Bugun, 12 aprel dushanba kuni Taroveh namozini ӯqish boshlanadi.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Tarovih – istirohat ma'nosidagi "tarviha" so'zining ko'pligidir. To'rt rakat o'qib, ortidan dam olingani uchun bu namoz shunday nomlangan.
Ramazon oyi fazilatlarga boydir. Uning fazilatlaridan biri oy davomida xufton namozidan keyin taroveh namozi o'qishdir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam taroveh namozi haqida shunday deganlar:
"إِنَّ اللهَ فَرَضَ صِيَامَ رَمَضَانَ وَسَنَنْتُ لَكُمْ قِيَامَهُ فَمَنْ صَامَهُ وَقَامَهُ إِيْمَاناً وَاحْتِسَابًا خَرَجَ مِنْ ذُنُوبِهِ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ" (رواه الإِمامُ النسائى عن عَبْدِ الرَّحْمَنِ ابن عوف، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ).
ya'ni: “Alloh taolo Ramazon ro'zasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimki imon va ishonch bilan, savob umidida ro'za tutsa va kechalari qoim tursa, onadan tug'ilgan kunidagidek gunohlardan pok bo'ladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Ramazonning kechalarida qoim bo'lish, deganda tarovih namozini ado etish tushuniladi. Demak, ixlos bilan savob umidida Ramazon ro'zasini tutib, tarovih namozlarini o'qisak, Ramazon oyi tugashi bilan onadan tug'ilgan boladek gunohlardan forig' bo'lamiz, inshaalloh.
Taroveh namozini o'qish erkaklarga ham, ayollarga ham ta'kidlangan sunnatdir. Tarovihni yolg'iz o'qish mumkin, lekin jamoat bo'lib o'qilsa, jamoatga va'da qilingan ajru savobga erishiladi. Ikki kishi ham jamoat hisoblanadi. Qancha jamoat ko'p bo'lsa shuncha savobi ham ko'p bo'ladi.
Tarovih namoziga azon va takbir aytilmaydi.
Tarovihning rakatlari: Taroveh yigirma rakatdir. Har ikki rakatdan so'ng salom beriladi. To'rt rakatdan o'qish ham joiz. Har to'rt rakat o'qilgandan so'ng to'rt rakat namoz o'qiladigan muddatcha dam olish mustahab. Ushbu istirohat paytida tasbih, tahlil aytish afzal. Bizning yurtimizda quyidagicha tasbihni uch marta aytish odat bo'lgan: Subhaana zil mulki val malakut. Subhaana zil 'izzati val 'azomati val qudroti val kibriyayayai val jabarut. Subhaanal malikil hayyillazi laa yanaamu valaa yamuut. Subbuhun quddusun robbunaa va robbul malaaikati varruh. Laa ilaaha illallohu nastag'firulloh, nasalukal jannata va na'uzu bika minan-naar.
Ushbu tasbihni bir kishi o'qiydi, qolganlar quloq soladi. Tasbihni yod olgunga qadar kitobdan o'qisa ham bo'ladi. Yuqoridagi tasbehning o'rniga kishi o'zi bilgan duolarini o'qishi yoki jim turishi ham mumkin.
Tarovihning vaqti – Hufton va uning sunnatidan keyin boshlanib tong otgungachadir. Tarovihni vitrdan oldin o'qish afzal. Vitrdan keyin o'qisa ham joiz. Yolg'iz namoz o'qiguvchi kishi Ramazonda ham vitrni yolg'iz o'qishi mumkin.
Tarovihning niyati – “Ikki rakat taroveh namozini o'qishni niyat qildim, yuzimni qiblaga qaratdim, xolisan lillahi taolo Allohu akbar”. Agar imomga iqtido qiladigan bo'lsa, niyatga “ushbu imomga iqtido qildim” degan jumlani qo'shadi.
Tarovihda qiroat – Ramazon oyida Taroveh namozi o'qish davomida Qur'oni karimni bir marta xatm qilish sunnatdir. Qur'oni karimni to'la yod olmagan kishi har rakatda “Fotiha” surasidan so'ng o'zi yaxshi bilgan surani o'qishi mumkin, hatto “Fotiha” surasidan boshqa faqat bitta surani bilgan kishi Tarovihning har rakatida shu surani zam sura qilishi mumkin.
Tarovih namozini jamoat bo'lib o'qilsa, imom ovoz chiqarib qiroat qiladi. Unga iqtido qilganlar qiroat qilmasdan tinglab turadi. Tarovihni yolg'iz o'quvchi erkak kishilar esa ixtiyorli, xohlasa ovoz chiqarib, xohlasa ovozsiz qiroat qiladi.
Vitr namozini faqat Ramazon oyida jamoat bo'lib o'qiladi. Bunda imom vitrning har uch rakatida jahriy qiroat qiladi. Qunut duosini imom ham, muqtadiylar ham ichlarida o'qiydilar (“Al-Fatovol hindiyya” va “Fathu bobil inoya” kitoblari). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent islom instituti dots.nti va poytaxtimizdagi "Mulla Xolmirza ota" masjidi imom-xatibi Abdurasul domla Abdullayevning turmush o‘rtog‘i, Toshkent shahar Olmazor tumani otinoyisi Mavjuda hoji onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumaning yaqinlariga, xususan, Abdurasul domla Abdullayevga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", degan sabrlilarga xushxabar bering».
Janoza namozi bugun, 4 aprel kuni Olmazor tumani "Do‘stjonboy" jome masjidida peshin namozidan so‘ng o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz