Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o'ta saxiy zot bo'lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur'onni ta'lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo'lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga muruvvat ko'rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Afsuski, hayotimizdagi barcha mayda ishlarni ham e'tibordan chetda qoldirmay hisob-qitob qilamiz-u, biroq ramazon oyi rejasini tuzishni unutamiz. Oqibatda dunyo va oxirat uchun foydali bo'lgan yaxshilikdan beparvolik sababli mahrum bo'lamiz. Zero, oxiratning obodligi bu dunyoni obod qilish bilan boshlanadi. Abadiy saodatga erishish uchun ibodatlarni go'zal tarzda ado etishga odatlanish lozim. Shu sababli, mo'min-musulmonlarning Ramazon oyining har bir kunduziyu kechasini o'tkazish tartibini rejalashtirib olishlari maqsadga muvofiq.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Buxoro viloyatidagi imom-xatiblar va imom noiblarining Qur’on qiroati hamda tajvid bo‘yicha bilim va malakalarini yanada oshirish maqsadida maxsus o‘quv kursi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Qur’on qiroati va tajvid” fani bo‘yicha yetuk ustozlari tomonidan olib borilmoqda.
Ushbu kurs orqali ishtirokchilar Qur’on tilovatini to‘g‘ri, ravon va qoidalarga muvofiq o‘qish borasida o‘z bilimlarini mustahkamlab, amaliy ko‘nikmalarini yanada rivojlantiradilar.
Bu kabi ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar diniy soha vakillarining malakasini oshirish, jamiyatda sof islom ta’limotlarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati