Bugungi kunda dunyoning ayrim etakchi davlatlari “tinchlik uchun” shiori ostida amalga oshirayotgan zo'ravonlik, qo'poruvchilik va bosqinchilikka asoslangan ba'zi hatti-harakatlari tinchlikka olib bormasligi aniq bo'lib bormoqda. Aksincha, tinchlikka urush va nizolarga barham berish orqali erishiladi. Davlatlar va xalqlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning umume'tirof etilgan umuminsoniy qoidalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning eng to'g'ri va samarali yo'li hisoblanadi.
Ammo turli ziddiyatlarni keltirib chiqarish va shu yo'l bilan o'z maqsadlariga erishishni ko'zlaydigan kuchlar borligini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Shunday kuchlar bor ekan, nizoli vaziyatlarni sun'iy ravishda vujudga keltirishga qaratilgan harakatlar ham to'xtamaydi. Bu har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va xushyorlikni, sodir bo'layotgan hodisalarga ziyrak ko'z bilan qarashni talab etadi.
Tinchlikka rahna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon etkazish, toifalarga bo'linib o'zaro nizolashishning qoralanishi ham islomning tinchlik haqidagi ta'limotining asosini tashkil etadi. Hususan, Qur'oni karim “Hujurot” surasining 9-oyatidagi o'zaro nizolarni yarashish, kelishish yo'li bilan hal etish, jamiyatdagi tinchlikka tahdid qilishda, tajovuzkorlik va zo'ravonlikda davom etadiganlarga nisbatan qat'iy va tezkor choralar ko'rish zarurligi qayd qilinganini ta'kidlash muhimdir.
Qur'oni karimdagi “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida,2), degan oyat ham yuqoridagi mulohazaning o'rinli ekanini ko'rsatadi.
Halq orasida fitna qo'zg'atish, to'hmat va ig'vo tarqatish yo'lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Shuning uchun ham bunday harakatlar islomning mohiyatiga mutlaqo zid ekani Qur'oni karim “Baqara” surasining 191-oyatidagi “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, degan ko'rsatma hamda “Nur” surasining 11-21-oyatlarida mish-mish tarqatganlar uchun bu dunyo va oxiratda tayinlangan jazolar haqida xabar berilib, unga ishonganlar ham qattiq malomat qilingani haqidagi qaydlar yuqoridagi fikrlarning to'g'ri ekanini tasdiqlaydi.
Tinchlikni saqlash uchun har bir kishi mas'ul, uni saqlab qolish va mustahkamlash uchun har kim o'z hissasini qo'shishi lozim. Hususan, halol mehnat bilan sifatli va mo'l hosil etishtirgan dehqon, odamlar yoki yuklarni qoidalarga amal qilgan holda beshikast, eson-omon o'z manziliga etkazish oddiy haydovchining barqarorlik va osuda hayotni mustahkamlashga qo'shgan munosib hissasi ekani isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Jumladan, Qur'oni karimda: “Agar mo'min bo'lsangiz (bilib qo'yingizki), Allohning (halol kasbdan) qoldirgani sizlar uchun yaxshidir. Men esa, sizlarga (boyliklaringizga) qo'riqchi emasman”(Hud, 86), deya qayd etilgan.
Bu oyat bilan halol mehnat, peshona teri bilan orttirilgan boylikning barakali bo'lishi haqida bayon etilmoqda. Shu bilan birga, xoh moddiy, xoh ma'naviy boylik bo'lsin uning qo'riqchisi – halol kasb, halol mehnat ekani ta'kidlanmoqda. Demak, o'z kasbi va burchiga vijdonan yondashuv tinchlik va barqarorlikni ta'minlashning zaruriy sharti hisoblanadi.
Qo'shnilar o'rtasida o'zaro hurmat, samimiyat va do'stlik osoyishta hayot, yurt tinchligini ta'minlashning asosidir. Zero, qo'shnilar o'rtasidagi o'zaro mehr-oqibat mahalladagi ahillikka, o'z navbatida, bu yurt tinchligiga zamin yaratadi. Shuning uchun ham, islomda qo'shnichilik munosabatlariga ham alohida e'tibor qaratilgan. Bu haqda Qur'oni karim “Niso” surasining 36-oyatida shunday deyiladi: “Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo'shni-yu, begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.
Hadislarda ham “Qo'shnisi uning yomonliklaridan omonda bo'lmagan kishi jannatga kirmaydi”, deb ta'kidlanadi. Demak, inson qo'shnilari bilan tinch-totuv va o'zaro mehr oqibat bilan hayot kechirishi, uning ikki dunyo saodatiga erishishiga sabab bo'ladi.
Yuqoridagi kabi da'vatlar ayrim hududlarda notinchlik, beqarorlik, xunrezlik va xudkushliklar hukm surayotgan hozirgi davrda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash o'z-o'zidan bo'lmayotganini anglashga, o'zaro yanada inoq va ahil bo'lib yashashga undaydi.
Ogoh va hushyor bo'lib yashash tinchlikni ta'minlash, turli xil ko'ngilsizlik va xavfu xatarlarni oldini olishning zaruriy sharti hisoblanadi. Zero, g'ofillik va beparvolik turli noxushlikliklarga zamin yaratadi. Shuning uchun ham Alloh taolo tafakkur qilmaydigan, o'zining kim ekanini anglab etmaydigan, bugunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida qayg'urmaydigan, beparvo va beg'am kimsalarni “A'rof” surasining 179-oyatida: “… Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko'zlar bor, (lekin) ular bilan “ko'rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan bilan “eshitmaydilar”. Ana o'shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o'shalar g'ofillardir”, deb ta'riflaydi.
Islom olamining e'tiborli ulamolari tomonidan mo''tabar manbalar asosida berilayotgan raddiyalarni tan olmayotgan turli yo'nalish va firqalarning a'zolari ham yuqoridagi oyatda keltirilgan kimsalarga qiyoslash mumkin.
Tinchlikni ulug' ne'mat deb e'lon qilgan dinimizda bu yo'lda nafaqat amal bilan, balki so'z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.
Rivoyat qilishlaricha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Musulmon kishi shuki uning tilidan va qo'lidan musulmonlar ozor chekmaydilar!”, deb marhamat qilganlar. Bu bejiz emas, albatta. Zero, so'z, ya'ni tildan etadigan zarardan avval zikr etilishi, qo'l bilan boshqalarning faqat bu dunyosi – salomatligi, oilasi, mulkiga zarar etkazish mumkinligiga, til bilan insonlarni turli buzg'unchi g'oyalarga targ'ib qilish, kishilarni to'g'ri yo'ldan chalg'itish orqali ikki dunyosini barbod etish mumkin ekani ta'kidlanmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi kunda ayrim firqa va toifalarning musulmonman, deb turgan xalqning ichida parokandalik, oilasida ziddiyatlarni keltirib chiqarishga qaratilgan urunishlar islomning asl mohiyatiga butunlay ziddir.
Demak, bunday harakatlarga qarshi kurashish, jaholatga qarshi ma'rifatni qo'yish ham tinchlikni mustahkamlashga qo'shilgan munosib hissa hisoblanadi.
Yuqoridagilarning zamirida shuni anglash lozim bo'ladiki, Islom dini nafaqat firqalarga bo'linish va jamiyatdagi hamjihatlik va barqarorlik, tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqarib, o'zaro tushunmovchilik, adovat va nizolarni keltirib chiqarishga, balki unga zamin yaratilishiga ham qarshi ekani ayon bo'ladi.
Ma'rufxon Aloxodjayev,
“Abdulqodir qori” jome
masjidi imom xatibi
Atrof-muhitni muhofaza qilish – bu inson salomatligi va tabiatning barqarorligini ta’minlash maqsadida atrof-muhitni asrashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidir. Bu sohadagi faoliyat tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv sifatini nazorat qilish, bioxilma-xillikni saqlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Alloh bizlarni yashab turgan zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, buzg‘unchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytarib, Qur’oni karimda: «...yer yuzida buzg‘unchilik qilish hamda ekin va naslni halok etish uchun harakat qiladi. Alloh esa buzg‘unchilikni suymas», – degan (Baqara surasi, 205-oyat).
Shariatimizda tuproq, suv, havo va tabiatni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish singari hukmlar keltiriladiki, bu bizlarga ibrat namunasi bo‘lishi lozim. Xususan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», – deganlar (Abu Dovud rivoyati). Aytish joizki, hech bir oriyatli, iymon-e’tiqodli inson ushbu muborak hadisda zikr etilgan nomaqbul ishlarni qilishga botinmaydi. Aksincha, shunday ishni qilayotgan kishini ko‘rgan vaqtda darhol unga tanbeh berib, bunday qilish nomaqbul ekanligini tushuntiradi.
Dinimizda buyurilgan ishlarga qonunlarimiz ham mos keladi. Konstitutsiyamizga ko‘ra yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.
Atrof-muhitdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy qoidalarni belgilaydigan va umumiy tartibga soluvchi normalar tizimida Konstitutsiya normalari alohida o‘ringa ega. Unda mamlakatning ekologik strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, ekologik talablarni ta’minlash kafolatlari va aholining ekologik xavfsizligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ekologik normalar tizimi o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga fuqarolarning ekologik huquqlari (49-modda), fuqarolar atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini (62-modda) kiritish mumkin.
49-moddaga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga fuqarolarda o‘z salomatligi va kelajak avlodning salomatligi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, salomatligini atrof muhitning zararli ta’siridan muhofaza qilish huquqi mavjud. Ayni paytda fuqarolar tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 62-moddasida fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi shart.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. 2023 yil 31 mayda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning inson salomatligiga zarari oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
2024 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, chiqindilar bilan ishlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish va ekologik nazoratni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu sohadagi konstitutsiyaviy normalar va tamoyillarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda barqaror rivojlanishini ta’minlash fuqarolarning salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan. Davlat organlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning bu jarayondagi faol ishtiroki esa ekologik muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.
Jahongir Xatamov,
O‘MI Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i