi. Bu yod etuvchilar uchun yodnomadir» (Hud, 114), deyilgan.

Oyat mazmunidan besh mahal namoz vaqtlari chiqarilgan. Zero, kunning ikki tarafini bomdod bilan peshin, asr namozlari vaqti, tunning bir bo'lagini esa, shom va xufton namozlari vaqti, deb ta'vil qilish mumkin (“Madorikut tanzil va haqoiqut ta'vil”).

Abu Nu'aym “Hilya”da Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Agar bir jarchi nido qilib: “Ey odamlar! Albatta, faqat bir kishidan tashqari barchangiz jannatga kirasiz!” desa, men o'sha kishi emasmikanman, deb qo'rqaman. Agar jarchi nido qilib: “Ey odamlar! Albatta, faqat bir kishidan boshqa barchangiz do'zaxga kirasiz!”, desa, o'sha bir kishi men bo'lsam, deb umid qilaman”, dedi».

Tabaroniydan rivoyat qilinadi: “Abu Farva ismli bir odam kelib Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan:

– Boshdan-oyoq gunohga botgan, qilmagan noma'qulchiligi qolmagan bir kimsa tavba qilsa bo'ladimi? – deb so'radi.

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) unga:

– Sen musulmon bo'lganmisan? – dedilar.

– Ha.

– Unday bo'lsa, bundan keyin yomonliklarni tashlaginda, hamisha yaxshilik qil. Alloh taolo sening avval qilgan gunohlaringni yaxshiliklarga aylantiradi.

– Barcha xiyonatu soxtakorliklarimni hammi?

– Ha.

U odam takbir ayta boshladi va chiqib ketdi. Keta-ketgunicha (bizga ko'rinmay qolgunicha) takbir aytdi”.

Inson hech qachon noumid bo'lmasligi kerak. Donolar: “Umidini yo'qotgan insonning boshqa yo'qotadigan narsasi yo'q”, deb bejiz aytishmagan.

 

KYeYINGI MAVZU:

Insonlardan behojat bo'lish;

Omonatga xiyonat qilmaslik

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar ham vahiyga asoslangandir

20.07.2026   4684   7 min.
Hadislar ham vahiyga asoslangandir

(vahiyning ta’rifi va turlari)

Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.


Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.


Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.


Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.


“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.


Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.


Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.


Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.


Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.


Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.


Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.


Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar


Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.


Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:


1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.


2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.


3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.


4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.


Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.


Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.


Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.


Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi

 

 

Maqolalar